Jahon | 22:02 / 04.10.2021
58203
11 daqiqa o‘qiladi

Fotogalereya: Afg‘onistondagi hayot toliblar hukmronligi davrida qanchalar o‘zgardi?

Afg‘oniston bir oydan ortiq vaqt davomida qat'iy tartib o‘rnatgan «Tolibon» harakati hokimiyati ostida yashamoqda. RBK ular Afg‘onistonda hukumatga kelgandan keyingi hayotni aks ettiruvchi fotogalereyani taqdim etdi.

Toliblar 1996 yildan 2001 yilgacha bo‘lgan davrda ham mamlakatni boshqargan. O‘shanda harakat musiqa chalish va tinglashni, tasviriy san'at bilan shug‘ullanishni, internetdan foydalanishni taqiqlab qo‘ygandi. Ayollar o‘qishi va ishlashiga, erkaklar — soqolini olishiga ruxsat berilmagan. Rejimga qarshi chiqqanlar shafqatsizlik bilan jazolangan va o‘ldirilgan. Bu safar hokimiyatga kelganida toliblar so‘nggi 25 yilda jiddiy o‘zgarishganiga ishontirishdi, ammo mahalliy aholi vakillarining hikoyalariga ko‘ra, jangarilarning o‘tmishdagi ko‘plab talablari takrorlanmoqda.

Foto: Felipe Dana / AP

Toliblar 15 avgust kuni Kobulga kirishgach, bankomatlarda uzun navbatlar yuzaga keldi, shahar ko‘chalari bo‘ylab avtomobillar kuzatildi — odamlar zudlik bilan poytaxtni tark etishga shoshilardi. «Tolibon» hokimiyatga qaytishidan olti hafta o‘tib ham ko‘chalardagi trafik bilan bog‘liq vaziyat aytarli o‘zgargani yo‘q. Kobul hamon transport harakatlanishi qiyin bo‘lgan shahar bo‘lib qolmoqda. Toliblar hokimiyatga kelgach, poytaxtda, boshqa hududlarda, shuningdek, chegaralarda o‘z nazorat-o‘tkazish punktlarini o‘rnatishgan. O‘zbekiston bilan chegaradan boshlanuvchi yo‘l bo‘ylab 16ta nazorat-o‘tkazish punktlari joylashgan. Toliblar kirib keluvchilarning hujjatlarini tekshiradi, ular qayerdan kelayotgani va qayerga yo‘l olganiga qiziqadi. Ayrim guvohlarning aytishicha, bunday postlarda toliblar boshqa mamlakatlarning hukumatlari bilan hamkorlik qiluvchi odamlarni topish uchun ularning ism-shariflarini tekshiradi.

Foto: Felipe Dana / AP

Toliblar hokimiyatga qaytgach, Afg‘onistonda benzin narxi keskin qimmatlashdi. Global Petrol Prices xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, iyun oyi oxirida bir litr benzin narxi taxminan 52 afg‘oniy (58 sent atrofida)ga sotilgan, endilikda bir litr yoqilg‘i narxi Kobuldagi ayrim yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 70 afg‘oniyga (76 sent atrofida) ko‘tarilgan. Shahar ko‘chalarida qo‘lda benzin sotuvchilar ham ko‘payib qolgan. Ular sotayotgan mahsulot sifati yomonroq bo‘lsa-da, arzonroq — bir litr yoqilg‘ini 47-54 afg‘oniyga xarid qilish mumkin (53-60 sent atrofida).

Foto: Bernat Armangue / AP

Afg‘oniston iqtisodiyoti holati toliblar kelguniga qadar ham yomonlashgandi. 2017 yilda mamlakat aholisining 55 foizi qashshoqlik yoqasida edi, 2020 yilda ularning ulushi 72 foizgacha yetdi. Ammo BMT taraqqiyot dasturining eng noqulay prognozlaridan biriga ko‘ra, 2022 yil o‘rtalariga borib, Afg‘onistonda aholining 97 foizi qashshoqlik chegarasiga tushib qolishi mumkin.

Foto: Felipe Dana / AP

Hozirda mamlakatda odamlar o‘z uyidagi mebellar va boshqa uy jihozlarini, sotish mumkin bo‘lgan har qanday ro‘zg‘or buyumlarini olib chiqib sotuvchi yoyma bozorchalar ko‘paygan. Aljazeera telekanalining qayd etishicha, hashamatli restoranlar va do‘konlar joylashgan kvartallar huvillab qolgan.

Suratda: Kobul tashqarisidagi Deh Sabz tumanida joylashgan g‘isht zavodi xodimlari / Bernat Armangue / AP

Kobul atrofidagi Deh Sabz tumanida g‘isht pishitish bilan shug‘ullanuvchi ishchilar korxonada ishlab chiqarish to‘xtab qolmagani, ammo xaridlar kamaygani haqida aytishgan. Bu yerda oyiga o‘rtacha 700 ming, yarim yilda — 4,2 million dona g‘isht ishlab chiqariladi. Bunday korxonalarda yollanma ishchilar mehnat qilishadi, Associated Press ma'lumotiga ko‘ra, ularning ayrimlari — norasida bolalar. Bu yerdagi ishchilarga ish hajmidan kelib chiqib maosh to‘lanadi. Masalan, Nangarhor viloyatida g‘isht tayyorlovchilar kuniga 1000-1500 afg‘oniy (taxminan 11-16 dollar) ishlab topishadi.

Foto: Felipe Dana / AP

Toliblar Kobulni olgandan keyin o‘tgan vaqt ichida ayollarning tanasi va yuzini yopadigan an'anaviy kiyimlari uchun narxlar ham oshib ketgan. Jangarilarning avvalgi boshqaruvi davrida ayollarga paranjisiz ko‘chaga chiqish taqiqlangandi — bu taqiqqa amal qilmagan qoidabuzarlar toshbo‘ron qilingan. «Tolibon» avgust oyida hokimiyatga qaytgach, harakat rasmiylari ayollarning ishlashi va ta'lim olishiga ruxsat berilishi, ammo ular hijob kiyib yurishlari kerakligini aytgandi. Bu bayonotdan keyin ayollarning kiyimlari 900 afg‘oniydan (10 dollardan ko‘proq) 1,5 ming afg‘oniygacha (17 dollar atrofida) ko‘tarilib ketdi.

Suratda: «Tolibon» bayroqlarini tutib olgan ayollar Kobul universitetidagi ta'lim markazida toliblarning hukumatini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan aksiya vaqtida / Felipe Dana / AP

Toliblarning ayollarga o‘qish va ishlashga ruxsat berish haqidagi va'dalariga qaramay, masalan, Hirot viloyatida maktablar katta sinf o‘quvchilari uchun yopilgan, oliy ta'lim muassasalariga qizlar va ayol o‘qituvchilarni kiritish to‘xtatilgan. Kobul shahri ma'muriyatining ayol xodimlariga uyda qolish tavsiya etilgan, The New York Times nashrining yozishicha, Kobul universitetida «Aqllar sizib chiqib ketishi» kuzatilmoqda — o‘qituvchilarning yarmi yoki ishdan bo‘shab ketgan, yoki ketgani haqida xabar qilgan. Toliblar hukumatda ayollarga ham joy berilishini va'da qilishgandi, lekin keyinroq ular bunday ehtimolni istisno etishdi va ayollarning ishi — farzandlarni dunyoga keltirish va islom arkonlari bo‘yicha ularni tarbiyalash ekanligi aytildi.

Suratda: Kobuldagi masjidlarning birida juma namozi vaqtida poyabzal tozalash xizmatlarini taklif etayotgan qizaloq / Bernat Armangue / AP

Afg‘onistondagi Save Children tashkiloti vakili Kristofer Nyamandining ma'lum qilishicha, toliblar 7 yoshdan katta qizlar uchun maktablar yopilishi vaqtinchalik holat ekanini, ular o‘quvchi qizlar ta'lim olishi uchun zarur sharoitlar yaratilishi ustida ishlanayotganini aytishgan. So‘nggi 20 yillikda maktabga boruvchi qizlar soni sezilarli darajada oshgandi va toliblar bu jarayonni ortga qaytarishi juda qiyin, deb hisoblaydi Nyamadi. Tashkilotning kuzatuvlariga ko‘ra, ayrim viloyatlarda «Tolibon» vakillari ushbu masalada moslashuvchan siyosat olib bormoqda, ammo ayollarning o‘qishi va ishlashi taqiqlanayotgan viloyatlar ham bor.

Suratda: Kobulliklar Chaman-e-Xozoriy parkida kriket o‘ynamoqda / Bernat Armangue / AP

«Tolibon»ning avvalgi boshqaruvi paytida Afg‘onistonda amalda barcha sport turlari taqiqlangan, ammo 2000 yilda kriket bo‘yicha o‘yinlar o‘tkazilishiga ruxsat berilgandi. Bu sport bo‘yicha musobaqalar Afg‘onistonda XIX asrda britaniyaliklar tomonidan ommalashtirilgan, 1995 yilga kelib milliy kriket federatsiyasi tashkil etilgan, olti yil o‘tib, toliblar hali boshqaruvda ekanida federatsiya Xalqaro kriket kengashiga a'zo bo‘lgandi. 3 sentabr kuni Kobulda toliblarning ikkinchi hukmronligi davrida ilk marta kriket bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Tribunalarda musobaqani tomosha qilish uchun to‘rt ming muxlis tashrif buyurdi, ularning orasida birorta ayol yo‘q edi.

Foto: Bernat Armangue / AP

Toliblar kriket bo‘yicha erkaklar jamoasiga boshqa davlatlar jamoalari bilan bellashishga ruxsat bergan va hatto jamoaning noyabr oyida Avstraliyaga qarshi sinov uchrashuvi o‘tkazishini qo‘llab-quvvatlagan. Ammo «Tolibon»ning madaniyat bo‘yicha komissiyasining sobiq rahbari Ahmadulloh Vosiqning ma'lum qilishicha, afg‘on ayollariga sport bilan, xususan kriket bilan shug‘ullanishga ruxsat berilishi amrimahol. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu sport turida ularning yuzi yoki badanining bir qismi ochilib qolishi mumkin va bu islom normalariga to‘g‘ri kelmaydi.

Hozirda toliblar kriket o‘ynagan ayollarni izlamoqda, sportchilar esa ularning ta'qibidan yashirinishga majbur, deya xabar bergan BBC. Xalqaro kriket kengashi esa o‘zi bilan hamkorlik qiluvchi barcha milliy jamoalardan ayollar jamoasiga ham ega bo‘lishni talab qiladi, sinov uchrashuvlarida kengash a'zolari uchun o‘rnatilgan qoidalarga amal qilganlargina ishtirok etishi mumkin. Yakunda Avstraliya Afg‘oniston bilan o‘yinni mamlakat hukumati ayollar sportiga bo‘lgan munosabatini qayta ko‘rib chiqquniga qadar vaqtincha boshqa muddatga qoldirdi. Afg‘oniston kriket federatsiyasi rahbari Azizulloh Fazliy toliblar ayollarning mazkur sport turi bilan shug‘ullanishini rasman taqiqlash yoki ushbu qarorni o‘zgartirish borasida bir to‘xtamga kelmaganini aytib, erkaklar jamoasi dekabrda Avstraliya bilan o‘zaro o‘yin o‘tkazishiga umid bildirgan.

Foto: Felipe Dana / AP

Toliblar kelgach, tashqi ko‘rinishga taalluqli cheklovlar erkaklarni ham chetlab o‘tmadi. Aljazeera nashri qayd etishicha, ular ham g‘arbcha kiyinishni to‘xtata boshlagan. Avvalgi davrda davlat xizmatchilari zamonaviy kiyimlarda yurishni afzal ko‘rgan bo‘lsa, endi ular ham an'anaviy libos - uzun ko‘ylak va shimni (shalvor-kamiz) ma'qul ko‘rishmoqda. Toliblarning o‘zi ham shunday kiyimlarda yurishadi, transport harakatini tartibga solish va nazorat-o‘tkazish punktida xizmat qiluvchi jangarilar esa ko‘k rangli kamuflyaj formalarda ishlashadi.

Foto: Bernat Armangue / AP

Toliblarning erkaklarga nisbatan qat'iy qoidalari faqat kiyinish bilan cheklanmadi. CNN mahalliy departamentga asoslanib xabar berishicha, Hilmand viloyatida sartaroshlarga mijozlarning soqolini olish va ish vaqtida musiqa qo‘yish taqiqlangan. Kobuldagi eng katta salonlardan birining egasi ham faoliyatida shunday taqiqqa uchragan.

Kobuldagi qochqinlar lagerida oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilmoqda / Bernat Armangue / AP

«Tolibon» Afg‘onistonni nazoratiga olgach, minglab kishilar o‘z uylarini tark etgan, BMT ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat ichkarisida qochqinga aylanganlar soni 550 mingga yetadi. Iyul oyidan boshlab qishloq hududlar aholisi Kobul va katta shaharlar tomon harakatlandi, poytaxtdagi qochqinlarning aksar qismi G‘azni va Logar viloyatlariga mansub. Ichki qochqinlar lagerlarida plastik bo‘laklardan yasalgan bir palatkada bir necha kishi yashayotgan holatlar ham uchraydi. Bunday hududlarda ichimlik suvi muammo, odamlar gigiyena qoidalariga ham rioya qilishmaydi. Pandemiya boshidan buyon Afg‘onistonda COVID-19ga chalinish bilan bog‘liq 155 ming holat qayd etilgan, 7,2 ming kishi kasallikdan vafot etgan, ammo haqiqiy raqamlar aslida kattaroq bo‘lishi mumkin - lagerlardagi bemorlar test topshirishi imkoni yo‘q.

Mavzuga oid