Jahon | 11:21 / 10.10.2021
3421
4 daqiqa o‘qiladi

Iroqda ilk bor hukumat a'zolarisiz parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi

10 oktyabrda Iroqda muddatdan oldin parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Vakillar kengashidagi 329ta deputatlik mandatiga 3,2 mingdan ko‘proq nomzod, jumladan 951 ayol da'vogarlik qilmoqda.

Foto: EPA/ALI ABBAS

83 ta saylov okrugida parlamentdagi o‘rinlar uchun 109 ta partiya va asosan diniy-milliy alomat bo‘yicha shakllantirilgan 21 ta koalitsiya kurash olib boradi. Koalitsiyalar orasida 7 ta shia, 4 ta sunniy va 2 ta kurd koalitsiyasi bor. 

Iroqda muddatdan oldin parlament saylovlari o‘tkazilishiga ehtiyoj 2019 yil kuzda mamlakat hukumatga qarshi norozilik namoyishlari girdobida qolgandan keyin paydo bo‘ldi. Namoyishlar 2018 yildagi saylovlar natijalariga ko‘ra shakllantirilgan vazirlar mahkamasining iste'fosiga olib kelgan. 

Dastlab 6 iyunda o‘tkazilishi rejalashtirilgan saylovlar o‘ta yuqori xavfsizlik sharoitida o‘tadi. Jumladan, mamlakatda ushbu kun barcha chegara o‘tish joylari va aeroportlar yopiladi.

40 mlnlik Iroqda saylov huquqiga 27 mlnga yaqin fuqaro ega. Biroq ekspertlarning fikricha, aholining hukumatga ishonmaslik darajasi yuqoriligi va iqtisodiyotdagi davomiy inqiroz sababli saylovlardagi davomat 40 foizdan oshishi dargumon.

Iroqda 2003 yilda Saddam Husayn tuzumi qulagandan keyin mamlakat siyosatida shia partiyalar va ular tomonidan tuzilgan koalitsiyalar yetakchi rol o‘ynay boshlagan.

Jumladan, joriy saylovlarda shia imomi Muqtado as-Sadr boshchiligidagi “sadrchilar” harakati koalitsiyasi g‘alaba qozonish uchun katta imkoniyatga ega. Ushbu harakat an'anaviy ravishda ijtimoiy adolat o‘rnatilishi, maktab va shifoxonalar qurilishi va Iroqning ishlariga xorijdan aralashmaslikni talab qilib keladi.

Sunniy alyanslar ichida nufuzli tadbirkor Hamis al-Hanjar boshchiligidagi “Azm” koalitsiyasi ajralib turadi. Ayni vaqtda al-Hanjar korrupsiya bo‘yicha ayblovlar sababli BMT sanksiyalari ostiga tushgan bo‘lib, Eron va Qatar bilan yaxshi munosabatlarga ega.

Saylovlar oldidan Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy ularni “o‘zgarishlar uchun tarixiy imkoniyat” deb atagan. Shu munosabat bilan Iroq rahbariyati har bir saylov uchastkasida xavfsizlikni ta'minlash uchun jiddiy ishlar olib bordi. Saylovlarda ig‘vogarlik va teraktlar sodir etilishi oldini olish maqsadida kuch tuzilmalarining 250 mingdan ko‘proq xodimi xizmat olib boradi.

E'tiborlisi, joriy saylovlarda Saddam Husayn tuzumi ag‘darilgan 2003 yildan keyin tug‘ilgan iroqliklar ilk bor ishtirok etadi.

Shuningdek, Iroqning zamonaviy tarixida birinchi marta amaldagi hukumat a'zolari saylovlarda ishtirok etmaslikka qaror qildilar. Ular saylovlarning maksimal ochiq-oydin va adolatli o‘tishini ta'minlashni maqsad qilishgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, saylovlar borishi ortidan 85 ta davlatdan mingdan ko‘proq vakil kuzatuv olib boradi. Jumladan, BMTning o‘zidan saylovlarga 900 kuzatuvchi jo‘natilgan.

Ta'kidlanishicha, saylovlar natijalariga yakun yasash va ularni e'lon qilish Iroqdagi vaziyatning keyingi rivojiga katta ta'sir ko‘rsatadi. Avvalgi tajribalarning ko‘rsatishicha, u yoki bu siyosiy kuchning saylovlar natijalaridan qoniqmasligi mamlakatda ommaviy noroziliklar va inqirozga olib kelishi mumkin.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid