O‘zbekiston | 13:12 / 16.10.2021
2779
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati «mahallabay» ishlash bo‘yicha namuna bo‘lishi shart - Prezident

Toshkent viloyatida kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun zarur infratuzilma, moliyaviy resurs, aholida yetarli tadbirkorlik salohiyati mavjud. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun yoshlarni yangi biznes ko‘nikmalariga o‘rgatish, mahallalarda ishlarni tizimli tashkil etish zarur. Saylovoldi dasturi doirasida men har bir viloyatga borganimda yangi “mahallabay” ishlash tizimini tushuntirib kelyapman. Bu borada Toshkent viloyati “mahallabay” ishlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha namuna bo‘lishi shart.

Har bir mahallada joriy etilayotgan hokim yordamchilari lavozimiga ko‘zi yonadigan, ishbilarmon, yangiliklarni joriy etishdan qo‘rqmaydigan, shashti baland yoshlarni tanlab olamiz va oylik maoshini munosib qilib beramiz. Ularda zarur mablag‘, vakolat va mexanizmlar bo‘ladi.

Birinchi bo‘lib, hokim yordamchilari: mahallada uyushmagan yoshlar, ishsizlar, bo‘lajak tadbirkorlar ro‘yxati va ehtiyojlarini aniqlaydi; ularni kasb-hunarga o‘qitishni tashkil qiladi va pulini to‘lab beradi; o‘z ishini boshlayotganlarga zarur uskunalar olishga ko‘maklashadi; banklar bilan birga, oilaviy tadbirkorlik loyihalarini ishlab chiqish, kredit olish va ishga tushirish bo‘yicha yordam beradi. Tumanni ko‘rmagan odam qanday qilib rahbar bo‘ladi? Odamlarni rozi qiladigan, ishsizlikni kamaytiradigan, bemorlarni davolanishiga ko‘maklashadigan, ta'limga e'tibor beradigan – eng muhimi, mahallada o‘zini ko‘rsatgan odamni men jamoamga olaman. Bo‘lmasa kerak emas! Qog‘ozda maqtab ishga oladigan vaqt o‘tib bo‘ldi.

Umuman olganda, viloyatda kichik biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash keskin ko‘paytiriladi. Jumladan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun har yili 1 trillion so‘m imtiyozli kredit resurslari ajratiladi, xalqaro moliya tashkilotlaridan 60 million dollar jalb qilinadi, tadbirkorlarga kredit foizini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha yana 100 milliard so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar, loyihalar amalga oshirilishiga qarab, har yili ko‘paytirib boriladi.

Ishsizlik yuqori bo‘lgan Bo‘ka, Pskent, Oqqo‘rg‘on, Bekobod tumanlarida yangi tadbirkorlik sub'yektlari uchun, 2025 yil 1 yanvarga qadar yer, mol-mulk, aylanmadan olinadigan soliqlar 1 foiz, foyda solig‘ining amaldagi stavkasining 50 foizi miqdorida belgilanadi. Bekobod va Oqqo‘rg‘on tumanlarini rivojlantirish dasturlari qabul qilinib, ularga budjetdan yiliga 100 milliard so‘m ajratiladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Mavzuga oid