O‘zbekiston | 09:35 / 26.10.2021
12499
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda prezident o‘z belgisi va shtandartiga ega bo‘lishi belgilab qo‘yildi

"O‘zbekiston Respublikasi prezidenti faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunga qo‘shimcha kiritildi.

Kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti O‘zbekiston Respublikasi prezidentining belgisi va shtandartiga (bayrog‘iga) ega bo‘ladi.

Prezident belgisi va shtandarti (bayrog‘i) tavsifi, ulardan rasmiy foydalanish tartibi prezident tomonidan belgilanadi. Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

Ma'lumot o‘rnida, shtandart – maxsus turdagi bayroq. Xorijiy davlatlarda u prezidentlik belgisi (ramzi) hisoblanadi. Shtandart (bayroq) prezident ishtirok etadigan barcha muhim tadbirlarda, inauguratsiya (qasamyod qabul qilish) paytida hamda prezident qarorgohlarining binolari va xizmat xonalarida ko‘tariladi. 

Prezident belgisi – prezidentning farqlovchi rasmiy belgisi. Bu belgi prezidentlik lavozimiga saylangan shaxsni o‘z lavozimiga yuklatilgan og‘ir vazifalarni samarali amalga oshirishida xalq va jamiyat tomonidan bildirilgan ishonch belgisi sifatida xizmat qiladi. Prezident belgisi ushbu lavozimga saylangan shaxsga lavozimga kirishish chog‘ida u qasamyod qabul qilganidan so‘ng topshiriladi va konstitutsiyaviy vakolat muddati tugagunga qadar prezidentda saqlanadi.

Mavzuga oid