O‘zbekiston | 11:19 / 02.11.2021
8182
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onalik vunderkind: u mental arifmetikadan jahon chempioni bo‘lgan

Muhammadaziz Sodirov Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi 27-maktabning 5-sinfida tahsil oladi. U 2018 yilda Moskva shahrida o‘tkazilgan «ALOHA mental arifmetika» xalqaro musobaqasida 5–7 yosh toifasida Toni Tots bosqichi bo‘yicha chempion bo‘lgan.

«Mental arifmetikaga 6 yoshimdan beri boraman. Ilk marta buvim olib borgan. Mental arifmetikaga borganimdan so‘ng, bunga qiziqib qolib astoydil shug‘ullanganman. Musobaqalarga qatnashganman. Ilk musobaqam Toshkentda bo‘lgan. Unda 1-o‘rinni olib kelganman. Keyin Moskvaga yo‘llanma olganman. 2018 yilda Moskvada bo‘lgan musobaqaga borganman. 39 davlat qatnashgan musobaqada chempion bo‘lib kelganman. Keyin Xitoyda 43 ta davlat vakillari qatnashgan musobaqada 3-o‘rinni olganman.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

O‘z tengdoshlarimga mental arifmetika bilan shug‘ullanishni maslahat beraman. Chunki mental arifmetika arifmetik misollarni tez yechishga, fanlarni o‘zlashtirishga yordam beradi. Hattoki, chet tilini o‘rganishda ham asqatadi. Eng asosiysi, u insonni mehnat qilishga o‘rgatadi», — deydi mental arifmetika bo‘yicha jahon chempioni Muhammadaziz Sodirov.

Foto: Kun.uz

Muhammadazizning otasi Akmaljon Oxunov oddiy taksichi. Orttirgan mablag‘ini farzandlarining bilim olishiga sarflaydi. Muhammadaziz ayni paytda Ispaniyada bo‘lib o‘tadigan musobaqaga tayyorgarlik ko‘ryapti.

Foto: Kun.uz

U mental arifmetikadan tashqari pianino to‘garagiga boradi. Haftada bir kun buvisi Madina Zufarova bilan Toshkentga borib mental arifmetikadan dars olib keladi.

Muhammadaziz rasm chizishni ham xush ko‘radi. U dars tayyorlash rejimiga qat'iy amal qiladi. Muhammadazizning bo‘sh vaqti deyarli yo‘q.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid