O‘zbekiston | 16:14 / 09.11.2021
22002
12 daqiqa o‘qiladi

Asossiz rashk. Undan qanday qutulish mumkin?

Turmush o‘rtog‘ini rashk qilish darajasi sog‘lom va samimiy me'yorlardan kam yoki ortiq bo‘lsa, bu xotirjam oilaviy hayot kechirishga yo‘l bermaydi, ko‘plab holatlarda juftlikning hayoti urush-yarash o‘yinidan iborat bo‘lib qoladi.

Rashk – yoqimli his, kimgadir kerakligingni, qadringni sezib yashaysan. Inson turmush o‘rtog‘ining rashkiga qarab uning muhabbati qay darajada ekanini belgilashi ham bor gap. Biroq oramizda Otelloni yo‘lda qoldiradiganlar ham oz emas.

Rashk o‘zi nima?

Rozaliya Gabdulhakova, psixolog:

“Rashk – juda keng tushuncha. Turli xalqlar madaniyatida rashk turlicha talqin qilinadi. Bizdagi rashk tushunchasi bilan Yevropadagi rashk tushunchasi tubdan farq qiladi. Yevropada rashk o‘z juftiga ishonchsizlik, gumonbozlik deb baholanadi. Bizda esa juftliklar o‘rtasida bu tushuncha o‘zaro bir-birlarini asrashga yordam beradigan tushuncha hisoblanadi.

Masalan, ayolini rashk qilgan erkak uni kartoshka uchun bozorga yubormasligi, erkaklar ko‘p bo‘ladigan o‘rinlarda uni asrashi, o‘sha ishlarni o‘zi bajarishi rashkning ijobiy jihatlaridir. Yoki ayol o‘z turmush o‘rtog‘ini ozgina rashk qilishi tufayli erkak o‘zini kerakli va muhimroq his qiladi”.

Vasvasaga aylangan rashk

Ayollarni ko‘pincha his-tuyg‘ular boshqaradi. Ularga berilib ketish oqibatida ba'zan rashk vasvasaga aylanishi mumkin.

Anonim erkak suhbatdosh:

“Ayolim bilan ko‘ngil qo‘yib turmush qurganmiz, ikki nafar farzandimiz bor. Ikkalamiz ham davlat idoralarida xizmat qilamiz. Bir qaraganda hammasi yaxshi va bizdan baxtiyor oila yo‘qday... Ammo xotinimning bo‘lar-bo‘lmas narsalarga ham rashk qilaverishi sabab oxirgi paytda hatto ajrashish haqida ham o‘ylay boshladim.

Buni bitta voqea misolida tushuntirib bera qolay... Xotinim kasal bo‘lib qoldi va uni o‘zim bilgan tanish klinikadagi tanish shifokorga olib bordim. Borganimizda bizdan avval ikki kishi turgan ekan, ulardan keyin navbatda turdik. Shu vaqt yoshgina bir ayol keldi-da, negadir men tarafga qarab salom berdi va navbatda oxiri kimligini so‘radi. Shu payt boshlandi-yu... Nega faqat menga salom bergani, nega mendan so‘ragani va hokazolar. Ayol nima deyishni bilmasdan uyalib nari ketishga hozirlansa ham, xotinim qo‘yay demasdi. Birpasda u ayol mening jazmanim ekani va men ularni bitta shifokorga olib kelganim “ayon bo‘ldi”. Bu xotinim tomonidan qanday to‘qib chiqarilgan bo‘lsa, shunday ishonch bilan aytildi.

U ayolni tanimasligimni, uyam meni tanimasligini ming marotaba takrorlasam ham shovqin ko‘tardi. Bo‘layotgan shovqin-suronni eshitib ichkaridan tanish shifokor ham chiqib keldi. Nima deyishni, qanday o‘zimni oqlashni bilmasdim. Orada bir begona ayol tuhmatga qolib o‘tiribdi. Xullas, yer yorilmadi, kirib ketmadim. Qabulga ham kirmasdan orqaga qaytdik, ming pushaymon edim o‘zimcha mehribonlik qilib birga borganimdan.

To‘g‘ri, er-xotin urishi – doka ro‘molning qurishi deyishadi. Lekin bu kabi voqealar odamning esidan chiqmas ekan. Har safar esimga tushganda bir karra mehrim soviydi meni o‘sha yerda uyaltirib qo‘ygani uchun. Keyingi paytlarda tushuntirishlar foydasiz ekanini bilib, indamay qo‘ydim. Bo‘lmasa ishonchni yo‘qotadigan hech narsa bo‘lmagan oramizda, doim oilamni, farzandlarimni birinchi o‘rinda ko‘rganman. Bu asossiz shubhalar, o‘rinsiz rashk nimadan ekanini bilmayman. Psixologga olib borish kerakdir degan fikrlar ham kelyapti-yu, ammo bunaqa sabab bilan borish noqulay”.

Sabablar

Ikki juftning o‘rtasida kechadigan rashk tuyg‘usi samimiy va toza bo‘lishi kerak. Ammo ba'zida rashk shubha, gumon, ishonchsizlik oqibatida kelib chiqadigan rashk oraga sovuqchilik solib, munosabatlarni parchalashga olib boradi.

Rozaliya Gabdulhakova, psixolog

“Ortiqcha rashk er yoki ayolning o‘z hayotida bo‘lgan yomon voqealar ta'sirida kelib chiqadi. Agar erkakda yoshligida ayollar haqida noto‘g‘ri: ayollar o‘z fikriga ega emas, ular juda tez yomon yo‘lga kirib ketishi mumkin degan fikrlar bo‘lsa, u xotinining har bir qadamini tekshirishi, unga erkinlik bermasligi mumkin. Bunday rashk sababli er-xotin tinch yashay olmaydi, rivojlana olmaydi. Oila davrasida o‘tkazilishi lozim bo‘lgan eng baxtli davrlar aynan rashk sababli tinimsiz muhokamalardan iborat bo‘lib qoladi.

Ba'zida ayollarda ham shunday rashk uchrab turadi. Ayol ham yoshlikda ko‘rgan voqealari natijasida erkaklarga ishonmaydi va doim eridan ham xiyonat kutadi. Eri boshqa ayolni topishi va o‘zi qolib ketishdan qo‘rqib yashaydi. Doim erini tekshirib, doimiy xavotirdan tinchlana olmaydi.

Agar odamda shunaqa nevrotik buzilishlar bo‘lsa, ya'ni doim shubha-gumonlar bilan yashasa, bora-bora shu tushuncha juftining ongiga singib boradi. Oqibatda jufti bir kunmas bir kun rostdan ham unga xiyonat qilishi mumkin”.

Rashk sabab bo‘layotgan ajrimlar

Dilbar Mavlonova, sudya

“Nikohdan ajratish masalalariga eng ko‘p sabablardan biri bu – rashk. Asossiz rashk sabab kelib chiqayotgan urush-janjallar oilaviy munosabatlarning keskinlashuviga, o‘zaro hurmatning yo‘qolishiga olib kelyapti.

Hatto erini ovsinidan rashk qiladigan ayollarimiz ham bor. Shunaqa asossiz va ortiqcha shubhalar oilada nizolar kelib chiqadi. Bilishmaydiki, bu holatlar oilani parokanda qilishi, bolalar ongida ruhiy zarbalar saqlanib qolishi mumkin.

Ayol kishida ham rashk shu darajada kuchli bo‘lishi mumkinki, ba'zida sud ostonasigacha yetaklab keladi”.

Ayol o‘z qiziqishlarini topa olmasa...

Rozaliya Gabdulhakova, psixolog:

“Ayol kishi faqat erini tekshirish, uni kuzatish bilan band bo‘lib qolishining sababi – ayolning hayotida mazmun yo‘qligidan kelib chiqadi. Ya'ni ko‘pchilik ayollarimiz uyda o‘tirishadi. Uyda o‘tirganda ham kimningdir o‘z qiziqishlari bor, kimdadir esa yo‘q. Shunda uning ishi faqat turmush o‘rtog‘ini tekshirish: qachon onlayn, qachon oflayn bo‘ldi, ijtimoiy tarmoqda kimga layk bosdi-yu, qayerda izoh yozganini tekshirish bilan ovora bo‘ladi.

Afsuski, bu hol ayol uchun juda og‘ir. Chunki u rashk sababdan o‘z hayotida bemalol yashab o‘ta olmaydi. Jufti ishda bo‘lgan, hayoti davom etayotgan bir paytda ayolning hayoti to‘xtab, u qiynalish, ruhan azoblanishdan iborat bo‘ladi”.

Islom va rashk

Shubha va gumonlarga asoslangan rashk Islom dinida ham qattiq qoralanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rashkda ham ijobiy va salbiy oqibatlar borligini ta'kidlaganlar. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar:

“Rashkning Alloh azza va jalla yaxshi ko‘radigani ham bor, yomon ko‘radigani ham bor. O‘zini ko‘rsatishning ham Alloh azza va jalla yaxshi ko‘radigani bor va Alloh yomon ko‘radigani bor. Alloh azza va jalla yaxshi ko‘radigan rashk shubha sababli bo‘lgan rashkdir. Alloh azza va jalla yoqtirmaydigan rashk esa shubhasiz bo‘lgan rashkdir”. (Imom Termiziy rivoyati).

Ya'ni behuda gumon, ig‘volarga asoslangan rashk barchaga kulfat keltiradi, shu bois Alloh uni yomon ko‘radi. Rashk bilan gumonbozlikni aralashtirmaslik kerak.

Tavsiyalar

Rashkning foyda va zararlarini bildik. Rashkimiz bizga zarar keltirmasligi uchun nima qilish kerak? O‘z hislarimizni qanday boshqarish haqida psixolog fikri bilan qiziqdik.

Rozaliya Gabdulhakova, psixolog:

“Agar rashk inson hayotiga xalal beradigan bo‘lsa, u bilan kurashish kerak. Eng avvalo, bunga sababni aniqlash kerak. Ba'zi holatlarda o‘tmishda olingan ruhiy zarbalar oqibatida ham asossiz rashk kelib chiqishi mumkin. Shunday vaziyatda psixolog bilan ishlash samara beradi. Chunki bu o‘rinda rashkning sababi uning juftida emas, odamning o‘zida bo‘ladi.

Hattoki shunday vaziyatlar uchraydiki, rashk uchun biron-bir asos bo‘lmagan holatlarda ham er yoki xotin sababsiz rashk qiladi va doim shu tufayli g‘alvalar kelib chiqadi. Hayot urush-yarash o‘yinidan iborat bo‘lib qoladi. Bunda erkakning ayolidan ko‘ngli qoladi yoki ayolning ham eri shunaqa bo‘lsa, sabri tugab oila ajrim yoqasiga kelib qolishi mumkin.

Ba'zi vaziyatlarda erkakda asossiz rashkning kelib chiqishiga sabab uning hayotida yuz bergan omadsizliklar, nimagadir erisha olmagani bo‘lishi ham mumkin. Bunday paytda ayol eriga yordam berishi kerak. Har qanday holatda ham ayoli uni qadrlashi, sevishini bilgan erkak xotirjam bo‘ladi va bu e'tibor natijasida o‘zini muhimroq his qilib, ayolini sababsiz rashk qilishi kamayadi.

Xuddi shu holatning aksini ayollarda ham ko‘rish mumkin. Ya'ni ayol kishi eridan yetarli darajada mehr-e'tibor topmasligi ham rashkka sabab bo‘lishi mumkin. Juftlar orasida o‘zaro ishonch bo‘lishi uchun ular bir-birlarini boricha qadrlashi, sevishi va bir-biriga bu haqida aytib turishi judayam muhim. Erkakning o‘z ayoliga ana shunday gaplarni ta'kidlashi, aytib turishi ayolning xavotirini yo‘qotib, xotirjamlikni oshirishga yordam beradi.

Ko‘p erkaklar emotsional emas, ular aql bilan ish yuritadi. Lekin ayolga nisbatan ozgina maqtov aytish, “sen menga keraksan”, “yaxshiyam borsan” kabi jumlalar orqali ayol o‘zini muhim va kerakli his qilishiga yordam beradi. Bu orqali ayol nafaqat o‘zini kerakli his qiladi, balki yaxshi onaga ham aylanadi. Erkak kishi bu yo‘l bilan farzandlariga yanada yaxshiroq onani ham ta'minlab bergan bo‘ladi. Chunki xotirjam ona erini rashk qilishga sarflaydigan kuchini farzandlariga, yaxshiroq ona, yaxshiroq beka bo‘lishga yoki yaxshiroq inson bo‘lib rivojlanishga xotirjam sarflay oladi”. Psixolog Rozaliya Gabdulhakovaning Instagram akkaunti: @psixolog_rozaliya

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Tasvirchi – Muhiddin Nido.

Mavzuga oid