Iqtisodiyot | 13:33 / 09.11.2021
61997
6 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyoda eng qimmat benzin O‘zbekistonda sotilmoqda. Nima uchun?

O‘zbekistonda benzin narxi Turkmaniston va Qozog‘istonga nisbatan 2 barobar qimmatroq. Bu holatni mas'ul tashkilotlar bozordagi erkin talab va taklif qonuniyati natijasida shakllangan deb baholashmoqda. Iqtisodchining fikriga ko‘ra, benzin va neft mahsulotlari importi ma'lum shaxslar tomonidan monopollashtirib olingan va ular bozorga o‘z shartlarini qo‘ymoqda.

Foto: Global Look Press

Yil boshidan beri benzin eng ko‘p darajada qimmatlashgan nooziq-ovqat mahsulotlaridan biri hisoblanadi. Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oy davomida ushbu mahsulot narxi 13,5 foizga qimmatlashgan. Bu oxirgi ikki yil davomidagi eng yuqori o‘sish sur'ati hisoblanadi.

Shuningdek, benzin narxlari o‘tgan yil dekabriga nisbatan 1,5 barobar hamda yillik nisbatda 1,6 barobar oshgan.

Ishlab chiqarish va import hajmi kamaydimi?

Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, o‘tgan yilga nisbatan ishlab chiqarish ham, import hajmi ham sezilarli miqdorda ko‘paygan. Xususan, 2021 yilning 1 oktabr holatiga ko‘ra, 815 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslanganda (2020 yilning yanvar-sentabr oylarida 769,1 ming tonna) 46,1 ming tonnaga ko‘proq.

Shuningdek, joriy yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga qiymati 104 mln dollarga teng bo‘lgan 289 mln litr avtomobil benzini import qilingan. Import miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 137 mln litrga oshgan.

Qo‘shni mamlakatlarda narxlar qanday?

Globalpetrolprices.com sayti ma'lumotlariga ko‘ra, 1 noyabr holati bo‘yicha yuqori sifatli 1 litr benzin narxi Turkmanistonda 4594 so‘mni, Qozog‘istonda 4931 so‘mni, Rossiyada 7555 so‘mni, Qirg‘izistonda 7811 so‘mni, Afg‘onistonda 8946 so‘mni, Turkiyada 8979 so‘mni tashkil etgan. Tojikistondagi narxlar bo‘yicha ma'lumotlar berilmagan. O‘zbekistonda esa 9796 so‘m ekani qayd etilgan. Narxlar solishtirilganda ko‘rish mumkinki, O‘zbekistonda benzin narxi Turkmaniston va Qozog‘istonga nisbatan 2 barobar qimmatroq.

Joriy yil boshidan beri O‘zbekistonga asosan Rossiya (140,5 mln litr), Turkmaniston (126,8 mln litr) va Qozog‘istondan (16 mln litr) avtomobil benzini import qilingan.

Birgina Turkmaniston yoki Qozog‘istondan import qilish misolida tahlil qilinsa, narxlar O‘zbekistonga nisbatan ancha arzon.

Davlat bojxona qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, tovarlar nomenklaturasining 2710 12 412 0 kodi (TIF TN kod) bilan tasniflanuvchi «AI-90 markali benzin» mahsulotlarini olib kirganlik uchun 0 foiz miqdorida import bojxona boji, tonnasiga 275 000 so‘m miqdorida (1 litrga taxminan 300 so‘m atrofida) aksiz solig‘i hamda 15 foiz miqdorida qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkalari belgilangan. Barcha soliqlar va logistik xarajatlarni hisoblaganda ham import mahsulotining narxi juda baland.

Kun.uz bog‘langan iqtisodchi Abdulla Abduqodirovning fikricha, benzin va neft mahsulotlari importi ma'lum shaxslar tomonidan monopollashtirib olingan va ular bozorga o‘z shartlarini qo‘yyapti.

Narxlar oshishini mas'ul davlat tashkilotlari qanday izohlamoqda?

Energetika vazirligi Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, hukumatning tegishli qarorlari bilan (2017 yil 15 noyabrdan boshlab AI-92, AI-93, AI-95 va AI-98 markali, 2019 yil 15 avgustdan boshlab AI-91 markali, 2020 yil 1 maydan boshlab AI-80 markali avtomobil benzini) chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingan va ushbu mahsulotlarni neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshirilishi belgilangan. Ta'kidlanishicha, joriy qimmat narxlar bozordagi erkin talab va taklif qonuniyati natijasida shakllangan.

«O‘zbekneftgaz»ga qarashli AYoQShlarda AI-80 benzin yo‘q yoki peshingacha tugab qolayotgani haqidagi e'tirozlar ham ko‘paydi. Ushbu holat kompaniya axborot xizmati tomonidan quyidagicha izohlanmoqda:

«O‘zbekneftgaz» AJning «UNG Petro» korxonasiga qarashli AYoQShlarda benzin nisbatan arzon narxda bo‘lgani (6000-6300) sababli iste'molchilar tomonidan xarid qilib olinishi hajmi avvalgi oylarga qaraganda sezilarli darajada oshgan. Lekin tizimdagi biron AYoQShda benzin uzilishiga shu vaqtga qadar yo‘l qo‘yilmadi va bu qattiq nazoratga olingan. Agar shunday holatga duch kelsangiz, iste'molchilar quyidagi telefon raqamiga (71 200 01 24) murojaat qilishlari mumkin».

Qo‘shimcha qilinishicha, benzinni sotishning bozor mexanizmi joriy etilishi sababli benzinning chakana narxi raqobat sharoitida erkin shakllanib, unga birja savdolari orqali xarid qilingan ulgurji narx, AYoQShning sotish bilan bog‘liq xarajatlari va foydasi hamda amaldagi qonunchilikda ko‘rsatilgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar ta'sir ko‘rsatishi natijasida shakllangan.

Markaziy bank ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilda jahon neft bozorida narxlarning o‘sish tendensiyasi kuzatilgan. Brent markali neft narxi 2021 yil boshidan sentyabrgacha bo‘lgan davrda 55 foizga (1 barrel neft uchun 51 dollardan 79 dollargacha) oshgan. Ushbu omil ham O‘zbekistonda benzin narxlari oshishiga qisman ta'sir ko‘rsatgan.

Aytish mumkinki, hozirda benzin narxi oshishi keskin e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Toshkent shahridagi yonilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 markali benzin narxi 6200 so‘mdan 7900 so‘mgacha, yuqori oktonli mahsulot narxi esa ayrim joylarda allaqachon 10 ming so‘mdan oshib ketdi. Taqqoslash uchun, eng kam ish haqi O‘zbekistonga nisbatan bir necha o‘n barobar yuqori bo‘lgan AQShda ayni paytda sifatli benzin narxi 10500 so‘mga to‘g‘ri keladi.

Yuqori benzin narxi iqtisodiyot uchun juda ham xatarli. Chunki benzin narxi oshishi proporsional tarzda iste'molni kamaytirmaydi va barcha tovar va xizmatlar bahosiga bosim o‘tkazadi.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid