O‘zbekiston | 10:15 / 16.11.2021
9102
2 daqiqa o‘qiladi

Qamchiq dovonida kuchli qor yog‘ishi kutilayotgani ma'lum qilindi

“O‘zgidromet” Qamchiq dovoni bo‘yicha shoshilinch axborot bilan chiqdi.

Foto: Kun.uz

Ma'lum qilinishicha, 17 noyabr kuni A-373 «Toshkent – O‘sh» avtoyo‘lining Qamchiq dovoni hududida qor ko‘rinishida yog‘ingarchilik kuzatiladi.

Qayd etilishicha, vaqti-vaqti bilan kuchli yog‘ingarchilik bo‘ladi, tuman tushadi, ko‘rinuvchanlik 50 metrgacha pasayishi mumkin.

“O‘zgidromet” ma'lumotiga ko‘ra, shamol tezligi 17–22 m/s, ba'zan 25-27 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, avtoyo‘lda yaxvonlik va qor uyumlari yuzaga kelishi mumkin.

Avvalroq, hafta o‘rtalarida ob-havo keskin yomonlashishi kutilayotgani xabar berilgandi.

16 noyabrda O‘zbekiston shimoliy hududlariga, 17-18 noyabrda respublika barcha hududiga Volgabo‘yi orqali Rossiyaning Yevropa hududi (Moskva viloyati) ustida shakllangan nam va sovuq havo massasi kirib keladi.

17 noyabrda O‘zbekistonning barcha hududlarida yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi, qorga aylanadi, tog‘oldi va tog‘li hududlarda ba'zi joylarda kuchli bo‘ladi. Harorat kechasi va kunduzi 0-5 daraja iliqqacha, shimolda kechasi 5-8 daraja sovuqqacha, kunduz kuni 0-3 daraja sovuqqacha pasayadi.

18-19 noyabrda O‘zbekiston hududi bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat respublikaning tog‘li hududlarida 18 noyabrda qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik saqlanib turadi. Harorat kechalari 5-8 daraja sovuqqacha, shimolda 12-15 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduz kunlari 0-5 daraja iliq, shimolda 0-3 daraja sovuq atrofida saqlanib turadi.

Mavzuga oid