Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ko‘paytiriladi
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, O‘zbekistonda 2026 yilga qadar quyosh va shamol elektr stansiyalari umumiy quvvati 8 ming megavattga yetkaziladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 noyabr kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish va sohani rivojlantirish masalalari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
«Ma'lumki, neft, gaz kabi an'anaviy energiya manbalarining zaxirasi cheklangan. Qolaversa, ularning tabiatga zarari ham ko‘p. Shu bois rivojlangan davlatlar «yashil» energetikaga o‘tmoqda. Bunday sa'y-harakatlar nafaqat bugun, balki kelajak uchun juda muhim.
Mamlakatimizda ham bu borada katta ishlar boshlangan. 2019 yil 21 mayda «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida» qonun qabul qilinib, soha rivojiga asos yaratildi. Xorijiy investorlar jalb etilib, ko‘plab istiqbolli loyihalar ishlab chiqildi.
Joriy yil avgustda Navoiy viloyatida yurtimizdagi ilk quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Kelgusi oyda Samarqandda yana bir shunday stansiya foydalanishga topshiriladi.
Umuman, 2022-2024 yillarda 3 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga, jami quvvati qariyb 3 ming megavattli 10ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini barpo etish rejalashtirilgan.
Yaqinda Shotlandiyaning Glazgo shahrida bo‘lib o‘tgan iqlim bo‘yicha xalqaro sammitda O‘zbekiston 2030 yilgacha issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot bir birligiga to‘g‘ri keladigan ulushini 2010 yilga nisbatan 35 foizga kamaytirish tashabbusini e'lon qilgandi. Buning uchun barcha asoslar bor. Xususan, 2026 yilga qadar mamlakatimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari umumiy quvvatini 8 ming megavattga yetkazish choralari ko‘riladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Yig‘ilishda ushbu maqsad yo‘lidagi vazifalar, loyihalarni amalga oshirishning moliyaviy va tashkiliy jihatlari muhokama qilingan.

Kelgusi yilda Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida jami 900 megavattli yana 5 ta quyosh elektr stansiyasini barpo etish bo‘yicha investorlar tanlovi yakunlanadi.
Davlat rahbari, avvalo, shu loyihalarga e'tibor qaratib, ularni o‘z vaqtida ishga tushirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Energetika vazirligiga xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda yangi loyihalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Prezident yirik sanoat korxonalari ham o‘z ta'minoti uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari tashkil etishi zarurligini ta'kidladi. Shuningdek, aholi va tadbirkorlarning qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishini qo‘llab-quvvatlash kerakligi aytildi.
Kelgusida quriladigan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish uchun butlovchi qismlar va materiallarni yurtimizda ishlab chiqarish orqali ham loyihalarni arzonlashtirish, ham mahalliy korxonalar uchun bozor yaratish mumkin. Shu bois bunday mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Bo‘lajak elektr stansiyalarini sifatli ishlatish uchun malakali muhandis va xodimlar ham zarur. Davlat rahbari bu ishlarni hozirdanoq boshlash muhimligini ta'kidlab, Navoiy shahrida kadrlar tayyorlash markazini tashkil etish, oliy ta'lim muassasalaridagi o‘quv dasturlarini zamonaviy talablar asosida yangilash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Yig‘ilishda Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish strategiyasi taqdimoti o‘tkazildi.
Mavzuga oid
14:04 / 26.08.2025
Iordaniya podshohi O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi
19:30 / 10.02.2025
Buxoroda magistral gaz quvurida kelib chiqqan yong‘in to‘liq o‘chirildi
13:48 / 10.02.2025
Buxoroda magistral gaz quvurida avariya ro‘y berdi
15:48 / 08.02.2025