Jahon | 07:52 / 25.11.2021
13172
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada mehnat migrantlari uchun patent narxi oshadi

Patentning narxi oyiga 5341 rubldan 5900 rublgacha ko‘tariladi.

Foto: RIA Novosti

2022 yildan boshlab Moskvada mehnat bozorining hududiy xususiyatlarini aks ettiruvchi koeffitsiyent oshadi, bu koeffitsiyent asosida chet el fuqarolarining mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga patent narxi hisoblab chiqiladi. Bu haqda Moskva hukumati vaziri, shahar iqtisodiy siyosat boshqarmasi boshlig‘i Kirill Purtov ma'lum qildi.

Qabul qilingan qonunga muvofiq, mehnat bozorining hududiy xususiyatlarini aks ettiruvchi koeffitsiyent 2022 yilda 2,3878 dan 2,4832 gacha oshiriladi. Bu patent narxini oyiga 5900 rublgacha oshiradi. Oldingi narx - 5 341 rubl - 2020 yilda o‘rnatilgan va bu yil o‘zgarmadi.

2021 yilning birinchi yarmida mehnat migrantlari uchun an'anaviy bo‘lgan tarmoqlar – qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligida rasmiy ish haqi 2020 yilga nisbatan 9,5 foizga oshdi. Shu munosabat bilan patent qiymatini mutanosib ravishda indeksatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Xarajatlarning oshishi muhojirlarga soliq yukini tenglashtirish va Rossiya mehnat bozoridagi ish o‘rinlarini himoya qilishga yordam beradi. Qo‘shimcha budjet daromadlari taxminan 1,7 milliard rublni tashkil etadi.

2015 yilda Rossiyaga vizasiz rejimda kiruvchi Ukraina, Moldova, Ozarboyjon, Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari uchun ishga joylashish uchun patentlar joriy qilingan. Joriy yilning 10 oyi davomida Moskvada 528 ming patent berildi, shahar budjetiga shaxsiy daromad solig‘i ko‘rinishida kelib tushgan mablag‘ miqdori 16,2 milliard rublni tashkil etdi. O‘z navbatida, 2015 yildan beri berilgan mehnat patentlari soni 3 milliondan oshdi, budjetga 107 milliard rubldan ortiq soliq o‘tkazildi, dedi Kirill Purtov.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid