Jahon | 15:55 / 26.11.2021
27145
9 daqiqa o‘qiladi

Afrika va Hongkongda yangi shtamm, JSST shoshilinch yig‘ilish chaqirdi

JARda koronavirusning yanada yuqumli yangi mutatsiyasi aniqlandi. Ayrim mutaxassislar vaksinalar unga qarshi samarali bo‘lmasligidan xavotirda. Covid-19’ning yangi to‘lqini markazida qolgan Yevropa qayta emlash va bolalar buster vaksinalari dasturini o‘tkazmoqda. Bularning bari ish navbatdagi lokdaunga qarab ketayotganini anglatadi.

Joel Saget / AFP / Scanpix / LETA

Dunyoda koronavirusni yuqtirib olish holatlari asta-sekin o‘sib bormoqda. Jon Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 28 kunda qariyb 14 million kishi Covid-19’ni yuqtirib oldi, 201 ming kishi vafot etdi. Haftadan haftaga kasallanganlar soni ortib boryapti, biroq o‘lim holatlarining haftalik ko‘rsatkichlari oktabr oyi oxiridan beri barqaror – 47-50 ming kishi darajasida qolmoqda.

Bugungi kunda G‘arbiy Yevropa kasallik to‘lqinining navbatdagi markaziga aylangan. U yerda har ikki kunda qariyb million kishi kasallanmoqda. 25 noyabr kuni Yevropa bo‘ylab o‘lim ko‘rsatkichi, Frans press agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, bir yarim milliondan oshib ketdi.

Rojdestvo bayramlari arafasida hukumatlar navbatdagi keskinlikning oldini olish uchun choralar ko‘rmoqda.

JARda koronavirusning yangi varianti 

JARda koronavirusning B.1.1.529 nomli yangi mutatsiyasi aniqlandi.

«Bu variant avvalgilariga qaraganda yuqumliroq. Ehtimol, vaksinalarga kamroq ta'sirchan», dedi BBC’ga bergan intervyusida janubiy afrikalik epidemiolog, professor Salim Karim.

GETTY IMAGES

26 noyabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari vaziyatni baholash uchun JARda ushbu mamlakat amaldorlari bilan uchrashadi. Yangi variant grek alfaviti harfi bo‘yicha nomlanishi («Delta» variantiga o‘xshab) va «Nyu» nomini olishi mumkin.

25 noyabr kuni Buyuk Britaniya hukumati mutatsiya bilan bog‘liq xavotirlar tufayli Afrikaning bir necha mamlakati (JAR, Namibiya, Zimbabve, Botsvana, Lesoto va Esvatini)dan kelganlar uchun majburiy karantin joriy etdi. Ushbu mamlakatlardan Buyuk Britaniyaga parvozlar vaqtinchalik taqiqlangan.

Bu shtamm ilk bor Pretoriyadagi bir necha talabada aniqlandi.

Janubiy Afrika Epidemiologik reaksiya markazi rahbari Tulio de Oliveyra FT nashriga yangi kasallanish holatlarining 90 foizi Gauteng provinsiyasiga to‘g‘ri kelishini aytgan, bu JARning aholisi eng ko‘p yashovchi Yoxannesburg shahrini ham o‘z ichiga oladigan hududdir.

«Javob topilishi kerak bo‘lgan asosiy savol - u vaksinaga qay darajada ta'sirchanligidir», degan u.

JAR rasmiylari ma'lumotiga ko‘ra, mamlakatda yangi variant bilan kasallanganlar soni 77 nafarni tashkil etmoqda. Shuningdek Botsvanada to‘rt, Hongkongda bir kishida shu variant aniqlangan.

 

Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid olimlar yangi variant borasida juda xavotirlanayotgani, chunki unda «Delta» variantiga qaraganda ikki marta ko‘proq mutatsiyalar bo‘lishi mumkinligini ma'lum qildi. «U ancha yuqumli bo‘lishi, bizda hozirda mavjud vaksinalar samarasi esa kamroq bo‘lishi mumkinligini anglatadi», dedi u.

Olimlardan biri BBC muxbiriga yangi shtamm avvalgi barcha variantlarga qaraganda ko‘proq xavotir uyg‘otayotgani, chunki u Xitoyning Uhan shahrida paydo bo‘lgan variantdan keskin farq qilishini aytdi. Koronavirusning avvalgi variantlari ham juda xavotirli deb ta'riflangan, biroq qayg‘uli prognozlar hali amalga oshmadi. Umuman olganda, JARda yangi shtamm juda tez tarqalayotgani belgilari bor.

Hozirgi vaqtda mutatsiyaning haqiqiy xavfini aniqlash imkonsiz.

Karimning so‘zlariga ko‘ra, yangi shtamm katta ehtimol bilan koronavirus yuqtirib olgan, immun tizimi ishdan chiqqan odam organizmida paydo bo‘lgan. Talabalarning PZR testlari «Alfa» varianti iziga o‘xshash g‘alati anomaliyani ko‘rsatdi. Bir necha kun avval ularning tahlillari universitetga yuborildi, 25 noyabr kuni esa tadqiqot natijalari paydo bo‘ldi.

Ekspertning aytishicha, mutatsiya virusga ijobiy elektr zaryadi beradi, natijada virus normal manfiy zaryadlangan inson hujayrasiga osonroq yopishish imkoniga ega bo‘ladi.

Mutaxassisning tushuntirishicha, mutatsiya avvalgi bir necha variantga xos jihatlarni o‘zida birlashtirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi variant vaksinalarga chidamli bo‘lishi mumkin. Biroq sayyora aholisining deyarli yarmi emlangani uchun u baribir katta xavf tug‘dirmaydi.

Busterlar va bolalar uchun vaksinalar

Fransiyada koronavirusning tasdiqlangan holatlari o‘rtacha har 11 kunda ikki marta ortmoqda. Sog‘liqni saqlash vaziri Olive Veran mutaxassislardan 5 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlash imkoniyatlarini o‘rganishni so‘rashini ma'lum qildi.

REUTERS

Bir vaqtning o‘zida mamlakat rasmiylari qo‘shimcha ukol yoki busterlar dasturini ishga tushirmoqda. Ushbu dam olish kunlari 18 yoshdan katta bo‘lgan barcha fuqarolar emlanishi mumkin bo‘ladi. Hozirda Fransiyada buster dozani 65 yoshdan katta, shuningdek, Covid-19 kechishini og‘irlashtirishi mumkin bo‘lgan kasalliklarga ega odamlar olishi mumkin. Buster dozani hozirdagi kabi har yarim yilda emas, har besh oyda olish mumkin bo‘ladi.

«Taqdirimiz avvalgidek o‘z qo‘limizda», dedi Veran matbuot anjumanida fuqarolarni ijtimoiy masofa qoidalariga amal qilishga chaqirib.

Fransiyadagi vaziyat hali ham og‘ir emas: rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, jonlantirish bo‘limlarida 1600 kishi bor. The Local jurnali hisob-kitoblariga ko‘ra, ular shifoxonalardagi o‘rinlarning qariyb 30 foizini egallagan.

GETTY IMAGES

Buster kampaniyasi uchun ham vaksina yetarli. Hozir Fransiya rasmiylarida 25 mln dozaga yaqin vaksina bor. Mutaxassislar kasallikni yuqtirish holatlarining o‘sishini qulay ob-havo bilan bog‘lamoqda. U fransuzlarga vaqtini katta davralarda o‘tkazish imkonini beradi. Bundan tashqari, bu qo‘shni Buyuk Britaniya va Belgiyada kasallanish holatlarining o‘sishi, shuningdek, «vaksina kuchi yo‘qolishi» bilan ham bog‘liq.

Vaksina o‘z samaradorligini birinchi emlanishdan taxminan yarim yil o‘tib asta-sekin yo‘qotishi ana shunday ataladi. Ana shu yo‘qolish o‘rnini qoplash uchun ham buster doza tavsiya etilmoqda.

25 noyabr kuni Yevropa komissiyasi blok mamlakatlari o‘rtasidagi parvozlar uchun zarur bo‘lgan haqiqiy «Covid pasport»ni saqlab qolish uchun buster dozalarni majburiy talab qilishni tavsiya etdi. Regulyatorlar har yarim yilda buster vaksina olishni majburiy etib belgilashni taklif qilmoqda.

Shuningdek, payshanba kuni Yevropaning dori vositalari agentligi besh yoshdan boshlab bolalar uchun emlanishni ma'qulladi.

Germaniya: dahshatli antirekord

MORSA IMAGES

Robert Kox instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, Germaniya 25 noyabrda pandemiya boshidan beri ilk marta 100 ming o‘lim holati chegarasini bosib o‘tdi. Kunlik kasallanish holatlari ham yuqori - 75 961 yangi holat va bu rekord daraja. 24 noyabr kuni hukumati so‘nggi yig‘ilishni o‘tkazgan kansler Angela Merkel o‘z vorisiga chaqiriq bilan chiqqandi.

Merkel bo‘lajak kansler Olaf Sholsni pandemiyaga qarshi kurashni zaiflashtirmaslikka chaqirdi. Avvalroq Shols hukumatini Germaniyada virusga qarshi bir qator cheklovlarni uzaytirishni rad etgani uchun tanqid qilishgandi. «Vaziyat juda og‘ir, biz o‘sishni kuzatyapmiz. Bugun kasallanganlar – 10-14 kundan keyin reanimatsiyaga tushib qoladiganlar... Har bir kun muhim», dedi Merkel.

Mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi so‘nggi oylarda qo‘shni davlatlardagi kasalxonalarga yordam so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda.

O‘tgan haftada nemis rasmiylari fuqarolardan ommaviy transportdan foydalanganda yoki ishga borganda antitana mavjudligi yoki vaksina olinganligiga isbot ko‘rsatishni talab qila boshladi.

Ayrim tumanlarda Rojdestvo yarmarkalari bekor qilindi, vaksina olmaganlar esa bar va sport zallariga kiritilmayapti.

Ekspertlar Germaniyada kasallanishning o‘sishi sababini vaksina olganlar nisbatan kamligi (aholining 69 foizi) bilan bog‘liq deb hisoblashyapti. Busterlarni tarqatish kampaniyasi esa logistik uzilishlar tufayli tanqidga uchramoqda.

Mavzuga oid