O‘zbekiston | 13:15 / 30.11.2021
1580
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonlik ota farzandlariga aliment evaziga uy berdi

Chimboylik ota aliment uchun farzandlariga o‘z uyini rasmiylashtirib berdi. Xo‘jayli tumanida esa ota bolalarining ta'minoti uchun biryo‘la 100 mln so‘m aliment to‘ladi. Bu haqda Kun.uz’ga MIBning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Chimboy tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan qarzdor T.B.dan undiruvchi A.Nurimbetovaning foydasiga ikki farzandining moddiy ta'minoti uchun aliment nafaqasini undirish belgilangan. Ijro hujjati MIBning Kegeyli tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va tegishli tartibda ijro ishi yurituvi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida fuqaro sobiq turmush o‘rtog‘i nomiga aliment evaziga uyini rasmiylashtirib bergan. 

Shu kabi, MIB Xo‘jayli tuman bo‘limi ish yurituvida qarzdor G.I.dan undiruvchi M.N.ning foydasiga voyaga yetmagan 2 nafar farzandining moddiy ta'minoti uchun ish haqi va boshqa daromadlarining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati asosida ijro ishi olib borilgan. Bu ota ham sobiq turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishib, 2008 va 2010 yillarda tug‘ilgan farzandlariga oldindan 100 mln so‘m aliment puli to‘lab bergan.

Oldinroq Shumanayda 2 nafar aliment to‘lamagan ota 15 sutkaga qamalgandi.

Mavzuga oid