Iqtisodiyot | 17:38 / 03.12.2021
17457
5 daqiqa o‘qiladi

“Tadbirkorlarga ham valuta ayirboshlash huquqini berish vaqti allaqachon kelgan” - Muxtor Umarov

“Valuta ayirboshlash shoxobchalarining dam olish kunlari ishlamasligi aholi, xususan tadbirkorlarga ham noqulaylik tug‘diradi. Bu tizimni erkinlashtirish vaqti allaqachon kelib bo‘lgan”, deydi O‘zbekiston iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarov.

Ijtimoiy tarmoqlarda valuta ayirboshlash shoxobchalari dam olish kunlari ishlamasligi masalasi keng muhokama qilinmoqda, muammo yuzasidan turli fikrlar yangrayapti. O‘zbekiston iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarov Kun.uz’ga bergan intervyusida mazkur muammo tadbirkorlar uchun ham noqulaylik tug‘dirishini aytdi va yechimlardan biriga to‘xtaldi.

“Valuta ayirboshlashni erkinlashtirishimiz kerak. Xususiy sektorga ham chet el valutasini almashtirish imkoniyatini berish kerak va allaqachon buning vaqti kelgan. Banklar dam olish kunlari ishlashni xohlamasa, marhamat, xususiy valuta ayirboshlash shoxobchalariga yo‘l beraylik. Ular 24 soat ishlaydi. Hozir esa ular noqonuniy ishlamoqda. Undan ko‘ra, ularga qonuniy yo‘l ochib berish lozim. Bu ham tadbirkorlik. Chet elga chiqsangiz, har qadamda valuta ayirboshlash shoxobchalari bor. Ular xususiy va erkin. Bizda ham buni xususiy sektorga o‘tkazilsa, o‘rtada erkin raqobat bo‘ladi.

Agar ularga litsenziya beriladigan bo‘lsa, soliq to‘lashadi va davlat budjetiga ham pul tushadi. Tadbirkorlar valutani erkin almashtirishlari mumkin bo‘ladi. Ko‘p odamlar qonuniy ish bilan ta'minlanadi. Aholi dam olish kunlari valuta almashtiriladigan joyni qidirib yurmaydi.

Masalan, yaqinda shanba kuni yonimizdagi bankka valuta almashtiraman deb kirsam, “biz shanba-yakshanba kunlari ishlamaymiz, dushanba kuni keling”, deyishdi. Xodimlar yurishibdi, lekin bank operatsiyalari bajarilmaydi. Bankda hech kim yo‘q bo‘lsa, to‘g‘ri tushunsangiz bo‘ladi, lekin xodim bo‘laturib mijozlarga xizmat ko‘rsatmasligi xato”, deydi u.

Muxtor Umarovga ko‘ra, bank tizimi “non-stop” rejimida, to‘xtovsiz  ishlashi kerak.

“G‘arb mamlakatlarini ko‘radigan bo‘lsangiz, texnologiyalar shunday rivojlanib ketganki, agar sizga bank kartasi kerak bo‘lsa, bankka borishingizga hojat yo‘q. Bank shanba-yakshanba yoki boshqa kunlarimi, farqi yo‘q, belgilangan vaqtda kartangizni sizga yuboradi.

Bunday operatsiyalar raqamlashtirilishi kerak. To‘g‘ri, inson dam oladi, lekin xizmatlar to‘xtamasligi lozim.

O‘zbekiston hozir rivojlanish davrida. Mamlakat yuqori saviyadagi bank xizmatlariga o‘ta muhtoj. Bank sohasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar esa juda ko‘p. Bank instrumentlari va servislari ko‘ngildagidek emas. Bu tadbirkorlarni eng ko‘p qiynaydigan muammo va raqobat uchun to‘siq bo‘layotgan asosiy omil.

Qo‘shnilarimizda (davlatlar) bank xizmatlari bizga qaraganda 3 barobar arzon bo‘lsa ular bilan qanday qilib raqobatlashamiz”, dedi Muxtor Umarov.

Avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev shanba kuni o‘zining Facebook'dagi sahifasida jonli efir o‘tkazib, banklarning valuta ayirboshlash shoxobchalari dam olish kunlari ishlamasligi muammosini ko‘tardi. Deputat 50 dollarni qaytim bilan olish uchun qora bozordan almashtiradi va shanba-yakshanba kuni bank kassalari, ayirboshlash shoxobchalarini ishlatib qo‘ymagani uchun Markaziy bankni ayblaydi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov bunga munosabat bildirib, deputatning tanqidi o‘rinli ekani, biroq dam olish kunlari valuta ayirboshlash hajmi kam bo‘lishi va shoxobchalar faoliyati iqtisodiy jihatdan o‘zinini oqlamasligini bildirdi. U masalaning yechimi sifatida dam olish kunlari ishlaydigan shoxobchalarda kurslarni odatdagidan balandroq belgilash mumkinligini qayd etdi.

Yana bir iqtisodchi Behzod Hoshimov valuta ayirboshlash huquqi faqat banklarga berilgani to‘g‘ri emasligi, bunday huquqni hammaga berish ham likvidlik berishi, ham raqobat ko‘p bo‘lgani uchun xizmat sifatini oshirishini ta'kidladi.

30 noyabr kuni Adliya vazirligi Rasul Kusherbayevning harakatlarini qonunni buzishga targ‘ib qilish deb baholadi. Vazirlik deputatning harakatlarini amaldagi qonunlarni “buzishga qaratilgan namoyishkorona harakatlar” deb atab, buni “qattiq qoralashi”ni bildirdi. Adliya vazirligining bu munosabati ijtimoiy tarmoqda tanqid qilindi.

Mavzuga oid