Deputat dollarni «qora bozor»da almashtirishga majbur bo‘ldi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a'zosi Rasul Kusherbayev shanba kungi jonli efirida Yangiyo‘l shahrida mavjud banklarning valuta ayirboshlash shoxobchalari dam olish kunlari ishlamasligi muammosini ko‘targan holda, naqd valuta mablag‘ini qora bozorda ayirboshlashga majbur bo‘lgani haqida chiqish qilgan.
«Odamlarning shanba kunlari ko‘proq bo‘sh vaqti bo‘ladi va narsa xarid qilishga chiqishi mumkin. Turistlar ham vaqti bo‘lsa shu kunlari aylanadi. Lekin banklarimizning valuta ayirboshlash shoxobchalari shanba va yakshanba kunlari ishlamas ekan. Markaziy bank shu muammoni hal qilib bermay shu paytgacha yurganiga qoyil qolsangiz bo‘ladi», dedi u.
U o‘zi yashaydigan Yangiyo‘l shahrida 100 dollarlik kupyuradan faqat 50 dollarini almashtirish uchun bank shoxobchasi qidirgan. Naqd dollarni almashtiruvchi yagona bankomat esa qaytim bermaydi. Banklar deputatga dam olish kunlari ularda tizim o‘chishini ma'lum qilgan.
«Men o‘zim xohlamagan holda «qora bozor»ni qidirib, 50 dollarni qaytim bilan olishim uchun jinoyatga yo‘l qo‘yib, noqonuniy valuta ayirboshlashim kerak. Hozir menga guvoh bo‘lib turasizlar deb, bankni vakillarini chaqirdim.
Markaziy bank mana shu sharoitni qilib bermagani uchun fuqarolar javobgar bo‘lib ketadigan ahvolda turibdi. Ya'ni Markaziy bank yaratib qo‘ygan tizimi oqibatida «qora bozor» yo‘qolmayapti. Shuncha paytdan beri javobgar bo‘lib ketgan fuqarolar bo‘lsa, hammasining nomidan MBga kattadan katta rahmat, shular sababchi bo‘lgan.
Agar chet ellik turist kelsa, shanba yakshanba kuni rasvosi chiqar ekan. Men O‘zbekistonda yurib, 1 soatdan beri shu ahvolda yuribman. Bu sharmandalik-ku... Ishongim kelmaydi. Nahotki, shanba, yakshanba kuni kassalarni, ayirboshlash shoxobchalarini ishlatib qo‘yish qiyin?» degan deputat.
Rasul Kusherbayev keyinroq, guvohlar ishtirokida «qora bozor»dan 100 AQSh dollarining 50 dollarini so‘mga almashtirib olganini ma'lum qildi.
«Aytganimdek, guvohlar ishtirokida «qora bozor»dan 100 AQSh dollarining 50 dollarini milliy so‘mga almashtirib oldim. Qizig‘i almashtirib bo‘lganimdan so‘ng, Hamkorbankdan chiqishdi. Biroq «ujye» kech.

















