Jahon | 08:09 / 05.12.2021
17223
4 daqiqa o‘qiladi

Bayden Rossiyaning Ukraina borasidagi «qizil chizig‘i»ni tan olmasligini aytdi

AQSh prezidenti Jo Bayden Moskva tomonidan aytilayotgan Ukraina bilan munosabatlardagi «qizil chiziq»ni tan olmasligini ma'lum qildi.

Foto: Reuters

Bayden NATO infratuzilmasi Rossiya chegaralariga yaqinlashayotgani va Ukraina hududiga zarba beruvchi komplekslar joylashtirilayotganini «qizil chiziq» deb atagan Putinga javob qaytardi.

«Men hech qanday qizil chiziqni tan olmayman», dedi Bayden.

Rossiya TIV Ukrainaning NATOga kirishi ham Moskva uchun «qizil chiziq» hisoblanishini bildirgandi.

Bayden Vladimir Putin bilan «uzoq suhbat» o‘tkazishga umid qilishini qo‘shimcha qildi.

«Biz anchadan buyon Rossiyaning harakatlari haqida bilamiz. Men Putin bilan muloqotimiz uzoq davom etishini istardim», dedi amerikaliklar prezidenti Rossiya va Ukraina chegarasidagi vaziyat yuzasidan izoh berarkan.

Shanba kuni ikki yetakchi o‘rtasida 7 dekabr kuni muloqot o‘tkazilishi haqida ma'lum bo‘ldi. Tomonlar videoaloqa orqali o‘zaro bog‘lanadi.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning ma'lum qilishicha, prezidentlar ikki tomonlama munosabatlar, Afg‘oniston, Iroq, Ukraina, Liviyaga oid mavzularni muhokama qiladi.

Yanvar oxirida
Ukraina bilan chegara bo‘ylab rossiyalik 94,5 ming harbiy xizmatchi joylashtirilgan. Juma kuni Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov Rossiya katta ehtimol bilan yanvar oyi oxirida harbiy eskalatsiya yuzaga keltirishini aytdi.

Juma kuni Oliy Radada chiqish qilgan Reznikov Rossiya Ukraina chegaralari atrofida qishki o‘quv mashg‘ulotlari boshlagani va razvedkani faollashtirib, aloqalarni tekshiruvdan o‘tkazayotganini ma'lum qildi.

«Rossiya yil boshidan buyon o‘ziga xos «to‘lqinlar» taktikasini qo‘llamoqda. Chegaralarimiz yaqinida qo‘shin to‘plandi. Keyin shaxsiy tarkib avvalgi joyiga olib ketildi, texnika esa qoldi. Bu raqibga vaqtdan yutishda imkon beradi», dedi Reznikov.

Lavrov Blinkenga qarshi

Hafta davomida AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Stokholmdagi uchrashuvda Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha keskin bayonotlar bilan chiqish qilgandi. 

«Inqirozdan qochishning eng yaxshi vositasi - bu diplomatiya [...], jumladan Minsk kelishuvi majburiyatlarini bajarish va rossiyalik harbiylarni olib ketish [Ukraina chegaralari yaqinidan]. Qo‘shma Shtatlar bunda o‘z hissasini qo‘shishni istaydi, ammo ochiqlik bilan aytish kerakki, agar Rossiya konfrontatsiyaga (adovat) borsa, uni jiddiy oqibatlar kutadi», degan Blinken.

Lavrov esa yana bir bor NATOni Rossiya manfaatlarini ignor qilishda, shuningdek, Ukrainani harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda aybladi.

«Harbiy qarama-qarshilikning dahshatli ssenariysi qaytmoqda [...] Ukraina harbiy jihatdan kuchaytirilmoqda [...] Alyansning harbiy infratuzilmalari mas'uliyatsizlik bilan Rossiya chegaralariga yaqinlashtirilmoqda, Ruminiya va Polshada raketa hujumidan mudofaa tizimlari joylashtirilgan, ular zarbdor komplekslarga aylanishi ham mumkin. Yevropa hududlarida amerikaliklarning o‘rta masofaga harakatlanuvchi raketalari paydo bo‘lishi mumkin», deya Lavrovdan iqtibos keltirgan TASS.

Mavzuga oid