O‘zbekiston | 22:45 / 06.12.2021
8434
2 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura xodimlarining korrupsion harakatlari bo‘yicha «Ishonch telefoni»ga murojaat qilish so‘raldi

Bosh prokuratura jamoatchilikni prokuratura organlari xodimlari harakatida korrupsion holatlar kuzatilsa, «Ishonch telefoni» orqali murojaat qilishga chaqirdi.

Foto: iStock

«Agar prokuratura organlarining biror xodimi faoliyatida korrupsiya bilan bog‘liq xatti-harakat (yoki harakatsizlik)ni kuzatsangiz, sezsangiz, bu haqda zudlik bilan Bosh prokuratura Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasining (71) 202-08-28 raqamli «Ishonch telefoni»ga ma'lum qilishingizni so‘raymiz.

Murojaatchilar haqidagi ma'lumotlarning sir saqlanishi to‘liq kafolatlanadi», deyiladi Bosh prokuraturaning keng jamoatchilikka qilgan murojaatida.

Bosh prokuraturaning ushbu murojaati so‘nggi vaqtlarda prokuratura xodimlari bilan bog‘liq korrupsion jinoyatlarga oid xabarlar ko‘payishi ortidan yuz bermoqda.

Xususan, 6 dekabr kuni Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari 29 ming dollar pora bilan qo‘lga olingan bo‘lsa, 12 noyabr kuni Andijon viloyat prokuraturasi mas'ul xodimi 15 ming dollar pora bilan ushlangandi.

Shuningdek, sentabr oyida Jizzax viloyatida tuman prokurori 2 ming dollar pora bilan, Samarqand viloyatida tuman prokurori o‘rinbosari 10 ming dollar pora bilan qo‘lga olingani xabar qilingandi.

Bundan tashqari, 18 noyabr kuni Bosh prokuratura kengaytirilgan hay'at yig‘ilishida faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hamda xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgani uchun 18 nafar xodim intizomiy jazoga tortilgan, Andijon viloyat prokurori egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

 

 

Mavzuga oid