O‘zbekiston | 16:04 / 09.12.2021
43897
3 daqiqa o‘qiladi

Denovdagi portlash bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bosh prokuratura Denovdagi portlash bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma'lum qildi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Surxondaryo viloyati Denov shahridagi savdo markazida ro‘y bergan portlash yuzasidan Jinoyat kodeksining ikki moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

«Denovdagi savdo majmuasida yuzaga kelgan chaqnash hodisasi bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 257 (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 259 (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.

Xabarda moddalarning aynan qaysi bandlari bilan ish ochilgani ma'lum qilinmagan.

Denov shahri markazidagi «Yubileyniy» nomi bilan mashhur ikki qavatli «Indenim» savdo majmuasida 7 dekabr kuniga o‘tar kechasi portlash sodir bo‘ldi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 9 kishi jarohatlanib, 2 kishi halok bo‘lgan.

Dastlabki ma'lumotlarda portlashga bir necha soat davomida gaz sizib chiqishi sabab bo‘lgani aytilgan. 

Savdo majmuasida 2 oydan beri ishlayotgan Abdulla Do‘lanov «Daryo» muxbiri bilan «gaz umuman chiqmagani, hidi chiqsa, sezgan bo‘lishlari»ni ta'kidlagan. Mahalliy aholi vakillari portlash sodir bo‘lishidan ikki kun avval savdo majmuasiga odamlar kiritilmagani, savdo uyida savdo-sotiq amalga oshirilmaganini bildirgan. Shuningdek, portlash sodir bo‘lgan mahallada yashovchi 71 yoshli Juma bobo Norov ham portlash uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.

8 dekabr kuni Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida FVV Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i O‘lmas Muzaffarov savdo majmuasida gaz asbob-uskunalaridan foydalanish qoidalari buzilishi oqibatida to‘plangan gaz-havo aralashmasining chaqnashi portlashning asosiy sababi hisoblanishini ta'kidladi.

Brifingda so‘z olgan Bosh prokuratura vakili esa dastlabki o‘rganishlar portlash biror-bir portlatuvchi modda yoki neft mahsuloti yordamida yuzaga kelganini inkor qilayotganini bildirgan.

Mavzuga oid