O‘zbekiston | 20:57 / 10.12.2021
16477
3 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasi va MTRK nega prezident farmonini pisand qilmayapti?

Shunday taassurot borki, agar farmon bo‘lmaganida, deputatlar abadulabad xalqdan berkinib majlis qilib yurishni istaydigandek go‘yo. Majlislarga haligacha mustaqil jurnalistlar qo‘yilmayotganini boshqacha izohlab bo‘lmaydi.

Bugun, 10 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisidan jonli efir bor-yo‘g‘i 48 daqiqa davom etdi xolos. Deputatlar muhim qonun loyihalari muhokamasi va amaldorlarning eshituvini doimgidek “pardalar ortida” o‘tkazishdi.

Prezident farmoniga zid ravishda uch safardan buyon majlislarni jonli efirga uzatmayotgan xalq vakillaridan izoh olish uchun parlament quyi palatasi binosiga bordik. Lekin deputat va palata matbuot xizmati boshlig‘i Navro‘z Rizayev qo‘ng‘iroqlarimizga javob ham bermadi. Matbuot xizmatining boshqa xodimlari esa Oliy Majlis quyi palatasi nega prezident farmoniga bepisandlik bilan qarayotganiga izoh bermadi.

Oliy Majlis / Foto: Kun.uz

Avvalroq, Qonunchilik palatasidagi “Hukumat soati” ham prezident farmoniga zid ravishda jonli efirga uzatilmagandi. Palata matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban Telegram'dagi yozma translatsiya ham jarayonni jonli yoritish deb hisoblanishini bildirgandi.

Biz prezident farmonida Oliy Majlis tadbirlarini jonli efirda yoritishga mas'ul bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida ham bo‘ldik. Agentlik xodimlari masala yuzasidan faqat matbuot kotiblari javob berishini bildirdi. Aksilkorrupsiya agentligi matbuot kotiblari boshqa tadbirda bo‘lgani uchun bu tashkilotdan ham izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Aksilkorrupsiya agentligi / Foto: Kun.uz

Shundan so‘ng, farmon ijrosi bevosita topshirilgan va ushbu masalaga asosiy mas'ul tashkilot Milliy teleradiokompaniyaga bordik. Buni qarangki, 2022 yil uchun budjetdan 500 milliarddan ko‘proq pul oladigan bu tashkilot xodimlarining aksari biz kelgan vaqtda majlisda bo‘lib chiqdi.

MTRK / Foto: Kun.uz

Aslida, MTRK farmon talablari kuchga kirgan – 1 dekabr sanasidan beri Qonunchilik palatasining kamida 3 ta yirik majlisini jonli yoritishi kerak edi. Agar kompaniya tizimidagi o‘nlab telekanallarda muhim siyosiy jarayonlarni jonli efirga uzatish imkoni bo‘lmasa, bizga bunaqa MTRKning nima keragi bor?

Yana bir qiziq holat, majlislarni jonli efirga uzatishga biz mas'ul emasmiz deya, ba'zida xususiy telekanallarni, ba'zida MTRKni aybdor qilayotgan deputatlar palata majlislarini yoritish uchun boshqa OAVlarni panjaralar bilan o‘ralgan binolariga kiritishmaydi.

Prezident farmonida topshiriq aniq ko‘rsatilgan, ya'ni ko‘rsatma bor. Uni bajaruvchilar ham aniq. Milliy teleradiokompaniya va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi. Lekin negadir bu tashkilotlar prezident farmonini pisand qilmayapti.

Deputatlar esa xuddi yashiradigan biror narsasi borday, majlislarni yopiq eshiklar ortida o‘tkazishda davom etmoqda. O‘zlari jonli efirga uzata olishmagani yetmagandek, mustaqil jurnalistlarni ham majlislarga qo‘yishmayapti.

Farrux Absattarov

Mavzuga oid