Parlament yalpi majlisi 48 daqiqagina to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatildi. Holat jamoatchilik e'tiroziga sabab bo‘ldi
2021 yil 10 dekabr kuni boshlangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga 48 daqiqagina uzatildi. Aslida, ushbu jonli efir ham Qonunchilik palatasi yoki boshqa mas'ul davlat tashkiloti emas, “O‘zreport” telekanali tomonidan tashkil etildi.
“O‘zreport” telekanali muxbirining bildirishicha, avvaldan rejalashtirilgan boks bo‘yicha chempionat dasturini soat 11:00dan efirga uzatish maqsadida yalpi majlisni efirga uzatish to‘xtatilgan.
Shundan so‘ng, jamoatchilikda Qonunchilik palatasi yalpi majlisini jonli efirda kuzatish imkoniyati yo‘qoldi. Holat prezident farmoniga rioya qilinmayotganini ko‘rsatdi.
Xususan, farmonda MTRK va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 2021 yil 1 dekabrdan boshlab Qonunchilik palatasi va Senat majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalarini telekanallar va internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishini ta'minlash vazifasi yuklangan.
Ushbu voqea jamoatchilikning takroriy e'tirozlariga sabab bo‘ldi.
“Parlament quyi palatasining yalpi majlisi to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga bor-yo‘g‘i 48 minut ketdi. Unda biror-bir masala ko‘rilmadi, balki balandparvoz gaplar, paxtalar yangradi. Gimn maqtaldi, inson huquqlari maqtaldi, korrupsiya maqtaldi va 48:48 daqiqada efir uzildi. Telekanalda ketmasa, internetda ketaverishi kerak edi, ammo unday bo‘lmadi.
Vaholanki, deputatlar jiddiy masalalarni ko‘rishi kerak edi. Masalan, davlat organlari shaffofligini ta'minlashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha parlament so‘roviga moliya vaziri Timur Ishmetov javobi, yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonun haqida yana filtrlangan axborot o‘qishga majbur bo‘lamiz”, – deya munosabat bildirildi davletovuz telegram kanalida.
Qonunchilik palatasi holat bo‘yicha bergan rasmiy munosabatida jonli efir “O‘zreport” telekanali boks bo‘yicha chempionat dasturini uzatishni maqsad qilgani tufayli to‘xtab qolganini, palata “mamlakatda ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini” bildirgan. Munosabatda jonli efirni davom ettirish masalasi tilga olinmagan.
Farmonda jonli efirga mas'ul etib belgilangan MTRK hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hozircha rasmiy munosabat bildirmadi.
Avvalroq, Qonunchilik palatasidagi “Hukumat soati” prezident farmoniga zid ravishda jonli efirga uzatilmagandi. Palata matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban Telegram'dagi yozma translatsiya ham jarayonni jonli yoritish deb hisoblanishini bildirgandi.
Mavzuga oid
07:15 / 09.07.2024
Senatning ellik to‘rtinchi yalpi majlisi 10 iyul kuni chaqiriladi
13:42 / 24.08.2023
Senat “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonunni rad qildi
12:51 / 24.08.2023
“Namangan shahrida aholi 1 millionga yaqinlashgan, ammo 4 ta tug‘uruqxona faoliyat yuritmoqda” – Senat raisi
11:37 / 24.08.2023