O‘zbekiston | 17:22 / 07.12.2021
20063
3 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar prezident farmonini aylanib o‘tish yo‘lini topdimi?

Qonunchilik palatasidagi “Hukumat soati” prezident farmoniga zid ravishda jonli efirga uzatilmadi. Palata matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban Telegram'dagi yozma translatsiya ham jarayonni jonli yoritish deb hisoblanishini bildirdi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Bugun, 7 dekabr kuni parlament quyi palatasida “Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlarning savollariga transport vaziri o‘rinbosari Abdusamad Mo‘minov va Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov javob berdi.

Qonunchilik palatasida o‘tgan bu yig‘ilish 3 dekabrdagi majlisdan farqli ravishda jonli efirda namoyish etilmadi.

Palata matbuot xizmati “Hukumat soati”dan faqat ayrim xabarlarinigina rasmiy Telegram-kanalida yozma ko‘rinishda berish bilan cheklandi. Bu esa prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yilning 16 iyundagi ochiqlik bo‘yicha farmoni talablariga zid.

Kun.uz muxbiri “Hukumat soati” nega jonli tarzda efirga uzatilmayotgani bo‘yicha palata matbuot kotibi, deputat Navro‘z Rizayevdan izoh so‘radi. U esa savolga javoban Telegram-kanalida berib boriladigan yozma ma'lumotlar ham jonli efir hisoblanishini bildirdi.

“Ketma-ket hamma ma'lumot rasmiy saytimizda tezkor berilyapti. U ham jonli deyiladi. Qaysi axborot bo‘lsa, qo‘yilgan. Istagancha foydalanish mumkin”, – deya javob qaytardi Rizayev.

Navro‘z Rizayev / Foto: Kun.uz

Ta'kidlash kerak, palataning Telegram-kanalida barcha tafsilotlar berilayotgani yo‘q. Masalan, vazir va qo‘mita raisining hisobotiga deputatlarning munosabati, bergan savollari va takliflari ochiqlanmadi. Faqat quyidagicha umumiy axborot berildi xolos:

“Hukumat soati”da deputatlar sohani bugungi kun mezonlaridan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish, transport-logistika sohasini rivojlantirish, yuklarni bojxona orqali o‘tkazishni soddalashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha qator fikr-mulohaza hamda amaliy takliflarni bildirdilar”.

Ma'lumot uchun, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta'minlash bo‘yicha farmonda MTRK va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 2021 yil 1 dekabrdan boshlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalarini telekanallar va internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishini ta'minlash vazifasi yuklangan.

Bu borada palataning 3 dekabr kungi majlisining bir qismi ilk bor jonli efirda uzatilgandi.

Mavzuga oid