O‘zbekiston | 14:38 / 10.12.2021
2703
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda 2 mingdan ziyod korxona atrof-muhitni ifloslantirgani ma'lum bo‘ldi

Viloyat hududida 2170 ta tashkilot atrof-muhitni ifloslantirgan, ularning 1278 tasidan 3 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan.

Foto: KUN.UZ

Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishning holati yuzasidan Xorazm viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Otabek Qlichev hisobot berdi.

Unda qayd qilinishicha, boshqarma tomonidan 2021 yilning 11 oyi davomida 3477 ta tekshirish va tezkor nazorat tadbirlari, reydlar o‘tkazilgan. Ekologik qonunchilik talablarini buzganligi uchun 2514 nafar shaxslarga nisbatan jami 1,2 mlrd so‘mlik ma'muriy jarimalar qo‘llanilib, 677 mln so‘m undirib olingan. Shuningdek, 294 ta holatda tabiatga yetkazilgan zararlar bo‘yicha 613,9 mln so‘mlik da'vo qo‘llanilib, 170,2 mln so‘m undirib olingan.

Atrof-muhit ifloslanishining monitoringi bo‘yicha 139 ta korxonada instrumental o‘lchovlar o‘tkazilib, 431 ta manbadan 1448 ta namuna olinib, 6507 ta kimyoviy tahlil o‘tkazilgan.

Hisobot davrida 2170 ta tashkilot atrof-muhitni ifloslantirgani va chiqindi tashlagani bo‘yicha kompensatsiya to‘loviga jalb qilinib, 3,3 mlrd so‘mlik to‘lov hisoboti qabul qilinib, 1278 ta tashkilotdan 3 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan.

2655 ta transport vositasi gaz yoqilg‘isida ishlashga moslashtirilishi natijasida atmosfera havosiga chiqadigan 1130,8 tonna uglerod va azot oksidlar, uglevodorodlar va boshqa chiqindi gazlar kamayishiga erishilgan.

Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashi tomonidan ushbu hisobot ma'lumot uchun qabul qilingan. Shu bilan birga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga quyidagi vazifalar yuklatilgan:

- atmosfera havosining sifatini kuzatib va ular tarkibini tahlil etib borish maqsadida, barcha shahar va tumanlarda «O‘zgidromet» xizmati va boshqa xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari hisobiga turg‘un kuzatuv shoxobchalarini tashkil etish;

- ko‘chirishga ruxsat etilgan daraxtlarni ko‘chirishda obodonlashtirish tashkilotlarini daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazishga mo‘ljallangan maxsus texnika bilan ta'minlash;

- yer egalari, xususan, fermer xo‘jaliklari va klasterlari tomonidan har bir gektar ekin maydoni hisobiga dala chetlariga 50 tupdan shu hudud iqlimiga moslashgan daraxt ko‘chatlarini ekish va parvarishlash kadastr ma'lumotlarini yuritib borish;

- yangidan qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joylarni qurilish smeta hujjatlariga kichik oqova suvi tozalash inshootlarini qurishni kiritish;

- qattiq maishiy chiqindilar ko‘mish poligonlariga saralash liniyalarini o‘rnatib, hozirda hosil bo‘layotgan qattiq maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi mahsulotlarni ajratib olish hamda qattiq maishiy chiqindilar tarkibidagi organik va suyuq chiqindilarni bir joyga to‘plab suyuq maishiy chiqindilar bilan birga vermikultivatsiya usulida qayta ishlab, organik o‘g‘it ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish.

Mavzuga oid