O‘zbekiston | 20:36 / 11.12.2021
4277
5 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlariga tabrik yo‘lladi

O‘zbekiston prezidenti sohada keng ko‘lamli islohotlarni joriy etish rejalashtirilayotganini bildirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga tabrik yo‘lladi.

«Saxovatli zaminimizda go‘zal hosil bayrami nishonlanayotgan shu fayzli damlarda yangi O‘zbekiston ravnaqi va aholi farovonligi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan, qadoq qo‘li va fidoyi qalbi bilan elimizning rizq-nasibasini yaratayotgan, o‘z ishining ustasi bo‘lgan mohir dehqon va fermerlar, bog‘bonlar, chorvador va pillakorlar, suvchilar va irrigatorlar, agronom va mexanizatorlar, agroklasterlarning rahbarlari va ishchi-xodimlari, dehqon xo‘jaligi rahbarlari, sohaning jonkuyar olimlari hamda mutaxassislariga samimiy minnatdorchilik bildiraman», — deyiladi tabrikda.

Prezident o‘z tabrigida bu yil respublika bo‘yicha 20 million tonnadan ortiq meva-sabzavot, 7,4 million tonnaga yaqin don, 3,4 million tonnadan ziyod paxta xomashyosi, 23 ming tonna pilla, 2,6 million tonna go‘sht, 11 million tonnadan ortiq sut mahsulotlari, 8,3 milliard dona tuxum, 400 ming tonna baliq yetishtirilgani yil bo‘yi tun-u kun qilingan mashaqqatli mehnatning munosib samarasi ekanini qayd etgan.

«Keyingi paytda butun dunyoda bo‘lgani kabi mintaqamizda ham yuz berayotgan iqlim o‘zgarishlari, suv resurslarining tobora taqchil bo‘lib borayotgani, ekologik muammolar sohada ilm-fan va ishlab chiqarish uyg‘unligini ta'minlash naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatmoqda.

Ana shu omillarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi sohada islohotlarni yanada chuqurlashtirish va innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, aholiga sifatli mahsulotlar yetkazib berish, eksport geografiyasini kengaytirishdek ustuvor masalalarda dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlariga asoslangan, boshqaruvning mutlaqo zamonaviy shakli bo‘lgan klaster tizimi joriy etilayotgani amalda o‘zini to‘la oqlamoqda. Ushbu innovatsion tizim agrar sohani rivojlantirishning muhim vositasiga, qishloq aholisining kafolatli daromad manbaiga aylanib bormoqda.

Hozirgi vaqtda yurtimizda barcha yo‘nalishlarda 651ta agroklaster faoliyat yuritib, paxta va g‘allaning 100 foizi, meva-sabzavotning 40 foizidan ortig‘i aynan ana shunday korxonalar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda», — deyiladi prezident tabrigida.

Qayd etilishicha, paxtachilikda tolani qayta ishlash ko‘rsatkichi 2,5 baravarga oshdi. Hosilning 100 foizi respublikaning o‘zida qayta ishlanishi tufayli ip-kalava ishlab chiqarish 2 baravarga, tayyor mahsulot hajmi 3 baravarga ortdi. Bu boradagi yillik eksport miqdori qariyb 3 milliard dollarni tashkil qildi.

2021 yilning o‘zida 797 gektar maydonda qiymati 2,3 trillion so‘mlik 398ta zamonaviy issiqxona ishga tushirilib, 11 mingdan ortiq kishining bandligi ta'minlandi.

Xorijiy mamlakatlar bozorlariga yangi istiqbolli yo‘nalishlar ochilib, qariyb 1,5 million tonna meva-sabzavot mahsulotlari 65ta davlatga eksport qilindi.

Eksport ko‘rsatkichlarida o‘tgan yilga nisbatan dukkakli mahsulotlar 122 foizga, uzum mahsulotlari 142 foizga, sabzavotlar 103 foizga hamda yong‘oq mahsulotlari 1,8 barobarga o‘sgan. 

Shavkat Mirziyoyevning ta'kidlashicha, sohada keng ko‘lamli islohotlarni joriy etish rejalashtirilmoqda.

«Jumladan, mahsulot yetishtirish tannarxini 30–35 foizga qisqartirish, yer unumdorligini oshirish, dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravarga ko‘paytirish, eksportbop mahsulotlar yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash hamda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, agrosanoat korxonalarini xomashyo bilan ta'minlash va ishlab chiqarish hajmini keskin o‘stirish, chorvachilik tarmoqlari faoliyatini takomillashtirish, suv xo‘jaligi obektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarish tizimiga o‘tish kelgusida o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatadi, albatta.

Oldimizda turgan bunday mas'uliyatli vazifalarni bajarishda barchangiz yelkama-yelka turib, bir tan-u bir jon bo‘lib, bor malaka va tajribangizni, kuch-g‘ayrat va salohiyatingizni safarbar etishingizga ishonaman.

Sizlarni ushbu fayzli va shukuhli ayyom bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.

Kirib kelayotgan yangi – 2022 yilda hosilimiz yanada mo‘l bo‘lsin!

Xalqimiz, elimiz dasturxonidan to‘kin-sochinlik hech qachon arimasin!

Umringizdan, mehnatingizdan baraka toping, tanti va bag‘rikeng, yaratuvchan va ona zaminni sevib ardoqlaydigan azizlarim!» — deya tilak bildirgan O‘zbekiston prezidenti.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid