O‘zbekiston | 16:07 / 11.12.2021
13787
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi IT-park qurilishi bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 dekabr kuni Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini borib ko‘rdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident mazkur majmua qurilishiga 2019 yil 20 noyabrda tamal toshi qo‘ygan edi. Bu galgi tashrifda bunyodkorlik ishlarining borishi ko‘zdan kechirildi.

Bugungi kunda 20-25 qavatli 6 ta ofis binosi qad ko‘targan. Konferensiya zali qurilishi yakuniy bosqichga kirgan. Bu yerda jami 17 ta imorat barpo etiladi. Ular 9 balldan yuqori zilzilaga chidamli bo‘ladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Texnologik parkda IT-tashkilotlar, universitet, konferensiya zali, kovorking markazi o‘zaro uzviy faoliyat olib boradi. Majmua hududida xizmat uylari, mehmonxona, kafe va restoranlar, do‘konlar, sport maydoni, dam olish joylari ham bo‘ladi. Yer ostida 3 qavatli avtoturargoh quriladi.

Prezidentga ushbu obektlarda bo‘ladigan sharoitlar, sohadagi natijalar haqida ma'lumot berildi.

Zamonaviy sharoitlar yaratilib, yetuk mutaxassislar tayyorlanayotgani samarasida so‘nggi besh yilda axborot texnologiyalari sohasida eksport hajmi 50 barobardan ziyod o‘sgani qayd etildi.

– Hozirgi zamonda xizmatlarning katta qismi axborot texnologiyalari orqali ko‘rsatilyapti. Boshqa sohalarning ham samaradorligi shunga bog‘liq. Shuning uchun bu yerdagi sharoitlarni kengaytirib, zamonaviy IT-xabga aylantirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda uning tizimidagi quyi tashkilotlarni shu yerga ko‘chirib, bank va IT-kompaniyalarni jalb etib, texnoparkni yaxlit kompleks tarzida rivojlantirish, soha vakillari uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari shu yerda IT sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar va tadbirkorlar bilan suhbatlashdi, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi mahallalar raislari hamda tuman hokimining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari bilan muloqot qildi.

Mavzuga oid