Jamiyat | 21:33 / 13.12.2021
19942
2 daqiqa o‘qiladi

Hushyorlikka chorlov: Toshkentda majaqlanib ketgan mashinalar evakuatorda olib yurilibdi

Poytaxtda yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lishining oldini olishga qaratilgan targ‘ibot karvonlari tashkil etildi. Ma’lum qilinishicha, eng ko‘p avtohalokatlarni 18-27 yosh orasidagi haydovchilar sodir etmoqda.

Toshkent shahri ko‘chalarida avtohalokat sababli yaroqsiz holga kelgan avtomobillar evakuatorga ortilgan holda olib yurilibdi. Poytaxt YHXB axborot xizmati boshlig‘i Qahramon Xudoyberganovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu – targ‘ibotning bir ko‘rinishi bo‘lib, piyoda va haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishga chaqirish maqsad qilingan.

“Fuqarolarga avtohalokat negizida inson hayoti turganini tushuntirish maqsadida shunday tadbirlarni o‘tkazyapmiz. Kichkina yo‘l hodisasi ham biz uchun favqulodda holat.

Aholi shunday YTH oqibatida og‘ir holga kelib qolgan transport vositalarini ko‘rib, haydovchilarga ko‘rsatib tegishli xulosa chiqarishini istaymiz.

“Tez yordam” mashinasini ham o‘zimiz bilan birga olib yuribmiz. Eng og‘riqli muammolardan biri, afsuski, ayrim haydovchilar ko‘chada “Tez yordam” avtomobiliga yo‘l bermaydi. U mashinada og‘ir ahvoldagi bemor bo‘lishi mumkin. Lekin buni tushunmaydiganlar ham bor”, deydi Qahramon Xudoyberganov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aksariyat avtohalokatlarni 18-27 yosh orasidagi haydovchilar sodir etmoqda.

2021 yil 1 yanvardan hozirgi kungacha Toshkent shahrida 800 dan ortiq YTH yuz bergan; oqibatda 100 dan ortiq inson halok bo‘lgan, 900 dan ortiq inson tan jarohati olgan.

Ma’lum qilinishicha, avtohalokatlarning aksariyati mashinani belgilangan tezlikdan yuqori haydash, piyodalarning harakatlanish madaniyatiga amal qilmayotgani oqibatida yuz bermoqda.

Avvalroq, Kun.uz Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazidan reportaj tayyorlagandi. Unda YTH sababli og‘ir jarohatlangan bemorlar holati haqida hikoya qilinadi.

Mavzuga oid