Sport | 21:34 / 14.12.2021
10692
1 daqiqa o‘qiladi

Olimpiada ochilish marosimi ilk bor daryoda bo‘lib o‘tadi

2024 yilda Parijda o‘tadigan yozgi Olimpiada ochilish marosimi ilk bor stadionda o‘tmaydi. Parij Olimpiadasi tashkilotchilarining ta’kidlashicha, ular O‘yinlarning azaliy an’anasini buzib, ochilish marosimini daryoda o‘tkazishga qaror qilishdi.

Foto: Reuters

Ma’lumotlarga ko‘ra, marosim 2024 yil 26 iyulda Parijni kesib o‘tuvchi Sena daryosida bo‘lib o‘tadi. Tashkilotchilar unga 600 ming tomoshabin tashrif buyurishini kutishmoqda. Ular marosim ochilishini ko‘priklar va sohildan kuzatishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, daryoning ikkala qirg‘og‘ida 80ta katta ekran o‘rnatish rejalashtirilgan.  

200dan ko‘proq davlat sportchilari va rasmiy shaxslari Parij markazidagi Pon-d'Austerlits va Pon-d'Iyena ko‘priklari o‘rtasidagi 6 kmlik masofani 160dan ko‘proq qayiqda suzib o‘tishadi. Olimpiadaning yopilish marosimini esa Trokadero maydonida o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Parij Olimpiadasining ochilish marosimini Senada o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan. 

Olimpiadaga 10 mingdan ko‘proq sportchilar kelishi kutilmoqda. O‘yinlar 2024 yil 26 iyuldan 11 avgustgacha bo‘lib o‘tadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid