O‘zbekiston | 19:51 / 14.12.2021
37179
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident Toshkentdagi tirbandlik muammosini hal qilish chorasi haqida gapirdi

«G‘ishtko‘prik» bojxona postini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Foto: Kun.uz

Xizmat ko‘rsatish sohasida o‘tkazilgan videoselektorda prezident 11 kilometr yo‘l bo‘yini zamonaviy qiyofaga keltirish, 400 gektar maydonda savdo va logistika markazini tashkil etish hisobiga kuniga 5 mingta yuk transporti, 35 ming kishiga xizmat qiladigan infratuzilma yaratish mumkinligiga e’tibor qaratdi.

«Shu kunlarda Toshkent shahrining barcha ko‘chalarida istalgan soatda tirbandlik kuzatilayotgani haqida gapiryapmiz.

Hozirda Toshkent shahriga kuniga 130 ming tonna yuklar katta hajmli mashinalarda kirib chiqadi. Bu poytaxtda tirbandlik, yo‘llar sifati va havoning tozaligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq va Toshkent tumanlarida yuk taqsimlovchi yirik ulgurji savdo logistika markazlarini qurish orqali bu masalani hal qilish mumkin.

Viloyat hokimlari ikki oy muddatda xalqaro yo‘llar kesishmalarida yirik savdo va logistika markazlarini tashkil etish loyihalarini boshlasin. Yoki Toshkent tumanidagi «G‘ishtko‘prik» bojxona postini kengaytirish, 11 kilometr yo‘l bo‘yini zamonaviy qiyofaga keltirish, 400 gektar maydonda savdo va logistika markazini tashkil etish hisobiga, kuniga 5 mingta yuk transporti, 35 ming kishiga xizmat qiladigan infratuzilma yaratsa bo‘ladi.

Umuman, 158ta qishloq tumanlarida xizmat ko‘rsatish sohasida 300 ming ish o‘rni yaratiladi», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilishda Yo‘l bo‘yi xizmatlarini rivojlantirish masalasiga ham e’tibor qaratildi.

«Viloyat hokimlari tijorat banklari bilan birga, kelgusi yildan har bir massivda 21 turdagi zarur xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirishni boshlasin.

Chegara oldida joylashgan 25ta hamda hududidan xalqaro avtomagistral va temir yo‘llari o‘tgan 100ta tumanlar savdo va logistika xizmatlari ko‘rsatishga ixt́isoslashadi. Misol uchun, G‘ijduvon tumanidan o‘tgan «A-380» xalqaro avtomagistral yo‘li yoqasida 245ta aholi uy-joylari joylashgan.

Ushbu uylarning birinchi qavatida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish sharti bilan ko‘p qavatli etib qayta qurish uchun imtiyozli kredit ajratish hisobiga kamida 1 mingta ish o‘rni yaratish mumkin.

Bunda, o‘tgan hafta imzolangan ipoteka qarori doirasida ajratiladigan resurslardan samarali foydalanish lozim. Oldin biz ipotekani faqat yangi uyga berardik. Endi eski uylarni qayta qurishga ham beryapmiz. Bugungi kunda magistral yo‘l bo‘yi servis obektlari bo‘yicha 835 gektar yer uchastkalari ro‘yxati shakllantirilib, 630 gektari auksionga chiqarilgan va shundan atigi 308 gektari sotilgan.

Qashqadaryoda 227 gektar maydon savdoga chiqarilgan va to‘liq sotilgan. Misol uchun, Namanganda atigi 3 gektar, Sirdaryoda – 6 gektar, Toshkent viloyatida – 10 gektar, Qoraqalpog‘istonda – 12 gektar yer uchastkasi savdoga chiqarilgan.

Shu bois, uch oy muddatda barcha xalqaro avtomobil yo‘llari atrofida xorijiy loyihachilarni jalb etgan holda, Yo‘l bo‘yi xizmatlarini rivojlantirish dasturi ishlab chiqilsin. Viloyat hokimlari yo‘l bo‘yi servis obektlarini joylashtirish loyihalarini Bosh vazir huzurida himoya qiladi.

Ushbu loyihalarga kelgusi yilda 200 milliard so‘m ajratiladi. Umuman, kelgusi yilda yo‘l bo‘ylarida kamida 3 mingta loyihani to‘liq ishga tushirish shart.

Yana bir masala – magistral yo‘l bo‘yi va chegara oldi hududlarida logistika xizmatlarini keng yo‘lga qo‘yish uchun, katta imkoniyatlar mavjud.

Masalan, G‘ijduvonda 34 gektar maydonda Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy va Qashqadaryoni bog‘lovchi viloyatlararo ulgurji savdo markazini qurib, 5 ming aholi bandligini ta’minlash mumkin», degan prezident.

Mavzuga oid