O‘zbekiston | 21:39 / 19.12.2021
9973
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda tabiiy archalarni kesib yangi yil archasi yasashdi

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahri Alisher Navoiy ko‘chasiga o‘rnatilayotgan yangi yil archasi uchun o‘sib turgan archalarning shoxlari kesib olinayotgani va bu bilan tabiatga zarar yetkazilayotgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda ma’lum qilinishicha, Alisher Navoiy ko‘chasida yangi yil archasini tayyorlash uchun obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan shu atrofdagi Eldor navli qarag‘ayning yon shoxlari kesib olingan.

Holat yuzasidan boshqarma mas’ul xodimlariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 1-qismiga binoan jarima jazosi tayinlangan.

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

«Shuningdek, davlat inspektorlari tomonidan mas’ullar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilib, ogohlantirilganini ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, MJtKning ushbu moddasida ko‘zda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilganda mansabdor shaxslarga BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solish belgilangan.

Mavzuga oid