Jamiyat | 15:57 / 20.12.2021
46176
11 daqiqa o‘qiladi

Otalar. Uch hayotiy hikoya

Fojiadan umidgacha. Bugungi kun odamlari orasidagi turfa taqdirlar haqida.

Ish yuzasidan odamlar orasida ko‘p bo‘lamiz. Quyida o‘zim guvohi bo‘lganim, farzandlarini ilmli-hunarli qilish uchun o‘zini o‘tga-cho‘g‘ga urayotgan otalar taqdiri haqidagi uch hikoya.

Ikki oylik safar

Farg‘ona xalqaro aeroportida men kutayotgan reys Novosibirsk shahridan soat 15:00da kelib qo‘nishi kerak edi.

Aeroportga kiraverishda tumonat odam to‘plangan. Kimdir kuzatgani chiqqan, yana kimdir yaqini chiqishini kutyapti.

Soat 15:00dan o‘tdi. Reysdan darak yo‘q. Noma’lum sabablarga ko‘ra, kutilayotgan reys soat 16:00da kelishini aytishdi.

Mahalliy aeroportlarda yo‘lovchilarni kuzatuvchilar va kutib oluvchilar uchun alohida kutish binosi yo‘q. Farg‘ona aeroporti ham bundan mustasno emas. Tashqarida esa etni junjiktiradigan sovuq. Kechikkan reys sabab yaqinini kutib olgani chiqqanlar allaqachon sovqota boshlagan edi. Bunday paytda termosda issiq qahva tayyorlab sotuvchilarning bozori chaqqon...

Chiqish yo‘lagi yaqinida to‘rt kishi davra qurib suhbatlashib turardi. Ulardan biri ichki ishlar xodimi bilan salom-alik qilganimga e’tibor qaratib, undan reys kechikishi sababi to‘g‘risida ma’lumot olgan-olmaganimni so‘rab qoldi. Savol bahona ularning davrasiga beixtiyor qo‘shildim.

«Shu sovuqda yaqiningizni kutib olgani chiqibsizlar-da?» deya so‘radim oradagi jimlikka barham berish uchun. Ulardan biri, yoshrog‘i «Ha-a, pochchamizni kutib olishga chiqdik», deya og‘ir xo‘rsindi.

— Pochchangiz Rossiyaga ketganiga ancha bo‘lganmidi?

– Ikki oy... ikki oycha bo‘lgandi.

«Eh, uka, nimalarni aytasiz. Boshimizda shu ko‘rgulik ham bor ekan-da. Nima bo‘lganda ham Yaratganning aytgani bo‘ldi. Qo‘limizdan nima ham kelardi?» — deya boshidagi telpagini qo‘li bilan to‘g‘rilagandek bo‘lib, aeroport ichkarisiga nazar tashlab qo‘ydi yoshi oltmishlarga yaqinlashgan amaki.

Savol nigohi bilan tikilib turganimni ko‘rib, yosh yigit voqeani so‘zlab berdi:

«Pochcham ikki oy avval Rossiyaning Kemerovo oblastiga ishlagani ketgan edi. Avval u hech qayerga chiqmagan. Qishlog‘imizdagi yonilg‘i quyish shoxobchasida ishlab, bir yaxshi kun kechirayotgan edi.

Ikki o‘g‘li oliygohga kontraktga o‘qishga kirdi. Pochcham sevinganidan «o‘zim o‘qimaganimga yarasha, farzandlarimni o‘qitay», deb yaxshi niyat qilgandi. Bu yog‘i ro‘zg‘or degandek. Pul yetkaza olmay noilojlikdan Rossiyaga ketgandi.

Kamerovoda qurilishda ishlayotgan ekan. U yerning havosi juda sovuq bo‘lgani uchun shamollab, yotib qolibdi. Muolajalarga qaramay o‘sha shifoxonada jonini topshiribdi... Hali uyiga bir so‘m ham jo‘natgani yo‘q edi.

Bechoraning jasadi kelishi ham qiyin bo‘ldi. Yaxshilar bor ekan. Rossiyada ishlovchi o‘zbeklar pul jamg‘arib, kelishiga yordam qilishdi. Baraka topishsin! Uydagilar ham qarab turishmadi. Mana endi bu reysda uchib kelyapti... O‘ziyam barvasta, baquvvat erkak edi. Ajal kelsa shu ekan-da...»

Bu kishining so‘zlarini eshita turib, aeroportga nima uchun kelganim yodimdan chiqdi. Samolyot ham kelib qo‘ndi. Ichkaridan yo‘lovchilar birin-ketin chiqib kela boshlashdi. Sovuqda qunishib, yaqinlarini kutib o‘tirgan odamlar birin-ketin ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.

Men ham o‘z ishimni (s’yomkani) boshladim. Negadir panjara ortidagi odamlar orasidan yaqinining jonsiz tanasini kutib turgan kishilarni axtarar edim...

Qora paltoli yo‘lovchi

Yakshanba. Qishloqqa borib, buvimning duosini olib kelishni dilimga tugdim. Zapravkaga borib, mashinaga gaz quydirdim. Xayriyat, navbat yo‘q ekan. So‘ng mashinamni Rishton tomon haydadim.

Farg‘ona shahridan Rishton tumaniga yengil mashinada o‘rtacha hisobda 45 daqiqa yuriladi. Tashqari juda sovuq edi.

Oltiariq hududidan o‘tayotganimda uzoqdan qora kiyimda, qora «maska» taqqan odam mashinani to‘xtatgandek bo‘lib, ilkis qo‘l ko‘tardi. To‘xtadim.

— Rishton tomonga ketyapsizmi?

— Ha, o‘sha tomonga. Siz hammi?

— Ha. Maylimi siz bilan ketib olsam?

— O‘tiring, aka...

Yo‘lda turib qolgan notanish yo‘lovchi shoshganicha mashinaga o‘tirdi. Uning qo‘lida kirligidan qorayib ketgan bozor xaltasi bor edi. Yo‘lovchining holatini ko‘rib, mashina pechkasi issig‘ini yanada balandlatdim.

Manzilga yetguncha u bilan gaplashib ketdik.

50 yoshlar chamasidagi yo‘lovchi asli Bog‘dod tumanidan bo‘lib, har kuni 25 km yo‘l bosib, Oltiariq tumanidagi mardikor bozoriga kelar ekan. U qish kunida ish kamayib ketgani, bir kunda 70–80 ming so‘m pul topayotgani haqida aytdi.

Soatga qaradim — 15:34.

— Bugun ishni ertaroq tugatibsizmi?

— Ha, uka. Yo‘l bo‘yidagi kottejlardan birida hovli tomorqasiga go‘ng tashidim. Havo sovuqligidan ishni tez tugatay, deb ildamroq harakat qildim.

— Farzandlaringiz bormi?

— Bir o‘g‘il bir qizim bor. Bahorgacha mardikorlik qilib turay. Bahordan o‘g‘lim ishlaydigan mebel sexiga ishga kirib olaman. O‘g‘limni mebelchiga shogirdga berganman. Qo‘lidan ancha ish kelib qoldi.

Yo‘lovchi o‘g‘li hunar o‘rganganini to‘lqinlanib hikoya qilar, ich-ichidan xursandligi bilinib turardi.

— Bir kunda 70 ming ishlab topar ekansiz. Uyingiz esa boshqa tumanda. Oltiariqqa har kuni kelib ketishingizga yo‘l kira ketadi-ku?

— Endi, uka, o‘rganib qolganmiz-da. Oltiariqda qishda ham ish ko‘p bo‘ladi-da...

Rishton markaziga kirib keldik. Mashinani yo‘l chetiga to‘xtatdim. Endi u kalovlanganicha cho‘ntak titkilay boshladi. Hamyonidan 5 ming so‘m chiqardi.

— Aka, bir o‘zim ketayotganim uchun suhbatlashib ketgani atay sizni yo‘ldan olgandim. Hali yana uyingizgacha boshqa transportga chiqasiz. Menga bermoqchi bo‘lgan pulingizni Bog‘dodga yetib olish uchun ishlating...

— Uka... xijolatga qo‘ymang odamni...

— Men sizga jiddiy aytyapman...

Qora paltoli yo‘lovchi bir zum o‘ylanib qoldi-da, rahmatlar aytganicha iyagiga tushirilgan qora maskasini burnigacha ko‘tardi. Holbuki, o‘sha atrofda maska taqqan yagona inson shu edi. So‘ng u turnaqator tizilib turgan «Damas»lardan biriga borib o‘tirdi.

Eh... yo‘lda shuncha birga suhbatlashib kelib, qora paltoli yo‘lovchining ismini ham so‘ramabman...

Orzu va tomorqa

Qishloqqa yetib kelib buvimga yegulik sotib olgani yo‘l chetidagi do‘konlardan biri qarshisida to‘xtadim. Do‘kon eshigi oldida mahallamizda yashovchi Ilyos akani uchratdim. Anchadan beri ko‘rishmagan qo‘shni bilan ozroq suhbatlashdik.

O‘zi o‘qimaganiga «alam» qilib farzandlarini oliygohda o‘qitayotgan Ilyos aka bilan har gal uchrashib qolganimizda mavzu faqat o‘qish va ilmdan bo‘lardi. Shuning uchun bu safar ham uning o‘g‘lining o‘qishi haqida gap ochdim.

— O‘g‘lingiz o‘qishni tamomladimi?

— Yaqinda bir yil bo‘ldi, xudoga shukr. O‘qishi tugagan. Amallab o‘qitib oldim. Baxtimizga sigirimiz har yili bittadan tug‘ib berib turdi. Bu yoqda sut-qatig‘ini pullab, ro‘zg‘orga ishlatib turdik. Har yili bolasini sotdik. Kontraktining bir qismini ko‘tardi-da...

— Yaxshi bo‘libdi aka. Endi ukamiz nima ish qilyapti? Ishga joylashgandir?

— Hali yangilikni aytmadim. Zo‘r yangilik bor bizda...

— E, yaxshi-ku! Sizdagi yangilik doim yaxshilikka bo‘ladi. Qani eshitaylik-chi...

— E, uka, o‘g‘limni bilasanku, o‘rtoqlariga qiziqib, chetga ketishga qiziqib yurardi. O‘qishda o‘qib yurganida «Ayls» degan narsa o‘qib turardi. Ballni yaxshi olgan ekan, Koreyadagi o‘qishlardan biriga kirib ketibdi. Boshida bizdan yashirdi chetga o‘qishga o‘tganini. Universitetni tamomlab qishloqda ingliz tilidan bolalarga dars o‘tib yuruvdi. Pulniyam yaxshi topayotgandi. Endi nima deymiz? Ketaman, deb turib olsa...

— Mayli Ilyos aka, omadini bersin. Yoshlarga qo‘yib bering. Kelajagini o‘zi qursin. Shuni xohlabdiki...

— O‘tishga o‘tib oldiku-ya, u yog‘iyam kontrakt ekanda...

— Koreyaga ham kontraktga o‘tdimi? Ha-a, mayli aka, shungayam o‘ta olmaganlar bor. O‘g‘lingizning omadi bor ekan.

— Mayliku-ya, hujjatlariga ham ancha pul ketdi-da. Bir paytlar bolalarimga imorat qurib berarman, degan yaxshi niyatda tomorqa olib qo‘ygandim. Shuni sotib, kontraktlariga to‘ladim. Chet elga ham ketish oson emas ekan-da, uka...

— O‘g‘lingiz Koreyada o‘qib kelib, hali yaxshi lavozimlarda ishlaydi. Bunday tomorqalardan hali sizga ko‘pini olib beradi.

— Gaping to‘g‘ri. Aytganing kelsin, uka. Men ham xotinimga xuddi sen aytgan gapni aytdim. O‘g‘limni uylasam to‘yga aytaman. Kelasan-a?!

Men albatta to‘yda xizmat qilishimni aytib, do‘konga kirdim.

Sarvar Ziyayev, jurnalist.

Mavzuga oid