O‘zbekiston | 14:51 / 20.12.2021
9717
2 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Shermatov PayPal borasida izoh berdi

Toshkent Yoshlar forumida AKT vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda PayPal’dan foydalanish imkoni yo‘qligi borasida izoh berdi.

Foto: Toshkent yoshlar forumi

Toshkent yoshlar forumi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Vazir ochiq muloqotda PayPal bilan bog‘liq vaziyatga, xususan, ushbu to‘lov tizimi nima sababdan O‘zbekistonga kirmaganiga izoh berdi.

«Haqiqatan ham PayPal tizimida O‘zbekiston yo‘q. Bunga, menimcha, O‘zbekistonda uzoq yillar davomida konvertatsiya tizimining ishlamagani va shu kabi boshqa sun’iy to‘siqlar sabab bo‘lgan deb o‘ylayman. Aynan shu sabablar tufayli PayPal O‘zbekistonni o‘z ro‘yxatidan chiqarib tashlagan bo‘lishi mumkin.

Bizning vazifamiz Markaziy bank, Moliya vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan tizimga O‘zbekistonni ham qo‘shishdan iborat. Bu borada o‘zgarishlar bo‘ladi degan umiddaman», – dedi AKT vaziri Shermatov.

Bundan oldinroq, Kun.uz bilan suhbatda PayPal’ning o‘zbekistonlik dasturchisi Og‘abek Yo‘ldoshev PayPal O‘zbekistonga kirmaganining 2 sababini keltirgandi. U biznes muhiti va ehtiyojning yuqoriligi hamda infrastruktura masalasini asosiy muammolar qatorida sanadi.

Dasturchi ma’lumotlarni yig‘ib berish O‘zbekiston hukumati zimmasida qolayotgani bois infrastruktura masalasida O‘zbekiston tomoni oqsayotgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmagandi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 2020 yil oktyabrda PayPal bilan bog‘liq vaziyatga izoh berib, PayPal faoliyatiga cheklovni O‘zbekiston o‘rnatmaganini, kompaniya o‘zi mamlakatga kirish niyati yo‘qligini bildirdi. 2021 yilning may oyida ham bu borada yangilik yo‘qligi ma’lum qilindi.

Mavzuga oid