Jahon | 19:44 / 21.12.2021
11242
2 daqiqa o‘qiladi

Asqar Akayevga nisbatan yangi ayblovlar e’lon qilindi

Avvalroq Akayevning hamkori Bekbolot Talgarbekov sobiq davlat rahbaridan barcha ayblovlar olib tashlangani va unga nisbatan jinoyat ishi to‘xtatilganini aytgandi.

Foto: RIA Novosti

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Asqar Akayevga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruv davom etmoqda, bundan tashqari, unga nisbatan yangi ayblov e’lon qilingan. Bu haqda o‘z muxbiriga tayanib Tengrinews xabar berdi.

Avvalroq Akayevning hamkori Bekbolot Talgarbekov sobiq davlat rahbaridan barcha ayblovlar olib tashlangani va unga nisbatan jinoyat ishi to‘xtatilganini aytgandi.

Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot xizmati Talgarbekovning so‘zlarini rad etdi.

«Tergov ishiga aloqador bo‘lmagan, ish bo‘yicha aniq ma’lumotga ega bo‘lmagan ayrim shaxslarning bunday bayonotlari jamoatchilikni chalg‘itadi», — deyiladi qo‘mita raddiyasida.

Ma’lum qilinishicha, Asqar Akayevga nisbatan 1992 yilda «Kameko» kompaniyasi bilan kelishuv va 2003 yilda «Qumtor» loyihasini restrukturizatsiya qilish ishlari bo‘yicha yangi ayblovlar e’lon qilingan.

«Alohida qayd etish joiz, Asqar Akayev yuqoridagi jinoyatlarni sodir etganiga to‘liq iqror bo‘ldi va tergov bilan faol hamkorlik qilmoqda, uning mamlakatdan chiqishi Bishkekka kelishi kabi tergovchi bilan avvaldan kelishilmoqda. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov ishlari davom etmoqda», — deb ma’lum qilgan Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi.

Shu yilning may oyida mamlakat milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Qumtor konini o‘zlashtirish bilan shug‘ullangan “Kumtor gold kompani” korxonasi vakillariga nisbatan 4ta jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi. Qo‘mita rahbari Qamchibek Tashiyevning ta’kidlashicha, ushbu ish doirasida xavfli moddalar bilan muomala qilish qoidalarini buzish, tuproq va atmosferani ifloslantirish, muzliklarni yo‘q qilish, sug‘urta va soliq qonunbuzarliklari bilan bog‘liq holatlar tergov qilinmoqda.

Mavzuga oid