O‘zbekiston | 11:28 / 25.12.2021
16633
5 daqiqa o‘qiladi

Foto: Qashqadaryoda Uzbekistan GTL zavodini ishga tushirish boshlanadi

Bugun, 25 dekabr kuni Qashqadaryo viloyatida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha “Uzbekistan GTL” zavodining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Bu yerda yiliga umumiy qiymati 1 milliard AQSh dollari yoki 12,8 trillion so‘mdan ortiq import o‘rnini bosuvchi neft mahsulotlari va uglevodorod xomashyolari ishlab chiqariladi.

Foto: Uzbekistan GTL

“Bugungi kunda O‘zbekiston tabiiy resurslaridan foydalanishga tubdan yangicha yondashuvni maqsad qilgan. Buning yorqin namunasi yangi UzGTL zavodi tabiiy gazni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilganidir.

Bu kabi yirik loyihalar tufayli O‘zbekiston bosqichma-bosqich tabiiy gaz xomashyosi eksportidan voz kechib, neft mahsulotlari importini kamaytirmoqda. Bu esa, energetik mustaqilligimizni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shilayotganidan dalolat beradi”, deyiladi Energetika vazirligi xabarida.

Foto: Uzbekistan GTL
Foto: Uzbekistan GTL

Nafaqat O‘zbekiston, balki MDH mamlakatlari ichida eng yirik investitsiya loyihalardan biri hisoblanadigan mazkur UzGTL majmuasi ham innovatsion ishlab chiqarish namunasidir. Shuningdek, MDH hududidagi eng zamonaviy va innovatsiyalardan biri bu – korxonaning markaziy boshqaruv pulti va zavod markaziy laboratoriyasidir.

Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan ortiqcha bug‘ hisobiga elektr energiyasi avtonom tarzda ishlab chiqariladigan “Uzbekistan GTL” zavodini elektr energiyasi bilan ta’minlash masalasi ham innovatsion tarzda hal qilindi. Shunday qilib, korxona nafaqat o‘z faoliyati uchun zarur bo‘lgan elektr energiyasini mustaqil ravishda ishlab chiqaradi, balki zarur hollarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining qo‘shimcha hajmini milliy elektr tarmoqlariga ham yetkazib beradi.

Foto: Uzbekistan GTL
Foto: Uzbekistan GTL

“GTL texnologiyasini tanlash nafaqat bugungi kunda butun dunyoda talab qilinadigan bunday sintetik suyuq yoqilg‘ining import o‘rnini bosish, balki mahsulotlarning ekologik jihatdan tozaligi bilan ham bog‘liqdir. Dizel dvigatelli avtomobillarda 100 foiz GTL yoqilg‘isidan foydalanish chiqindilarni kamaytirish orqali havo sifatini yaxshilash yordam beradi. GTL yoqilg‘isi deyarli zaharli chiqindilarsiz yonadi, karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirishga munosib hissa qo‘shadi”, deyiladi ma’lumotda.

Foto: Uzbekistan GTL

Bundan tashqari, innovatsion texnologiyalar asosida qayta ishlangan gazdan zamonaviy yuqori sifatli UzGTL mahsulotlari ishlab chiqariladi. Chunki xom-ashyo sifatida tabiiy gazdan etan, propan, butan kabi komponentlarni chiqarish orqali turli polimer mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida qayta tozalangan tabiiy gazning bir qismidan foydalanilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, UzGTL zavodida ishlab chiqarilgan nafta polimer mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish obektlariga qayta ishlash uchun yuboriladi va shu orqali yagona neft-gaz-kimyo klasteri yaratiladi.

Foto: Uzbekistan GTL
Foto: Uzbekistan GTL

Qayd etish lozimki, UzGTL sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish loyihasi yaratilishida Sasol (Janubiy Afrika), Haldor Topsøe (Daniya), Chevron (AQSh) va Honeywell kabi yetakchi kompaniyalarning ilg‘or texnologik yechimlaridan foydalanildi.

UzGTL sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish majmuasida yiliga 3,6 milliard kub metr gaz qayta ishlanadi, undan yiliga 1,5 million tonna yuqori sifatli va ekologik toza sintetik yoqilg‘i, jumladan, 307 ming tonna kerosin, 724 ming tonna sintetik dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gaz kabi neft mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan UzGTL mahsulotlari birinchi navbatda, respublikaning neft mahsulotlariga, xususan, dizel yoqilg‘isi va kerosinga, shuningdek, suyultirilgan gazga bo‘lgan ichki ehtiyojini qoplash uchun yetkazib beriladi. Qolaversa, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifatli bo‘lgani uchun eksport qilish imkoniyati ham mavjud bo‘ladi.

Foto: Uzbekistan GTL

Sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha GTL loyihasining umumiy qiymati 3,42 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. GTL loyihasini moliyalashtirishda Xitoy Davlat taraqqiyot banki (CDB), Koreya eksport-import banki (KEXIM), Koreya savdo va sug‘urta korporatsiyasi (K-SURE), “Gazprombank” AJ, “Roseksimbank” AJ, Rossiya eksport kreditlarini sug‘urtalash agentligi EKSAR, loyiha va investitsiyalar (EXIAR),  Credit Suisse, MUFG, Mizuho, Woori Bank, SMBC kabi xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi.

Foto: Uzbekistan GTL

Loyihaning bosh pudratchisi Hyundai Engineering Co., Ltd., Hyundai Engineering and Construction Co., Ltd (Koreya Respublikasi) va Enter Engineering Pte. Ltd (Singapur) konsorsiumi hisoblanadi.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid