10:22 / 28.12.2021
20039

Toshkentda qalbaki dollarga kvartira sotib olgan shaxslar ushlandi

2021 yil 5 avgust kuni fuqaro H.T. hamda “Abror” ismli shaxslar fuqaro J.R.ning ishonchiga kirib, unga tegishli bo‘lgan, Toshkent shahri, Markaz-5 mavzesida joylashgan xonadonni 40 ming AQSh dollariga sotib olishini va’da qilgan.

Foto: Kun.uz

IIV JQBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xabariga ko‘ra, ular 4 pachka 100 dollarlik qalbaki kupyuralarni (39,6 ming AQSh dollari qalbaki, 400 AQSh dollari haqiqiy) bergan holda xonadonni notarial tartibda o‘zining nomiga rasmiylashtirib olgan.

Shu kuni H.T. jinoiy sherigi “Abror” ismli shaxs bilan birga J.R.ga berilgan 496 dona qalbaki, 4 dona haqiqiy 100 dollarlik kupyuralarni va xonadon hujjatlarini egallash maqsadida R.J.ning xonadoniga g‘ayriqonuniy ravishda to‘pponcha bilan qurollangan holda bostirib kirgan va uni urib, qo‘rqitib, bo‘g‘gan holda H.T. tomonidan berilgan qalbaki pullarni va uy hujjatlarini berishni talab qilib, R.J.ga tan jarohati yetkazgan.
 
Holat yuzasidan noma’lum shaxs - “Abror”ga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 176-moddasi 3-qismi “a” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Surishtiruv ishlari davomida, 2021 yilning 17 noyabr kuni IIV JQBB, DXX va Toshkent shahar IIBB JQB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida “Abror” ismli shaxs 1995 yilda tug‘ilgan, Samarqand viloyati Narpay tumanida yashovchi fuqaro X.A. ekani aniqlanib, u Toshkent tumanida joylashgan “G‘isht-Ko‘prik” bojxona postida qo‘lga olingan va IIV VSHga joylashtirilgan.
 
Mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan olib borilmoqda. 

Mavzuga oid
Top