O‘zbekiston | 13:32 / 06.01.2022
20141
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon Qozog‘istondagi holat yuzasidan fikr almashdi

Joriy yilning 6 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbatda davlat rahbarlari O‘zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qildi, shuningdek, mintaqadagi vaziyat, shu jumladan qo‘shni Qozog‘istonda vujudga kelayotgan holat yuzasidan fikr almashdi.

«Ikki mamlakat yetakchilari hozirgi voqealarning ishtirokchisi bo‘lgan tomonlarni vazminlikka va vujudga kelgan masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdilar.

Davlat rahbarlari mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga bundan buyon ham birgalikdagi sa’y-harakatlarni qaratishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar», deyiladi xabarda.

Avvalroq, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgandi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbatda davlat rahbarlari Qozog‘istondagi vaziyatning rivojlanishi, respublikadagi holatni barqarorlashtirish, tez fursatda tinchlik va osoyishtalikni qayta tiklash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashdi.

Mavzuga oid