O‘zbekiston | 23:18 / 08.01.2022
43410
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi yangilandi

O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari miqdori kishi boshiga 1 oyga 498 ming so‘m deb belgilandi. Mazkur miqdor pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilashga asos bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

2021 yilda respublikaning barcha hududlarida 10,6 mingta uy xo‘jaligi o‘rtasida o‘tkazilgan kuzatuv natijalari asosida minimal iste’mol xarajatlari (MIX) qiymati hisoblandi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, xalqaro uslubiyotdan kelib chiqib, MIXni hisoblashda so‘rovnomada qatnashgan uy xo‘jaliklari xarajatlari miqdori bo‘yicha o‘nta guruhga ajratilib, bu oilalar orasidan eng kam xarajat (daromad)ga ega 30 foiz uy xo‘jaliklari ajratib olindi.

So‘rovnoma asosida mazkur uy xo‘jaliklarida jon boshiga kunlik iste’mol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kkal) va zarur bo‘lgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal xarajatlar bir oyda kishi boshiga 498 ming so‘mni tashkil etishi hisob-kitob qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda 5,4 ming uy xo‘jaligi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma yakuni bo‘yicha dastlabki hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari 2021 yil narxlarida 440 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning may oyida e’lon qilingandi. Yangi e’lon qilingan miqdor – 498 ming so‘m undan 13,2 foizga ko‘proq.

Statqo‘mga ko‘ra, jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan.

Mazkur ko‘rsatkichdan:

  • davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
  • mamlakat kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste’mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;
  • kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
  • pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.

Ma’lumot uchun, MIXni aniqlash tartibi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 avgustdagi “Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida”gi 544-son qarorida belgilangan.

Mavzuga oid