Jamiyat | 12:17 / 09.01.2022
35194
20 daqiqa o‘qiladi

«Nega befarqmiz?» - Samarqand shahrida tarixiy obidalar muhiti boy berilmoqda

Samarqand - obidalar shahri, ertaklar shahri. Bobolarimiz qo‘li bilan qurilgan osmono‘par binolar o‘zligimizni anglashimiz uchun, muhim savollarga javob topishimiz uchun kerak: «kimmiz, kimlarning zurriyotimiz, zamon va makonning qaysi koordinatasidamiz?»

Bularni biz — hozirgi sarosimali davr farzandlari, yodgorliklarga qarab bo‘lsa-da anglashga qodir emasmiz balki. Biroq o‘zlikni anglash vositalarini kelajak avlodlarimizga butunligicha yetkazish — zimmamizdagi qarz.

Samarqand shahrida hozirda tarixiy ahamiyatga ega binolar 600dan ortiq bo‘lsa ham, ko‘z-ko‘z qiladiganimiz, faxrlanadiganimiz barmoq bilan sanarli. Obidalar mumkin qadar asrab-avaylanayotgani ta’kidlab kelinadi, lekin olimlarga ko‘ra, o‘sha obidalar tevaragidagi muhit, tarixiy manzara yo‘qolib bormoqda.

Sharqona tarixiy inshoot muhiti, fon vazifasidagi imoratlar mavzusiga ilk bora 90-yillar oxirlarida duch kelganman. O‘shanda, mavzuni chuqurroq o‘rganish maqsadida Samarqand Davlat arxitektura va qurilish instituti professori, tarixiy me’morchilik bilimdonlaridan biri Adham O‘ralovni izlab borganman.

Foto: Kun.uz Professor Adham O‘ralov.

Domla «fonovaya zastroyka»ni tushuntirib, bu «faqat Markaziy Osiyoda emas, balki butun Islom dunyosi me’morchiligi o‘ziga xosligining eng muhim sharti — uyg‘unlik» degandi. Keyin sodda qilib, «masalan, men eng bo‘ydor va baquvvat talabaning salobatini ta’kidlash uchun u bilan yonma yon ozg‘inroq va pastrog‘ini qo‘yishim kerak. Tor ko‘cha bo‘ylab yurib boryapsiz, bir, bir yarim qavatli uylar, burilishlar, yana boraverasiz va kutilmaganda mahobatli, yorqin ranglardagi ulkan imorat paydo bo‘ladi. Ayni bu binolar mo‘ljal vazifasini ham bajargan, ulkan inshootning keng maydon o‘rtasida qoldirilishi Sharq me’morchiligiga xos emas», degandi.

Yaqinda yana shu mavzu yuzasidan Ahdam O‘ralovni yo‘qlab bordim. «Xivada saqlangan, Buxoroda ham bizdagi kabi emas, faqat Samarqandda tarixiy muhit yo‘qotildi, yo‘qotilib borilmoqda», — dedi olim.

Institutning loyihalash kafedrasi dotsenti, me’morchilik fanlari nomzodi Habibullo Qayumov esa «Faqat ayrim yodgorliklar yonida emas, balki butun eski shahar hududida 2 qavatdan baland uy qurish mumkin emas, gap bu yerda faqat qavatda ham emas, har bir bino tarixiy muhitga muvofiq bo‘lishi zarur», dedi. So‘ng, har bir qurilish loyihasi yodgorliklarni asrash tashkiloti, Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanmasdan ijro etilmasligi kerak, deb ta’kidladi.

Nodir me’moriy obidalarimiz manzarasida 4 yoki 5, hatto 6 qavatli binolar qurilishda davom etyapti, ko‘chalar kengaytirilyapti. Samarqand qo‘riqlanishi shart bo‘lgan uchta alohida, ayni vaqtda bir-birini to‘ldiradigan qadimiy shaharlarga ega: Afrosiyob arxeologik qo‘riqxonasi, Amir Temur davrida qad ko‘targan, bugunda xalq orasida eski shahar, deb ataladigan shahar va Koalitsiya davri shahri — yangi shahar.

Bugun men Amir Temur davri obidalari bilan bog‘liq fakt va mulohazalar atrofida to‘xtalmoqchiman. 

Istasak-istamasak, tabiiy sharoit, qor yomg‘ir, shamol, yer silkinishi yodgorliklar doxil, uni o‘rab turgan uy-joylar, infrastruktura fizik holatiga ham, ta’sir qiladi. Lekin Samarqandda obidalar muhitiga kompleks tarzda «zamonaviy» ko‘rinish berish harakati hali Sovetlar Ittifoqi davrida boshlangan edi.

Registon ansambli

Registon majmuasi atrofidagi tarixiy muhitni keskin o‘zgartirish davri o‘tgan asrning 60-yillariga to‘g‘ri keladi. Bu vaqtda ansambl old va yon tomonlaridagi uy-joy va boshqa obektlar tekislangan. Faqat orqa tomondagi mahalla o‘zligicha qolgan.

Foto: Kun.uz

Jumladan, ansamblning chap yonboshida Ulug‘bek qurdirgan, «Hammomi Mirzoyi» nomi bilan mashhur bo‘lgan va besh asrdan buyon faoliyati to‘xtamagan hammom buzilib, o‘rnida «Yubileyniy» restorani (2 qavatli), uning qatorida univermag (3 qavatli) qurildi, «Navoiy» nomidagi kinoteatr paydo bo‘ldi. Obidaning old tomon muhitini tashkil etgan Labi g‘or mahallasi xonadonlari o‘rnida besh qavatli uylar qurildi. Bularning bari balandligidan tashqari, konstruksiyasi, mazmuni, ornamentlari bilan g‘arbona edi.

Foto: Kun.uz

Gohida quloqqa chalinadigan «O‘tmish bilan kelajak uchrashgan maydon» degan ibora o‘sha davrdan qolgan bo‘lsa kerak. Kamiga, keyinroq yana bir hashamatli bino — muzey qurildi. G‘arb tomonidan esa ko‘p qavatli maktab, keyinroq o‘rtaga chiqqan restoran Registon mahobatiga soya tashlardi.

O‘sha xatolarni go‘yo tuzatish harakatlari 2000-yillar o‘rtalaridan boshlandi. Ya’ni «Yubileyniy» restorani tekislandi. Kinoteatr va muzey ham. Univermag binosining faqat bir qavati qoldirildi. Muzey binosi ham tekislandi. Besh qavatli «dom»larning yuqoridagi ikki qavati olib tashlanishi haqida ko‘p gapirildi-yu, lekin bu ham yechim emas, deb hisoblashdi.

Foto: Kun.uz

Achinarlisi, shu davrning o‘zida tag‘in yangi va yangi, yanada jiddiyroq xatolarga yo‘l qo‘yildi. Yuqorida aytdik, bungacha Registonning faqat orqa tomonida tarixiy muhit manzaralari saqlangan edi, chog‘roq ko‘cha, devorlari oq, moviy, kulrang, asosan bir qavatli, ba’zilari boloxonali, ayrimlari ayvonli milliy hovli-joylar edi. Registonga orqa tomondan kirib kelish mumkin bo‘lgan yagona tarixiy ko‘cha 2006 yilda kengaytirildi, mahalla orqaga chekintirildi. Kamiga Registon va mahalla o‘rtasida devor ko‘tarildi. Buning ustiga devorga Registon naqshlari nusxasi berildi. Yana achinarlisi, bu naqshlar rang-bo‘yog‘i asliyatdan ancha yorqin va yaltiroq qilib tanlandi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Men devor qurilishi haqida avvalroq, Registon ansamblining o‘sha vaqtdagi direktor o‘rinbosari Qurbon Hasanovdan eshitganman. Mutaxassis kuyinib gapirdi: «Jamoat binosi qanday qilib jamoatdan ajratib qo‘yiladi?»

Keyin u kishi o‘sha davrlardagi gidlardan faqat bir nechtasi, masalaning mohiyatini biladigan, tajribalilari sayyohlarini aynan o‘sha tor ko‘chadan piyoda olib kelishini uqtirdi: «Tarixiy muhit orqali kirib kelgan sayyohning hayrati o‘zgacha bo‘ladi. Devor ko‘tarish eng katta xatodir».

Oradan 16 yil o‘tibdi. Qurbon Hasanov olamdan o‘tdi. Registon va mahalla o‘rtasidagi devor xato ekani tan olindi. O‘tgan yili qator nashrlar ana shu devor buzilishi haqida xabarlar berdi. Lekin bu masala hali ham aniq yechim topgani yo‘q. Qolaversa, devorni qulatish bilan xatoni to‘laligicha o‘nglab bo‘lmasligi ham bor gap.

Foto: Kun.uz

Habibullo Qayumov devorning o‘zi ham, naqshlar nusxalashtirilishi ham to‘g‘ri bo‘lmaganini ta’kidladi: «Aslida Registonning yagonaligini ko‘rsatishimiz kerak. Nusxalashtirish sayyohning ilk taassurotida asliyatning qiymatini tushiradi, qadrini pasaytiradi. Aslida, ajdodlarimiz qo‘li tekkan osori-atiqa birinchi darajali, nodirligini urg‘ulash kerak».

Darvoqe, Registon atrofida old plandagi muhitni bugunda archalar tashkil qilyapti. Ilojsizlikdan qilingan kontrastli fon. Lekin archa shahar ichkarisida, sharqona ulkan jamoat binosiga qanchalik uyg‘un bo‘ladi, degan savolni xorijiy sayyoh ham xayolidan o‘tkazsa kerak. Samarqandda faqat Registonda emas, boshqa qadimiy jamoat binolari atrofida ham archazorlar kam emas.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Qadimda tarixiy obidalar atrofida yakkam-dukkam tarzda faqat tut ekilgan. Tutning 15-20 metrlik ildizi binodagi namlikni shimib olishga xizmat qilgan.

Foto: Kun.uz

Ansambl ro‘parasidagi 5 qavatli turar joylarni to‘sish maqsadida ekilgan chinorlar esa qishda «vazifasini bajarolmay qoladi».

Go‘ri Amir maqbarasi

Yodingizda bo‘lsa, 1996 yilda Amir Temurning 660 yillik yubileyi nishonlandi. To‘yni munosib o‘tkazish maqsadida davlat miqyosidagi dastur tuzilgandi. Belgilangan tadbirlarning bir qismi Amir Temur maqbarasi bilan bog‘liq edi.

Shu yo‘sinda «ulkan bunyodkorlik ishlari» deb me’moriy obidaning fon manzarasi tamoman yo‘qotildi. Ya’ni ziyoratgoh atrofidagi hovli-joylar, «Tabassum» deb ataladigan choyxona-kafe, sartaroshxona, yodgorlik tomon eltuvchi ko‘chalar tekislanib, «Go‘ri Amir» keng maydonda qoldi. To‘g‘ri, maydonda gulzorlar, favvoralar paydo bo‘ldi. Bu yerda ham ziyoratgoh va mahallaning qolgan qismi o‘rtasida oson dekoratsiya sifatida devor qurildi. Lekin bu eng xato yechim edi... Men o‘shanda tarixiy obida muhiti mavzusini ilk marta o‘rganishga kirishgandim.

Foto: Kun.uz

Bugunda Go‘ri Amir maqbarasi atrofi ham archazor qilib tashlangan. Endi sizni «Ruhobod» maqbarasidan mahallaning bag‘dodi darichalarida zulfinlar osilgan xonadonlar emas, ikki tomoni archalar bilan qoplangan yo‘lak ziyoratgoh tomon boshlaydi. Ayrim mutaxassislar «Ruhobod» maqbarasining zaxlashi va yubiley yilida qurilgan favvoralarga bog‘liqligi bor, deb hisoblaydilar.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Go‘ri Amir maqbarasi yonginasida sovetlar zamonida qurilgan 11 qavatli «Inturist» mehmonxona bir necha yil muqaddam buzildi. Bu sanoqli ibratli ishlardan biri bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

Bibixonim, Shohi Zinda, Hazrati Xizr yodgorliklari va bugunning xatolari

Adham O‘ralov har bir sayyoh o‘tmish nafasi ufurib turgan maqbara, madrasadan chiqib, o‘ziga singdirgan ruhiyatni yo‘qotmasligi, boshqa obektgacha o‘sha kayfiyat saqlanishi muhim, deb hisoblaydi. Lekin Samarqand tarixiy obidalaridan biridan boshqasiga o‘tguncha hashamatli (ayrimlari qo‘pol) «zamonaviy» dom, tibbiy markaz, restoran, supermarket va hokazolar uchraydi. Ular sayyohlarni tarixiy kayfiyatdan, tabiiyki, uzoqlashtiradi.

Foto: Kun.uz

Yuqorida tilga olingan obidalar qatorida Bibixonim, Shohi Zinda va Hazrati Xizr ziyoratgohlari tarixiy muhiti ham sun’iy ravishda zarar ko‘rgan. Eng yomoni, ayni shu kunlarda ham uchala inshoot uchun yagona bo‘ladigan tarixiy muhit ko‘z o‘ngimizda yemirilib bormoqda. Siyob bozori shimoliy-sharqiy darvozasi yo‘liga tutash ko‘prik ustidan kuzatsangiz, har uchala obidaga deyarli bir xil masofada bo‘lasiz. Aynan shu joydan shahar ichkarisiga olib kiradigan yo‘l (Shohi Zinda ko‘chasi) tomonga yuzlansangiz, masalan, kimnidir chaqirsangiz ovozingiz yetadigan yerda ulkan qurilish maydonini eslatadigan manzarani ko‘rasiz. Favqulodda kengaytirilgan yo‘lning har ikki tomoni bo‘ylab qurilish ketyapti.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Imoratlar orasida tarixiy hudud talablari buzilgan hollar kam emas. G‘arb uslubidagi uch qavatli, to‘rt qavatli uylar, mehmonxonalar va allanimalar... Samarqand relfining o‘ziga xosligini hisobga olsak, yo‘lning balandlagan qismida hatto ikki qavatli binolar ham 4 qavatli kabi nisbat beradi.

Xuddi shu yerdan «egasini qamoqqacha olib borgan» 12 qavatli ulkan dom ham ko‘zga tashlanib turadi.

Foto: Kun.uz

Shu kunlarda faqat shu nuqtada emas, balki eski shaharning ko‘plab mahallalarida ham baland va ulkan qurilishlar avj olgan. Olti, yetti qavatli, undan pastroq va balandroq... Qurilishlarni tezroq bitkazishga undalmoqda. Kelgusi yilda Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkiloti anjumani o‘tkaziladi.

O‘zingiz o‘ylang, sayyohga bu «dom»larning qizig‘i bormi? O‘z yurtida bundan yuz marta chiroylirog‘ini ko‘rib, yashab yuribdi u. Balandparvoz tuyulmasin-u, xorijiy mehmon (nafaqat xorijiy) Samarqandga ajoyibotlarni ko‘rgani keladi, ertak ichida bo‘lmoq uchun keladi.

Ammo tadbirkorga buning na qizig‘i bor? To‘g‘ri, tadbirkor tarixiy hududdan yerni arzonga sotib olmaydi. Birovni hovlisidan majburlab chiqarish oson ish emas. Real narxidan kattaroq pul to‘lanadi, yangi domdan kvartira va’da qilinadi, ko‘nmaganda, «ko‘ndiradi». Eski shaharda «uyim «snos»ga ketsin», deb niyat qiladiganlar ham topiladi. Tadbirkor olmoqchi bo‘lgan yer odamlarga tegishli bo‘lmasa, yana boshqacha yo‘llar qo‘llanadi.

Adham O‘ralov eski shaharda qurilgan, tarixiy muhitdan mazmunan uzoq obektlarning asosiy qismi xususiy tadbirkorlarga tegishli, deb aytadi.

«Biz juda ko‘p narsani yo‘qotdik. Uzoq vaqt shaharsozlik nima, obidamiz nima, tarixiy muhitimiz nima, tushunmadik. Tadbirkorlar faqat o‘z foydasini o‘ylab ish qildi, hozir ham qilyapti. Hozir ham shu qadimiy makondan joy izlab, har kuni sang‘ib yuradiganlar bor. Bir parcha bo‘lsa ham ko‘zlagan yerini olmasdan qo‘ymaydi. Odam qo‘yadi, tanish-bilish qiladi, korrupsiyani ishga soladi», — deydi professor.

Samarqandda tarixiy hududdagi «dom» yaqinida yashovchilar o‘zlarining haq-huquqlari poymol etilgan, deb murojaat qilgani ma’lum.

Habibullo Qayumovning fikricha, tadbirkor agar bitta «dom» ga sarflanadigan mablag‘i, g‘ayratini bitta mahallada tarixiy muhit yaratib berish va o‘sha yerning muntazam faoliyatiga ishlatsa, «dom»dan ko‘ra ko‘proq moddiy foyda oladi. Rivojlangan mamlakatlarda qonunlar va iqtisodiyot shunday tashkil etilganki, tarixiy hududda yashagan odam shu yerda yashashdan va tarixiy yodgorlikni saqlashdan manfaatdor. Soliqda va boshqa jihatlarda imtiyozlar bo‘lishi kerak.

Domlaning gaplaridan shuni angladimki, tadbirkor kelib, boshqa bir hududdan ikkita shunday joy olsang, bo‘ladigan pul beraman, desa ham, uy egasiga uyini sotishga rozi bo‘lmaydigan darajada imkoniyatlar yaratib berishi kerak. Habibullo Qayumov tarixiy muhitni saqlashda aholi soni oshib borishining ham ta’siri katta, deb hisoblaydi. Uning aytishicha, tarixiy hududda aholining demografik o‘sishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak. Odam ko‘paygani sayin infrastruktura kerak bo‘ladi. Eski shaharda kanalizatsiya, gaz, elektr ta’minoti juda yomon». Bu yerda demografik o‘sishda «dom»larga ko‘chib kelayotgan aholining hissasi kam emas. Bu muammo ham «dom»lar bilan bog‘liq masala bo‘lib chiqadi.

Xo‘sh, eski shahar yerida qurilayotgan «dom»lar, mehmonxona va hokazolar tarixiy muhitga shunchalar nomuvofiq ekan, ularning loyihalarini kim yaratyapti, kim tasdiqlayapti? Imorat igna emas, ular ko‘z oldimizda qad rostlayapti. Qurilishlar borishini vertolyotdan, mashinadan, piyoda kuzayotgan viloyat, shahar mutasaddilari tarixiy muhitni, fonni juda yaxshi biladilar. Zero, YuNeSKO 2019 yildagi majlisida aynan Samarqanddagi tarixiy obidalar muhiti nimaligini hammamizga eslatdi.

Professor Adham O‘ralov eski shaharda noqonuniy qurilishlar korrupsiya bilan bog‘liqligini tadbirkor Umar Rajabov faoliyati misolida ko‘rsatadi. «Aslida 4-5 qavatli loyiha bilan (aslida, shu ham mumkin emas edi) 12 qavat qilib «dom» ko‘tarildi. Odamlar ko‘chib ham o‘ta boshlashdi. Shundan keyingina kalavaning uchi topildi.

Bugunda yangi «dom»lar hujjatlari haqida so‘rasangiz, qurilishga bosh-qosh bo‘lib yurgan mas’ullar (obektning haqiqiy egasini topish mushkul) loyiha Toshkentda tasdiqlanganini aytishadi.

Yana bir masala. Samarqandning eski shahar qismida keng ko‘chalar ham kerakmi? To‘g‘ri, mashinalar ko‘payib ketdi, inkor qilib bo‘lmaydi. Lekin yuqorida aytdik, katta ko‘chalar, katta maydonlar Sharq yodgorliklari muhitiga xos emas, ular manzarasida obidaning mahobati sezilarli darajada kamayadi. Bugun biz sayyohlikni sanoat darajasida rivojlantirish imkonimiz bor ekan, shu soha bizning katta nonimiz bo‘lar ekan, nega tarixiy hudud oralab o‘tadigan avtomobillar qatnovini cheklash, aylanma yo‘llarga burish, yengil transportlarni tashkil etish imkonini o‘ylab topish mumkin emas?

Foto: Kun.uz

Bibixonim va Registon oralig‘idagi transport qatnovini to‘xtata bildik-ku. Transport harakati ortishi avvalo, tarixiy obida holatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi. Rezonans (bu yerosti silkinishi bilan bog‘liq) kuchaygan sayin me’moriy yodgorlikdagi egilishlar, cho‘kishlar, yorilishlar (bular barcha obidalarimizda bor) salbiy holat tomon ketaveradi. Xavotirlisi, Hazrati Xizr, Bibixonim va Shohi Zinda masjid maqbaralariga birdek ta’sir ko‘rsatadigan joyda tramvay qatnaydi.

Olimlar shaharning o‘zigagina emas, uning bufer zonasi atrofida ham baland imoratlar ko‘tarish mumkin emas, deb hisoblaydilar. Jumladan, Qorasuv massivida 16, 24 qavatli binolar ko‘tarilgani savol ostiga olinadi. Darxon bo‘yida qurilayotgan massivning ekologiyaga salbiy ta’siri ham ta’kidlandi. «Ekologik buzilish aynan tarixiy yodgorliklar holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, yomg‘irlarda kislota tarkibi ortadi», deyishdi suhbatdoshlarim.

Samarqand shahri 2001 yilda YuNeSKOning jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

2019 yilda YuNeSKOning jahon merosi qo‘mitasining 43-sessiyasida esa Samarqand tarixiy obidalari muhiti bilan bog‘liq xavotirlar bildirilgan.

Hujjatda yozilishicha:

«JMQ axborotiga muvofiq, Samarqand YuNeSKOdan oxirgi 20 yil ichida tarixiy landshaftni saqlash uchun 130 ming AQSh dollarini olgan. Hokimiyat faoliyatining natijasi teskari: tarixiy landshaft xavf ostida». Ma’lum bo‘lishicha, sessiyada YuNeSKO Samarqanddagi yuzdan ortiq obekt borasida tavsiya ilova qilgan.

Kun.uz kolumnistlarni hamkorlikka chorlab qoladi. Dolzarb mavzulardagi mualliflik maqolalarini @Muhammadshakur Telegram-manziliga yuborishingiz mumkin.

Mustahkam TANGRIYoROVA, jurnalist

Mavzuga oid