19:27 / 12.01.2022
33063

Bu – notenglar tashkiloti. Tahlilchilar bilan YeOIIga kirish oqibatlari haqida suhbat

O‘zbekistonlik siyosiy tahlilchilar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'ga bergan intervyusida O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga yaqinlashuvi va buning oqibatlari haqida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2020 yil 11 dekabrda YeOIIda kuzatuvchi-davlat maqomini olgandi.

O‘zbekiston ichida turli xavotir va bahslarga sabab bo‘layotgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi aslida qanday tashkilot?

Farhod Tolipov: Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi nomli tashkilot Sobiq sovet makonidagi antiqa bir tashkilot bo‘lib chiqdi.

Men YeOII haqida gapirishdan avval undan amalda bo‘lgan boshqa bir tashkilot – «YevrAzEs» haqida gapirmoqchiman. Chunki o‘sha tashkilotga ham hozir YeOIIga kirgan deyarli barcha davlatlar a’zo edi.

O‘zbekiston ham jumladan, 2005 yilgi Andijon voqealaridan keyin «YevrAzEs»ga a’zo bo‘lib kirgan. Ammo 2008 yilda o‘zining rasmiy qarori bilan bu tashkilotdan chiqib ketgan.

Men suhbat boshidagi bu ma’lumotlarni eslab qolishni maslahat beraman. Chunki bizda YeOIIga deyarli o‘xshash tashkilotga a’zolik bo‘yicha tajriba bor va biz undan chiqib ketganmiz.

Bugungi YeOII esa o‘sha «YevrAzEs»ning «mahsuloti», «bolasi».

YeOII — bir qaraganda o‘z nomi bilan iqtisodiy birlashma va umumiy iqtisodiy manfaatlarni ko‘zlagan davlatlar unga a’zo bo‘ladi. Bilamiz, bugun bu tashkilotga Rossiya, Belarus, Armaniston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi davlatlar a’zo hisoblanadi.

Farhod Tolipov

2015 yilda tuzilgan bu tashkilot bugun 7 yoshga to‘ldi. Men o‘tgan vaqtdagi o‘z shaxsiy kuzatuvlarimdan kelib chiqib ayta olamanki, YeOII – iqtisodiy maqsadlardan ko‘ra ko‘proq geosiyosiy maqsadlarni ko‘zlagan tashkilot.

Uning tarkibida faqat yagona bir qudratli davlat mavjud, bu – Rossiya Federatsiyasi. Qolgan davlatlar esa bu tashkilotda ko‘rinmas, past, zaif va tobe darajadagi a’zo sifatida ishtirok etadi.

Demak, barchasini jamlab xulosa qilinsa, YeOII – notenglar tashkiloti. Ya’ni u nodemokratik tashkilot.

Bugun dunyoda tuzilayotgan har qanday tashkilot asosiga qarasangiz, unda demokratik tamoyillar ustun bo‘ladi. Unga a’zolar esa o‘zini qisilgan, zaif va tobe his qilmaydi. Kichik davlatlarda ham kattalarni tiyib turish tamoyillari ishlaydi. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida esa hamma manfaatlar faqat birgina davlat manfaatiga xizmat qiladi.

Kamoliddin Rabbimov: Farhod akaning fikrlariga to‘la qo‘shilaman. Bugun Rossiya hokimiyati tepasida turgan Vladimir Putin o‘z oldiga ulkan geosiyosiy maqsadlarni qo‘ygan. Bu – Putin 2007 yilda Myunhendagi chiqishida e’lon qilgan g‘arb bilan kurash maqsadi.

Kamoliddin Rabbimov

Bugungi kunda bu borada rasmiy Kremlning ikki yo‘nalishdagi yirik loyihasi bor. Birinchi loyiha – possovet davlatlari bilan yirik iqtisodiy integratsiyani ta’minlash (YeOII) bo‘lsa, ikkinchisi – harbiy strategik loyiha (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti).

Bugun Rossiya possovet davlatlarining barchasini mana shu ikki tashkilotga a’zo qilishni va bu orqali ularni geosiyosiy, geoiqtisodiy va geomafkuraviy jihatdan to‘laqonli nazorat qilishni istaydi.

Umuman, Rossiya globallashgan dunyoda o‘z loyihasini tuzishni istadi. Globallashgan dunyoda esa barcha davlatlarning integratsiyaga uchrashi tabiiy holat.

Lekin har qanday integratsiyaning tub ildizida ma’lum qadriyatlar bo‘lishi ham kerak. Lekin YeOIIga a’zo davlatlarning jamiyatlariga e’tibor bersangiz, bu tashkilotdan norozilik yildan yilga kuchayib boryapti. Masalan, Qozog‘istondagi so‘nggi voqealarda ham aholi Qozog‘istonning YeOIIdan chiqishini talab qilib chiqdi.

Bir narsa aniq, 2014 yildan boshlab Rossiyaning o‘zida ham nominal yalpi ichki mahsulotlar hajmining kamayishi ro‘y beryapti. Buning qator sabablari bor. Masalan, Rossiya 2014 yilga qadar gaz va neft savdosidan juda katta foyda ko‘rardi. Ammo keyinchalik sanksiyalarga uchragan davlat sifatida asosiy eksport mahsulotlari – uglevodorodlarning narxi tushishi hisobiga juda katta zarar ko‘ra boshladi.

Rossiyaning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidagi asosiy maqsadlari iqtisodiy emas, siyosiydir. Shu bois, bu tashkilotga a’zo davlatlar orasida yashirincha va oshkora siyosiy muhitni sezish qiyin emas.

Rossiya shunday davlatki, u bilan ittifoq doirasida raqobatga borish yoki kelishuvlarni qaytadan ko‘rib chiqish juda mushkul. Chunki Rossiya bu kabi ishlarni o‘z vertikali yoki pozitsiyalariga xuruj va tahdid deb qabul qiladi.

Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev YeOIIga nisbatan ayrim tanqidiy fikrlarini bildirgan edi. Ikki hafta o‘tar-o‘tmas esa Putinning «Sovet ittifoqiga kichik hudud bilan kirib, katta hudud bilan chiqib ketgan davlatlar bor», mazmunidagi intervyusi chiqdi. Bu Qozog‘istonga ishora edi.

Ya’ni YeOII doirasida bo‘layotgan diskriminatsiyani tanqid qilgan davlatga  Rossiya tomonidan siyosiy tahdid bilan javob beriladi. Demakki, YeOIIning maqsadi geosiyosiy va siyosiydir.

O‘zbekiston YeOIIga a’zolik bilan iqtisodda nimalar yutadi yoki yutqazadi?

Kamoliddin Rabbimov: Menimcha, O‘zbekistonning bu tashkilotga yaqinlashuvining bir qancha o‘lchamlari bor. Iqtisodiy o‘lchamlar doirasida O‘zbekistonga, albatta, ma’lum dividendlar – ijobiy jihatlar ham bo‘ladi. Lekin buning ortidan yirik va uzoq muddatli salbiy oqibatlar ham bo‘ladi.

Hozir O‘zbekistonning ichkarisida turib milliy boylik yaratish jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. Agar O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘lsa, mana shu jarayon sekinlashadi yoki jiddiy zarba yeydi.

Bu bir tomondan O‘zbekistondagi monopoliyalarni zaiflashtiradi. Ularning zaiflashishidan jamiyat ham manfaatdor. Lekin bu monopoliyalarni zaiflashtirishni uzoq muddatli iqtisodiy zarbalar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Monopoliyalar — bu O‘zbekistonning ichki avtonomiyasida hal qilinishi mumkin bo‘lgan muammodir.

Shuningdek, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga ehtimoliy a’zoligi orqali O‘zbekistonning tashqi dunyo va yirik iqtisodiy tashkilotlar bilan aloqasi cheklanadi.

Farhod Tolipov: Men o‘zbekistonlik iqtisodchilarning YeOIIga a’zolik bo‘yicha argumentlarini eshitib hayron qolyapman. Ular aksar hollarda Rossiya bilan eksport, importdagi raqamlarni, savdo aloqalarini keltirishga harakat qiladi. Ya’ni faqat ikki tomonlama aloqalarni ko‘rsatishadi. Lekin e’tibor bering, 30 yil davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida juda ko‘p sohalarda katta paketli hamkorlik shartnomalari imzolangan. Bu borada Rossiya O‘zbekistonning tashqi savdodagi Xitoydan keyingi eng yirik hamkori ham. Savol tug‘iladi, bundan ortiq yana nima kerak?

Lekin Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida faqat Rossiya bor emas-ku. Nega qolganlar haqida gapirishmaydi? Armaniston, Belarus bilan aloqalar-chi?

Demakki, O‘zbekistonning YeOIIga a’zoligi bilan bog‘liq argumentlar unchalik ishonchli emas. Bunda tashkilotning iqtisodiy emas, siyosiy ekanligi borasidagi shubhalar yana ortadi.

Bu borada YeOIIga a’zo boshqa davlatlar tashkilotga a’zolik bilan yutdimi yutqazdimi, degan savol ham tug‘iladi. Men bu borada qozoq, qirg‘iz ekspertlari bilan juda ko‘p gaplashaman. Ularning fikri, tahlil va maqolalari YeOIIga a’zo davlatlarning pushaymonligini ko‘rsatadi.

Men yaqinda ham qozoq ekspertlarining fikrlarini o‘qidim. Ular aytyapti: «Qozog‘iston YeOIIga a’zolik bilan iqtisod, savdo, eksport, import, bojxonada faqat yutqazdi».

Buni biz emas, shu tashkilotga a’zo davlatlarning ekspertlari aytmoqda. Yaqinda o‘tgan namoyishlarda ham shu fikrlar yangradiki, Qozog‘iston YeOIIdan chiqib ketishi kerak.

Savolga javobim so‘ngida yana bir holatni eslab o‘tmoqchiman. Yaqinda rossiyalik jurnalistlar O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovdan O‘zbekistonning YeOIIga a’zoligi haqida so‘rashdi. Komilov ularga qarab aytdiki, «biz qo‘shnilarimizning tajribasini yaxshilab o‘rganamiz».

O‘ylaymanki, O‘zbekiston hukumati mana shu pozitsiyada turishi kerak. Chunki ko‘ryapmizki, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda YeOIIdan norozilik ko‘p. Biz buni hisobga olishimiz kerak.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Top