O‘zbekiston | 08:41 / 13.01.2022
5522
2 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airports yangi ro‘yxatga olish tizimini joriy etmoqda

Uzbekistan Airports Astra DCS yo‘lovchi va bagajni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini bosqichma-bosqich joriy qilishni boshladi. 

Foto: Kun.uz

Shirkat xabariga ko‘ra, «Namangan» xalqaro aeroporti «Uralskiye avialinii» aviakompaniyasining Namangan-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha qatnoviga ushbu yangi tizim bo‘yicha xizmat ko‘rsatdi. Bortida 222 yo‘lovchi bo‘lgan samolyot kecha parvoz qildi. Yangi ro‘yxatga olish tizimi bo‘yicha ikkinchi qatnov ham 12 yanvar kuni soat 03:00da Namangan aeroportidan Yekaterinburgga amalga oshirildi.

«Ilgari barcha aeroportlar milliy aviakompaniyaning bitta ro‘yxatdan o‘tish tizimidan foydalanardi. Keyinchalik aeroportlar uchun o‘zlarining ro‘yxatga olish tizimiga ega bo‘lish ehtiyoji tug‘ildi. Uzbekistan Airports Sirena Travel kompaniyasining Astra DCS tizimini tanladi. O‘zbekistonning barcha 11 ta xalqaro aeroportlarida, o‘zining ro‘yxatga olish tizimiga ega bo‘lmagan barcha aviakompaniyalar ham ushbu tizimga bosqichma-bosqich o‘tadi. Tizim grafik interfeysga ega bo‘lib, yo‘lovchilar va yuklarni tez va qulay tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish imkonini beradi», — deydi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Javlon Umarxo‘jayev.

Ta’kidlanishicha, bu yo‘lovchilar va bagajni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining barcha zarur operatsiyalari avtomatik ravishda bajarilishini ta’minlaydigan zamonaviy ko‘p tilli xosting tizimdir.

Mavzuga oid