O‘zbekiston | 13:29 / 13.01.2022
6057
2 daqiqa o‘qiladi

Yunusobodda 10 tup qarag‘ay arralab ketilgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

2021 yil 14 dekabr kuni tunda Toshkentning Yunusobod tumanida noma’lum shaxslar qurilish rejalashtirilayotgan hududdagi 10 ta daraxtni arralab ketishi bilan bog‘liq holat yuzasidan jinoyat ishi ochildi.

Foto: t.me/potrebitel_uz

«Yunusobod tumanida 10 dona qarag‘ay arralab ketilganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», deyiladi Bosh prokuror matbuot kotibi ma’lumotida.

Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi o‘rganishlari davomida diametri 28, 26,7, 37, 18, 27,7, 25, 23,8, 21, 18,7 va 22,2 santimetrli daraxtlar arralangani aniqlangandi.

Hududda istiqomat qiluvchi aholining ta’kidlashicha, avvalroq ham daraxtlarni quritishga urinishlar bo‘lgan. Qurilish amalga oshishi kerak bo‘lgan hudud oldin o‘rab olingan, archalarni quritish uchun taglari kesib chiqilgan.

Dekabr oyida ekologlar botanika bog‘i mutaxassislarini jalb qilgan holda zararlangan daraxtlarni saqlab qolish uchun agrotexnik tadbirlarni amalga oshirgan. Qarag‘ay daraxtlari tanasidagi jarohatlar davolangan va yopilgan, daraxtlar raqamlangan.

Shov-shuvlarga qaramay, daraxtlarga ikkinchi marta suiqasd uyushtirildi. 2022 yil 10 yanvarga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar yana 4 tup eldor qarag‘ayini kesib tashladi.

Yunusobod tumani prokurori Saidkarim Muxtarovning ma’lum qilishicha, Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasida kesilgan 10 ta qarag‘ay sabab o‘simlik dunyosiga 83 million so‘m zarar yetgan.

Mavzuga oid