Business class | 12:11 / 23.01.2022
392275
6 daqiqa o‘qiladi

Biznesmenga aylangan sartarosh - Brohouse qanday ochilgandi?

Avtohalokat tufayli oyoqlari ma’lum vaqt harakatlanmay qolgan, shifokorlar yurib ketishiga umid bildirmagan sartaroshning mashaqqatli hayot yo‘li va biznesdagi muvaffaqiyati – “Biznes klass”ning yangi soni mavzusi. Qahramonimiz – Brohouse brendi asoschisi Akmal Ahrorxo‘jayev.

Loyiha davomida juda ko‘p tadbirkorlarning ishlari bilan tanishamiz, foyda-zararni ko‘rib chiqamiz, hikoyalarga quloq tutamiz. Bu galgi ko‘rsatuvimiz qahramoni bilan muloqot qilib o‘zimiz uchun ham juda katta ma’lumot va taassurot oldik. Bir qarashda oddiygina hunar —  sartaroshlikni yetarli darajada biznesga aylantira olgan, yaqin kunlarda yangi filiallar ochishni reja qilib turgan brend bilan yaqindan tanishdik.

Toshkent shahrining “Milliy bog‘” metro bekati yaqinida joylashgan, Brohouse erkaklar saloni asoschisi Akmal Ahrorxo‘jayev, bolalik yillari, avtohalokat tufayli yurolmay qolgani, sinovlardan matonat bilan o‘tib kelayotgani haqida gapirib berdi: “Bolaligimda onam, jarroh bo‘lishimni xohlardilar, otam esa “O‘g‘lim biron bir kursining egasi bo‘ladi” derdilar. O‘zim esa san’atkor bo‘lishni orzu qilardim. Ammo otam san’atkor bo‘lishimga qarshi bo‘lganlar, shundan so‘ng men sartaroshlik kasbini tanladim. Buni qarangki, tanlagan kasbim bilan, qaysidir ma’noda birvarakayiga uchta insonning orzusini amalga oshirdim. Hozir bir emas, bir necha kursining egasiman, jarrohlar qaychi ishlatgani kabi, men ham har kuni qaychi ishlataman, bemorlarim esa soch oldirishga kelgan mijozlarim. San’atga qiziqishimga keladigan bo‘lsak, juda ko‘p san’atkorlar bilan birga ishlashga to‘g‘ri keladi. Ular bilan turli xil konsert dasturlari va bayram tadbirlarida birga ishlayman”, — deydi qahramonimiz.

Avtohalokat sabab Akmal Ahrorxo‘jayevning oyoqlari bir yilcha butkul harakatlanmay qoladi. Endigina stilistlik ishlari yurisha boshlagan qahramonimiz ruhiy tushkunlikka tushib, qanday qaror qabul qilish borasida boshi qotadi. Chunki Toshkentda bu jarrohlik amaliyotini amalga oshirishga imkon, Hindistonda esa ijobiy natijaga kafolat bo‘lmaydi. Voqelikning davomini muallif tilidan hikoya qilamiz:

“Allohga tavakkul qilib operatsiyaga rozi bo‘ldim va Hindistonga uchib ketdik. Uch kun operatsiya qilishdi. O‘zim bilmayman, 11 kun behush yotgan ekanman. Atrofdagilar va shifokorlar umidini uzishgan ham ekan. Alloh mehribon, men yana ko‘zimni ochdim. Maxsus sharoitda O‘zbekistonga uchib keldik. Yurib ketishimga umid bildirishmadi. Doim qimirlab, ishlab turgan yigitning to‘shakka mixlanib qolishi chiroyli holat emaskan. Uyda akamlarga iltimos qilib, yotog‘im oldiga turnik yasattirib oldim. 6-7 oy tinimsiz mashq qilib tortildim. Kechalari oyog‘imga g‘isht bog‘lab yotdim.

Keyin-keyin oyog‘im juda ham kuchsiz harakatlandi. Umuman ishlamayotgan a’zoning 3 foiz bo‘lsa-da, qimirlashi odamga katta umid berarkan. Allohning izni bilan turdim. O‘sha holatda uyga kichik sartaroshxona sharoitlarini hozirladik va mijozlarni chaqirib xizmat ko‘rsata boshladim. Yigit kishi mehnat bilan ekan, bu menga motivatsiya berdi. Sekin-sekin qo‘ltiq tayoq yordamida yura boshladim. Salonga chiqib, o‘z kasbimga rasmana qaytdim. Uyda yotib qolgan davrlarda vaqtning qadriga yetdim.

Endi bundan bu yog‘iga oddiy yashay olmayman. Kengayishimiz kerak, o‘zimizdan namunali ishlar qoldirishimiz kerak, degan o‘ylarda bu hunarni biznesga aylantirish uchun harakatlarni boshladik. Oilamizdan tadbirkorlar chiqmagan. Xohish bo‘lgani bilan, ish yuritishni bilmasangiz, biznesda muvaffaqiyat qozona olmaslikni his qilardim. Tadbirkorlikni o‘rgatuvchi kurslarga bordim. Darslarda o‘rganganlarim asosida “Brohouse” deb nomlangan erkaklar saloniga asos soldik. Alhamdulillah, bugungi kunda hamma narsamiz yetarli”.

Biznes klassning asosiy e’tibor qaratadigan jihatlari bu biznesning raqamlarga oid ma’lumotlari sanaladi. Boshlab olish uchun qancha sarmoya kerak, oylik xarajatlar, maoshlar, o‘zaro kelishuv, salonning ijara haqi va albatta bu biznesdan qancha daromad ko‘rish mumkin ma’nosidagi barcha savollarga javob olishga urindik.

Ko‘rsatuvning Youtube’dagi to‘liq talqinini ko‘rish orqali, kerakli narxlar bilan tanishasiz.

Kuzatuvchi va “Brohouse” mijozlari uchun e’lon! Video ostiga o‘z fikringizni qoldiring! Eng qiziqarli va kreativ izoh egasi deb topilgan 5 kishiga Brohouse xizmatlaridan bir martalik bepul foydalanish imkoniyati taqdim etiladi. Ya’ni o‘zingiz yoki tanishingizda soch-soqolni ko‘rkam holatga keltirishda Akmal Ahrorxo‘jayev jamoasi hech qanday to‘lovlarsiz xizmat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, “Biznes klass” promokodi orqali 30 foiz chegirmani qo‘llashingiz ham mumkin. Ko‘rsatuvlarimizni kuzatib boring, biz biznesni ichkaridan ko‘rsatamiz!

Mualliflar:
Eldor Abdulvohid,
Ibrohim Samatov

Tasvirchilar:
Mahmud Soliyev,
Nuriddin Nursaidov,
Otaxon Yusupov

Montaj ustasi:
Xayriddin Ayyub

Brohouse bilan aloqa:

+998 97 012 55 55

+998 97 411 11 14

Sayt: bro-house.uz

Mavzuga oid