Jahon | 16:09 / 24.01.2022
4123
2 daqiqa o‘qiladi

G‘ubor indikatori: Polsha shaharlarida o‘pka installyatsiyalari o‘rnatiladi

Polshada Polish Smog Alert ekologik uyushmasi atrof-muhit ifloslanishining xatarini namoyish etmoqda. Poytaxt Varshavaga o‘rnatilgan installyatsiya aholi tomonidan yaxshi qabul qilindi va endi yana 41ta shaharda inson o‘pkasi installyatsiyasi o‘rnatiladi.

Foto: Reuters

“O‘pka” modeli oq tusda bo‘lib, havodagi mavjud barcha chang-g‘ubor uning ustida to‘plana boradi. Uning konstruksiyasi shunday yasalganki, o‘zi orqali havoni o‘tkazadi, buning uchun uning orqa tomoniga ventilyatorlar o‘rnatilgan. Shu tariqa, oradan bir necha hafta o‘tgach, o‘pka modeli ustiga ingan zararli moddalardan qorayib ketadi.

Loyiha tashabbuskori Magdalena Kozlovskaning so‘zlariga ko‘ra, shahar aholisi “o‘pka”ning shu taxlit kirlanayotganini ko‘rsalar, o‘zlari nafas olayotgan shahar havosining tozaligi qanchalar muhim ekanligi va sog‘likka ta’sirini yanada chuqur his qiladilar.

Bunday installyatsiyalar ayniqsa havoning ifloslanishi darajasi o‘lchanmaydigan va aholi bundan bexabar bo‘lgan hududlarda o‘rnatilishi rejalangan.

Foto: Czystepowietrze

Loyiha mamlakatda isitish mavsumi boshlangan vaqtda ishga tushgan. Aynan shunday vaqtda issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun mamlakatda turli IESlar bor quvvati ishlaydi va buning oqibatida havoga ko‘plab zaharli moddalar va g‘uborlar ajralib chiqadi. Mamlakatning aksar binolari va xonadonlar ko‘mir yoqish orqali olinadigan energiya vositasida isitiladi.

Shuningdek, loyiha mualliflarining fikriga ko‘ra, “o‘pka”ning bunday qorayishini ko‘rgan aholi binolarni isitish uchun kamzararli moslamalar uchun beriladigan subsidiyalarga ham e’tiborliroq bo‘ladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid