Jahon | 21:31 / 24.01.2022
17114
2 daqiqa o‘qiladi

Istanbulni quyuq qor qopladi. O‘zbekistonliklardan aeroportga bormaslik so‘raldi

Qor bo‘roni tufayli Turkiyaning Istanbul aeroportidan barcha aviaqatnovlar noma’lum muddatga bekor qilindi.

Foto: Hurriyet daily news

O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi axborotiga ko‘ra, aeroportga borish avtomobil yo‘llari ham kuchli qor sababli yopilgan.

“Bosh konsulxona fuqarolarimizdan vaziyat ijobiy o‘zgarishiga qadar aeroportga bormaslikni iltimos qiladi. Uchoqlarning o‘zgargan vaqtini aniqlab borish tavsiya qilinadi”, – deyiladi diplomatik vakolatxona e’lonida.

Turkiyaning aksar hududlarida o‘tgan haftadan buyon kuchli qor yog‘moqda. Natijada yo‘llarda harakatlanish qiyinlashgan.

Mamlakat favqulodda holatlar idorasi axborotiga ko‘ra, ob-havo sharoiti tufayli Turkiya bo‘ylab 4600ga yaqin kishi yo‘llarda qolib ketgan, 6700dan ortiq kishi boshpanalarga joylashtirilgan. Zarurat tufayli minglab odamlarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan.

Istanbul meri Akrom Imamo‘glu Reuters bilan suhbatda kuchli qor harakatlanish bilan bog‘liq muammolar tug‘dirayotgan bo‘lsa-da, umuman olganda ijobiy hodisa ekanini qaytgan etgan. O‘tgan yili Turkiyadagi suv omborlarida suv hajmi bir necha yillik minimumlarga tushib ketgan edi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid