O‘zbekiston | 15:24 / 26.01.2022
7144
2 daqiqa o‘qiladi

Blekaut sabab bozorda mahsulotlar narxi oshib ketmaydi – Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Oziq-ovqatlar yetarli miqdorda zaxiralangan. Ular saqlanayotgan muzlatkichlar elektrda uzilish bo‘lgan paytda muqobil energiya bilan ishlay oladi.

Foto: KUN.UZ

Kecha, 25 yanvar kuni respublika bo‘yicha elektr energiyasi tizimida blekaut sodir bo‘lgani qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxi oshib ketishiga sabab bo‘lmaydi. Bu haqda Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasida Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shuhrat Mirzayev ma’lum qildi.

“Kechagi holatdan so‘ng qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxi keskin oshib ketishi mumkin emas. Xalqimizda ortiqcha vahima bo‘lmasligi kerakki, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetarli miqdorda zaxiralangan”, dedi Shuhrat Mirzayev.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, kartoshka yoki go‘sht mahsulotlari ham yetarli miqdorda keltirilib, omborxonalarda zaxira qilib qo‘yilgan. Bular hammasi bozorlarda narx barqarorligini saqlashga yordam beradi. Boshqa sabzavotlar, meva va tuxum ham yetarli darajada yetishtirilgan. Umumiy qilib aytganda, oziq-ovqat xavfsizligida muammo bo‘lmaydi, bozorlardagi narxlarga blekaut ta’sir qilmaydi.

“Kechagi elektr tokidagi uzilishlar sabab omborxonalarda, muzlatkichlarda turgan mahsulotlar nima bo‘ldi, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Respublikada 4,5 mingdan ortiq muzlatkichlar bor. Ularning deyarli hammasi zamonaviy tipda qurilgan, dizel generatorlari o‘rnatilgan. Agar elektr energiyasida uzilish bo‘lsa, muqobil energiya yordamida ishlay oladi. Kechagi holatda ham ular 1 kun-1,5 kun shu usulda ishladi.

3,4 mingdan ortiq issiqxonalar bor. Ular bilan viloyatlar kesimida ish tashkil qilindi. Ular bugun-erta alternativ energiyadan foydalanib turishsa, keyin yana gaz ta’minoti tiklanadi”, dedi Shuhrat Mirzayev. 

Mavzuga oid