Jamiyat | 12:49 / 01.02.2022
15208
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda IIB xodimlari «toshbo‘ron qilingani» aytilgan video yuzasidan izoh berildi

Andijonda IIB xodimlari uyushgan jinoiy to‘da tomonidan toshbo‘ron qilingani aytilgan video yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Baliqchi tumanida IIB xodimlari mahallaning «uyushgan jinoiy to‘daga aylangan fuqarolari» tomonidan toshbo‘ron qilingani aytilgan video tarqaldi. Videoda bir necha kishi uylardan biriga qarata tosh otayotgani, ichki ishlar xodimlari esa ularni tartibga chaqirayotganini ko‘rish mumkin. 

Baliqchi tumani IIB tumandagi «A’lam» MFY hududida yuz bergan holat bo‘yicha munosabat bildirdi. Ta’kidlanishicha, otilgan toshlar IIB xodimlari va boshqa mutasaddilarga tegmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, Baliqchi tumani «A’lam» MFY Idrok ko‘chasida yashovchi fuqaro B.A. tuman «Suvoqova»ga tegishli bo‘lgan suv qazib chiqarish hududini o‘z tomorqasiga noqonuniy ravishda qo‘shib olgan. U o‘sha hududni devor bilan o‘rab olgani sababli suv qudug‘i nosoz holga kelib qolsa, ta’mirlash uchun keluvchilar bu hududga o‘tishi muammoga aylangan. Shu bois, mahalla aholisi bilan ushbu oila o‘rtasida mojaro yuzaga kelgan. 

«Mazkur masala yuzasidan tuman hokimligi hamda IIB xodimlari tomonidan aholiga ushbu masala Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda hal etilishi tushuntirilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudida 28.05.2021 yil kuni bo‘lib o‘tgan sud jarayonida suv qudug‘i hududi mahallaga ajratib berilib, masala mahalla aholisi foydasiga hal etilgan. Ushbu noqonuniy qurilgan binoni buzish uchun sud tomonidan muddat belgilangan», deyiladi tuman IIB munosabatida.

Xabarda aytilishicha, MIB hamda tuman mutasaddi rahbarlari tomonidan ushbu qarorga asosan B.A.ga noqonuniy qurilishni buzish kerakligi tushuntirilgan. Bir necha bor ijro harakatlari olib borilgan, lekin sud qaroridagi joylarni bo‘shatib berishga ushbu oila qarshilik qilib kelgan.  

«2022 yil 28 yanvar kuni soat 16:00larda MIB xodimlari sud qaroriga asosan B.A. xonadoniga suv qudug‘i hududidagi noqonuniy qurilgan binoni buzish uchun ijroga borishgan vaqtlarida, B.A va uning o‘g‘li R.Sh., kelini Y.G. bilan mahalla aholisi o‘rtasida nizo kelib chiqqan. Nizo natijasida mahallada yashovchi bir necha fuqarolar tomonidan B.A.ning ko‘rsatgan qarshiligiga javoban uning uyiga tosh va g‘isht bo‘laklari otilgan. Toshlar u yerda bo‘lgan IIB xodimlari va boshqa mutasaddi tashkilot xodimlariga qaratilmagan. Holat u yerda bo‘lgan IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», deyiladi tuman IIB munosabatida.

Mavzuga oid