O‘zbekiston | 11:00 / 05.02.2022
6160
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi elektr ta’minotidagi uzilishlardan so‘ng faoliyati qayta tiklangan qurilmalar holatini o‘rganish maqsadida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida bo‘ldi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” joriy yilning 25 yanvar kuni Markaziy Osiyo elektr ta’minoti tizimidagi uzilish sababli texnologik qurilmalarida sodir bo‘lgan avariyaviy holatlar natijasida sodir bo‘lgan talafotlarni joyida o‘rganish maqsadida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida bo‘ldi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Boshqaruv raisi Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida joylashgan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida avariya oqibatida talafot yetgan barcha texnologik qurilmalarning hozirgi holatini mutaxassislar ishtirokida o‘rgandi.

Jumladan, majmuadagi mavjud piroliz pechlaridan ikkitasining radiant quvurlari yaroqsiz holatga kelganligi va ishdan chiqqan uglevodorodlarni gidrogenlash katalizatori holati bilan joyida tanishdi. Ta’kidlash kerakki, ushbu piroliz pechlarining yuqori haroratga chidamli maxsus radiant quvurlari majmuada etilen ishlab chiqarish sexining asosiy texnik resurslaridan hisoblanadi.

Ishlab chiqarish texnologik jarayonlarida yuzaga kelgan uzilishlarni bartaraf etish, yaroqsiz holatga kelgan quvur va kimyoviy reagentlarni tezkorlik bilan majmuaga yetkazib kelish, majmuada to‘laqonli faoliyat olib borilishini ta’minlash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyaviy holatlarning oldini olish, ishlab chiqarish jarayonini uzluksiz hamda talafotsiz davom ettirishni ta’minlash maqsadida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi rahbari Shuhrat Aslanov va mas’ul mutaxassislarga topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Boshqaruv raisi tomonidan texnologik jarayonlardagi mavjud muammolarga qaramay, ularni qisqa muddatda bartaraf etib, 2022 yilda bajarilishi belgilangan ko‘rsatkichlarning amalga oshirilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ishning sifatli tashkil etilishi hamda chora-tadbirlarning belgilangan muddatda bajarilishi uchun majmua direktori, o‘rinbosarlar va mutaxassislar bilan alohida muhokama o‘tkazilib, vazifalar belgilab berildi.

Zarar yetgan qurilmalar uchun zarur ehtiyot qismlarni keltirish, tezkor ta’mirlash ishlarini olib borish hamda mutaxassislarning ish jarayonini muntazam ravishda nazorat qilishlarini ta’minlash, majmua ishchi-xodimlarining ishlash sharoitini yanada yaxshilash, ularning malakasini oshirish borasidagi ishlarni muntazam tashkil qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Boshqaruv raisi majmuaga tashrifi davomida, qurilma, uskunalarni ta’mirlash ishlarining tizimli va o‘z vaqtida to‘g‘ri markazlashtirilgan holda tashkillashtirilganligi hamda ishchi-xodimlarning o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan yondashib mehnat qilayotganliklarini e’tirof etdi.

Eslatib o‘tamiz, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida o‘tgan yil davomida 4,174 milliard kub metr (rejaga nisbatan 100,4 foiz) tabiiy gaz xomashyosi chuqur qayta ishlandi. Natijada, 135,2 ming tonna (rejaga nisbatan 104 foiz) polietilen, 117,5 ming tonna (rejaga nisbatan 100,04 foiz) suyultirilgan gaz, 3,53 milliard kub metr (rejaga nisbatan 101 foiz) tovar gazi, 103,6 ming tonna (rejaga nisbatan 109 foiz) gaz kondensati, 1053 tonna (rejaga nisbatan 105,3 foiz) oltingugurt mahsulotlari ishlab chiqarildi. Eksport ko‘rsatkichlari esa, 5,599 million dollarni tashkil etdi va rejaga nisbatan 119,6 foizga bajarildi.

                                    “O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid