O‘zbekiston | 23:10 / 09.02.2022
50736
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chaga tashlab ketilgan chaqaloq: yangi tafsilotlar ochiqlandi

Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi SSV Nukusda ko‘chaga tashlab ketilgan chaqaloq voqeasi yuzasidan tezkor brifing o‘tkazdi. Unda IIV xodimlari va shifokorlar Kun.uz’ga yuz bergan holatning qo‘shimcha tafsilotlarini ochiqladi.

Yangi tug‘ilgan bolasini ko‘chaga tashlab ketgan onaga jinoyat ishi ochildi

Qoraqalpog‘iston IIV tergov boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari G‘ofurjon Saliyevning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 8 fevral kuni tungi soat 03:00da Nukus shahar tergov boshqarmasiga chaqaloq ko‘chaga tashlab ketilgani haqida xabar kelib tushgan.

G‘ofurjon Saliyev

Murojaatga asosan tezkor guruh voqea yuz bergan Bo‘ston ko‘chasi 72-uyga yetib borgan. Chindan ham yangi tug‘ilgan chaqaloq Bo‘ston ko‘chasidagi uylarning biri qarshisiga tashlab ketilganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan chaqaloqning onasiga Jinoyat kodeksining 117-moddasi 1-bo‘limi bilan jinoyat ishi ochilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

G‘ofurjon Saliyev chaqaloqning hayotini saqlab qolgan shifokorlardan bolakayning holati haqida surat va videolarni ijtimoiy tarmoqqa tarqatmaslikni so‘radi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu holat hamshira va shifokorlarning tegishli tartibda javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Chaqaloqning ahvoli og‘irligicha qolmoqda

Gulzar Qalimbetova

Respublika hududiy perinatal markazi direktori o‘rinbosari Gulzar Qalimbetovaning aytishicha, chaqaloq olib kelinishi bilan unga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Bolakay ko‘chada sovuqda qolib ketgani uchun gipotermiyaning og‘ir darajasi qayt etilgan.

"Hozirda chaqaloqning holati nisbatan yaxshilangan. Biroq tibbiy jihatdan og‘ir, dinamik turg‘unlashgan deb baholanmoqda. Bolaga o‘z onasining suti berilmoqda. Uning tana harorati 36,5 darajadan 37,5 daraja atrofida mo‘’tadillashgan. Chaqaloqqa barcha tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda", deydi Gulzar Qalimbetova.

Chaqaloqning onasi topildi. Fuqarolar shifokorlar ishiga xalaqit qilishmoqda

Gulsauir Tileubergenova

Respublika hududiy perinatal markazi direktori o‘rinbosari Gulsauir Tileubergenovaning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, IIV xodimlari tomonidan chaqaloqning onasi 8 fevral kuni soat 11:00 atrofida topilib, bola yoniga olib kelingan. Yosh ona kerakli barcha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Uning holati yaxshi va hozirda perinatal markazda bolasi bilan birga. Gulsauir Tileubergenovaning aytishicha, ikki kundan beri bir qancha shaxslar shifokorlar ishiga xalaqit qilmoqda.

"Chaqaloqqa yordam berish maqsadida perinatal markazga kelayotgan, telefon qilib yordamini taklif qilayotganlar ko‘payib ketdi. Shuni iltimos qilib murojaat qilmoqchimanki, ona va bola Qoraqalpog‘iston SSV tomonidan barcha kerakli buyum va dori-darmonlar bilan ta’minlangan", - deydi Respublika hududiy perinatal markazi direktori o‘rinbosari.

Shuhrat Saidahmadov, Kun.uz muxbiri

Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid