O‘zbekiston | 13:03 / 09.02.2022
33355
3 daqiqa o‘qiladi

Nukusda ko‘chaga tashlab ketilgan chaqaloq: tafsilotlar

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonda yangi tug‘ilgan chaqaloq ko‘chaga tashlab ketilgani haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz muxbiri holatni o‘rganish uchun voqea sodir bo‘lgan joyda bo‘lib, rasmiylardan izoh oldi.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan fuqarolarga ko‘ra, voqea 8 fevralga o‘tar kechasi tungi soat 03:00lar atrofida sodir bo‘lgan. Yangi tug‘ilgan chaqaloq tashlab ketilgan joyda birinchilardan bo‘lib qo‘shni bolalar ko‘rib qoladi va tez yordamga murojaat qiladi.

Shundan keyin hayot uchun kurashayotgan chaqaloqqa birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Guvohlarga ko‘ra, yangi tug‘ilgan chaqaloqning kindigi bog‘lanmagan bo‘lgan. Bu ishni chaqaloqning onasi qilgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Qoraqalpog‘iston filialida bo‘lib, mas’ullardan holat haqida ma’lumot olishga urindik.

Sall-markaz xodimlari chindan ham 8 fevral kuni tungi soat 02:00-03:00 atrofida markazga chaqaloqning ko‘chada qolgani haqida xabar kelib tushganini tasdiqladi. Murojaatga asosan Tez yordam xizmatchilari 7 daqiqa ichida voqea joyiga yetib borib, hali kindigi ham kesilmagan chaqaloqqa birinchi yordam ko‘rsatgan. Shundan so‘ng chaqaloq Hududiy perinatal markaziga yetkazilgan. Chaqaloqqa tez yordam feldsheri Ikram Jumaniyazov birinchi yordamni ko‘rsatgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Akmal Asqarov bolakayning umumiy holati haqida ma’lumot berdi. Uning aytishicha, chaqaloq topilganida tana harorati 34 gradus atrofida bo‘lgan. Vazir o‘rinbosari biz bilan muloqot qilayotganda uning tana harorati 36 gradusga ko‘tarilayotgani ma’lum bo‘ldi. Lekin shunga qaramasdan norasida go‘dakning ahvoli og‘irligi aytildi.

"Bolakay kuchli. U kurashyapti. Ko‘chada qolganida ham kurashgan, bechora. Boshi va oyoq qismiga tosh qo‘yilgan ekan. Bir kunlik go‘dak toshlardan chiqishga uringan", deydi Akmal Asqarov.

Voqea sabablari hozircha noma’lum. Qoraqalpog‘iston IIV matbuot kotibi vaziyat to‘liq o‘rganib chiqilgach, batafsil ma’lumot berilishini ma’lum qildi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, chaqaloqning onasi ma’lum — u talaba. Asli taxtako‘pirlik qiz bir necha kun oldin oliygohdagi o‘quv jarayonlarini davom ettirish uchun Nukusga kelgan. Ayni damda ona chaqalog‘ining yonida bo‘lib turibdi.

Respublika prokuraturasi holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 117-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Qoraqalpog‘iston SSVning xabar berishicha, bolakayga yordam berish uchun barcha sharoitlar yaratilgan va dori-darmonlar bilan to‘liq ta’minlangan. Maqola e’lon qilinishiga yaqin chaqaloqning sog‘ligi og‘ir ahvoldan qanoatlanarli holatga o‘tgani ma’lum qilindi.

Shuhrat Saidahmadov, Kun.uz muxbiri

Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid