O‘zbekiston | 13:57 / 11.02.2022
4842
4 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l harakati vositalari sohasidagi korxonalar hokimliklardan YHXBlarga o‘tkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda yo‘llar holati va infratuzilmasi ko‘p hollarda yo‘l harakatidagi muammolar, qoidabuzarliklar va avariyalarga sabab bo‘layotgani qayd etildi.

Jumladan, transport serqatnov bo‘lgan 2 mingdan ortiq chorraha va 9,5 mingta piyoda o‘tish joylari svetofor yoki boshqa vositalar bilan jihozlanmagan. Aholi punktlari uchun 15 ming kilometrga yaqin piyoda va veloyo‘laklar yetishmaydi.

"Kecha Samarqand shahridagi 59-sonli ko‘zi ojizlar maxsus maktabida ovozli maxsus svetoforlar o‘rnatilganini ko‘rdim. Bunday tajribani barcha hududlarda joriy etishimiz shart. Shu bois 2021 yilda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, svetofor, belgilar bo‘yicha aholidan 10 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan", dedi davlat rahbari.

Ayniqsa, Toshkent shahri, Buxoro, Qashqadaryo Samarqand, Sirdaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarida bu muammo dolzarb bo‘lib, piyoda ishtirokidagi avariyalar qolgan hududlardan yuqori.

Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Namangan, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida eng ko‘p avariyalar sodir bo‘layotgan 2,2 ming kilometr xalqaro yo‘llar qarama-qarshi yo‘nalishlarni ajratuvchi to‘siq bilan jihozlanmagani ta’kidlandi.

Shuningdek, yo‘llardagi mavjud 400 mingta yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlarining yarmi talabga javob bermaydi. Misol uchun, birgina Toshkent shahrida 15 mingta yo‘l belgilari yetishmaydi, 22 mingtasini yangilash talab etiladi. Respublika bo‘yicha yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlarini ishlab chiqaradigan 1 dona korxona (“Avtoyo‘l”ga qarashli “Avtoyo‘l belgi” korxonasi) mavjud bo‘lib, uning quvvatlari ehtiyojning 20 foizini ham qoplamaydi.

Har bir viloyat hokimligida 1 tadan yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlari, svetoforlar o‘rnatish, yo‘l chiziqlari chizishga mas’ul korxona bo‘lgani bilan ularning 80 foiz texnikasi eskirgan yoki yaroqsiz holda.

“Qaysi viloyat hokimi yoki ichki ishlar boshlig‘i ushbu korxonalarga borib, ularning muammolari bilan qiziqqan? Afsuski, hech kim”, dedi prezident yig‘ilishda.

Respublika bo‘yicha mavjud 3 mingga yaqin chorrahada svetoforlarning “yagona egasi” yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, Toshkent shahrida Katta va Kichik halqa yo‘llari – “Avtoyo‘l”ga, poytaxt ichidagi 74 ta markaziy ko‘cha – shahar obodonlashtirishga, 5,2 mingta ko‘cha – tuman hokimliklariga, mahallalar, ko‘p qavatli uylar hududidagi yo‘llar shirkatlarga qaraydi.

Endi viloyat va tuman markazlaridagi yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlari, svetoforlar, yoritkichlar o‘rnatish, yo‘l chiziqlar chizish, piyoda o‘tish joylarini belgilash, umuman yo‘l harakati vositalarini tartibga solishga Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi mas’ul bo‘ladi. 

Sohadagi korxonalar hokimliklardan hududiy YHXBlarga o‘tkaziladi. O‘tkazishdan oldin viloyat hokimlariga korxonalarni texnika bilan ta’minlash topshirildi. 2023 yil yakuniga qadar ushbu xizmatlar uchun autsorsingga ham yo‘l ochiladi, raqobat bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid