O‘zbekiston | 11:37 / 15.02.2022
3785
2 daqiqa o‘qiladi

«Skolkovo» O‘zbekistonda qo‘shma ta’lim ekotizimini ishga tushiradi

Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umrzoqov “Skolkovo” Moskva boshqaruv maktabi rektori Yu.Levin bilan uchrashdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Muloqotda boshqaruv kadrlarining kasbiy tayyorgarligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish uchun O‘zbekistonda qo‘shma ta’lim ekotizimini yaratish tashabbusiga to‘xtalib o‘tildi.

Ushbu ta’lim ekotizimining joriy etilishi nafaqat davlat tuzilmalari kadrlarini, balki xususiy biznesning top-menejyerlarini tayyorlashga qaratilgani sababli, tomonlar O‘zbekiston ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini biznesni boshqarish sohasida o‘qitishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini ham ko‘rib chiqdi.

Mahalliy bozor sharoitlarini hisobga olgan holda loyiha ko‘zlagan maqsadlarga erishishni ta’minlashni nazarda tutib, guruhlarda o‘qitishning faol usuli amaliyotidan foydalanib O‘zbekiston ishbilarmon doiralari vakillari uchun o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikning dolzarbligi qayd etildi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida ixtisoslashtirilgan “O‘quv markazi”ni tashkil etishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi. Uni yaratishdan maqsad turli darajadagi xodimlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, so‘ngra ularning kasbiy faoliyati samaradorligini nazorat qilish bilan tashqi savdo va investitsiya faoliyati bo‘yicha mutaxassislarning malakasini oshirishdir. 

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha xalqaro iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va tashqi savdo bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum tasdiqlandi. Hujjat maktab rektori Yu.Levin va O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari H.Teshabayev tomonidan imzolandi.

Hujjat shartlariga ko‘ra, “Skolkovo” davlat muassasalari, shuningdek, O‘zbekiston davlat va xususiy kompaniyalari xodimlarining malakasini oshirish loyihalarining hamkori sifatida faoliyat yuritadi. Joylarga chiqib amaliyotlarni o‘tkazish, maxsus o‘quv modullarini yaratish va tajriba almashish tadbirlarini tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid