Rossiyalik harbiylar mashg‘ulotlarni yakunlab, Qrimni tark etdi
Rossiya mudofaa vazirligi Qrimdagi harbiy mashg‘ulotlar yakunlanganini e’lon qildi.
Janubiy harbiy okrug bo‘linmalari Qrim yarimorolidagi poligonda o‘tkazilgan taktik o‘quv mashg‘ulotlarini yakunlab, hududni tark etgan. Bu haqda mudofaa vazirligidagi manbaga asoslanib, «Interfaks» xabar berdi.
Harbiy xizmatchilar va harbiy texnika, jumladan piyodalarning jangovar mashinalari va artilleriya qurilmalari temir yo‘l orqali doimiy joylashuv punktlariga qaytarilmoqda. Harbiylar ma’lumotiga ko‘ra, askarlar Qrim ko‘prigi orqali Kerch bo‘g‘ozidan o‘tib bo‘lishgan.
Mashg‘ulotlar yakunlanishidan oldin «Uragan» va «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari Kerchdan 40 kilometr masofadagi Opuk poligonida jangovar o‘t ochgan. Vazirlik mashg‘ulotlar videosini e’lon qilgan.
15 fevral kuni mudofaa vazirligi G‘arbiy va Janubiy harbiy okruglar mashg‘ulotlardan keyin harbiy garnizonlarga qaytishga hozirlik ko‘rayotganini ma’lum qilgandi. Vazirlik qaysi hududlardagi harbiylar ortga qaytarilishiga aniqlik kiritmagandi. Qayd etilishicha, boshqa harbiy okruglar, flotlar va harbiy-havo kuchlari bo‘linmalari mashg‘ulotlarni davom ettiradi.
Conflict Intelligence Team (CIT) surishtiruv guruhi 13 fevral kuni kechqurun holatiga ko‘ra Qora dengizda 11ta katta desant kemalaridan iborat guruh turgani haqida xabar bergandi. Bundan tashqari, Qora dengiz va O‘rta Yer dengizida uchta kreyserdan iborat zarbdor guruh turganini ma’lum qilgandi.
CIT surishtiruv guruhi asoschisi Ruslan Leviyev 6 fevral kuni «Dojd» telekanaliga bergan intervyusida Qrimdagi Opuk poligonida «qodirovchilar»ni — Rossiya gvardiyasi tarkibiga kiruvchi va doimiy manzili Grozniyda bo‘lgan «Sever» polkini payqagani haqida aytgandi. Hozircha bu bo‘linma ham Grozniyga qaytgani haqida ma’lumot yo‘q.
- G‘arb davlatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Ukraina chegarasi yaqiniga 100 mingdan 150 minggacha boruvchi harbiylarini olib kelgan. Rossiya buni harbiy mashg‘ulotlar bilan izohlagan, G‘arb davlatlari esa Ukrainaga bosqin bo‘lishi mumkinligidan xavfsiramoqda. Rossiya hukumati hech kimga hujum qilmoqchi emasligini aytib keladi.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024