16:51 / 16.02.2022
68219

Kreml Baydenning rossiyaliklarga murojaatiga javob qaytardi

Avvalroq Bayden rossiyaliklarga murojaat bilan chiqib, AQSh, NATO yoki Ukrainadan qo‘rqishi kerak emasligini aytgan, Rossiya va Ukraina xalqlari umumiy tarixga egaligi va o‘zaro «qonli» urushga kirishmasligi kerakligini qayd etgandi.

Foto: Alex Wong / Getty Images

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSh prezidenti Jo Bayden rossiyaliklarga emas, ukrainaliklarga murojaat qilib, ularni tinchlikka chaqirishi to‘g‘riroq bo‘lishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Baydenning murojaatida tanqid qilgulik jihat yo‘q va AQSh prezidenti Rossiya xalqi haqidagi fikrlari, «balki, <...>  katta taassurot qoldirishi kerak».

«Agar biz tahdidlarsiz murojaatni eshitganimizda, uning chiqishi rus xalqiga, ehtimol, yanada ko‘proq manzur bo‘lardi. Agar AQSh prezidenti rossiyaliklarga emas, ukrainaliklarga murojaat qilib, ularni hech qachon bir-biriga o‘t ochmaslikka chaqirganida bundan ham yaxshiroq bo‘lardi», deya Peskovning so‘zlarini keltiradi RBK muxbiri.

15 fevral kuni kechqurun (Toshkent vaqti bilan 16 fevralga o‘tar kechasi soat 00:30) Bayden rossiyaliklarga murojaat qildi. Bu Ukraina sharqida davom etayotgan eskalatsiya fonida bo‘ldi: so‘nggi haftalarda G‘arbdagi ko‘plab nashrlar va siyosatchilar Rossiyaning Ukrainaga hujumi yaqinlashib kelayotgani haqida bong urishdi.

Bayden o‘z murojaatida AQSh, NATO va Ukraina Rossiyaga tahdid solmasligi va mamlakatda beqarorlik keltirib chiqarmoqchi emasligini aytgandi. «Rossiya fuqarolariga murojaat qilmoqchiman: siz bizga dushman emassiz. Va men sizlardan kimdir Ukrainaga qarshi qonli va vayronkor urushni istashiga ishonmayman», — degandi prezident.

Shu bilan birga u Rossiya qo‘shni davlatlarni tarixiy rishtalar bog‘lab tursa-da, Ukraina chegarasiga 150 mingdan ortiq qo‘shin olib kelgani, bosqin xavfi yo‘qolmaganini qayd etgan. U shuningdek AQSh Ukrainaga raketalar joylashtirmagani va rossiyalik harbiylar chegaradan olib ketilayotgani fakt emasligi va bu xabarlar tekshirilishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq OAVda AQSh prezidenti Yevropadagi hamkorlarini Rossiyaning Ukrainaga bosqini 16 fevral kuni boshlanishi mumkinligidan ogohlantirgani yozilgandi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa OAV vakillaridan mintaqadagi vaziyatni yoritishda ehtiyotkorlik bilan yondashishga va «ertagayoq urush bo‘lishi» haqida bong urmaslikka chaqirgandi. Yanvar oyi oxirida CNN Ukraina va AQSh prezidentlari Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy hujumi masalasida ziddiyatga borgani haqida xabar tarqatgan. Telekanal manbalari ma’lumotiga ko‘ra, Zelenskiy Vashingtonning bu vaziyatga haddan tashqari ko‘p e’tibor qaratishidan bezor bo‘lgan - chunki bu xabarlar mamlakat ichida vahima uyg‘otgan.

Rossiyadagilar bosqinga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi xabarlarni bir necha bor rad etishgan. Peskov so‘nggi xabarlarni «keskinlikni kuchaytirishga qaratilgan bemisl kampaniya» deb atadi va Vladimir Putin hatto bu borada hazil qilganini aytdi: «Soatigacha aniq e’lon qilishmadimi deb so‘radi».

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top